BBC navigation

Isroil falastinliklarga pul o‘tkazishni to‘xtatmoqchi

Сўнгги янгиланиш 3 декабр 2012 - 11:49 GMT

Isroil moliya vaziri aytishicha, Isroil tomonidan Falastin uchun yig‘ilgan soliq to‘lovlari Falastinga o‘tkazilmaydi.

Buning sababi BMTda falastinliklar maqomi ko‘tarilganidir. Yuval Steynts so‘zlariga ko‘ra, aksincha bu mablag‘ Falastin rasmiylarining Isroil elektr shirkati oldidagi qarzini uzishga yo‘naltiriladi.

Falastin byudjetining katta qismini tashkil qiladigan va o‘n minglab davlat xizmatchilariga zarur bo‘lgan mablag‘ Isroilning o‘ziga sarflanadi.

Ikki kun oldin BMT Bosh Assambleyasida Falastinning maqomi kuzatuvchi davlat darajasiga oshirilgan, bu Isroil va AQShning qattiq qarshiligi va g‘azabiga sabab bo‘lgandi.

Falastinning maqomidan so‘ng Isroil Sharqiy Quddusda yahudiy maskanlarini kengaytirishga qaror qilgan.

Isroil hukumati BMTning Falastinga bergan maqomiga nisbatan "o‘z vaqtida va ta‘sirli" javob qaytarishini ma‘lum qiladi.

Mahmud Abbosning g‘olibona qaytishi

Ramallada tantanalarni davom ettirayotgan odamlar Falastin muxtoriyati rahbarini qahramonlardek kutib olishgan. Xalqi oldida chiqish qilgan Mahmud Abbos "falastinliklarning endi davlati bor"ligini ta‘kidlagan.

Minglab tarafdorlariga murojaat qilgan Mahmud Abbos bosib o‘tilgan yo‘l uzoq va qiyin bo‘lsada, falastinliklar o‘zlarining maqsadlarida sobit bo‘lganliklari uchun g‘alaba qozondilar deb aytgan.

Uning aytishicha, Falastin BMTning tarixiy tan olishiga erishdi. "Dunyo Falastin davlati, Falastin ozodligi, Falastin mustaqilligiga "ha" deb javob qaytardi, shafqatsizlik, bosqinchilikka emas", degan maydondagi odamlar quvonchiga sherik Falastin rahbari.

BMTning bu qarori falastinliklarga Bosh Assambleya muzokaralarida qatnashishga imkon beradi, BMTning turli tashkilotlariga tomon, shuningdek Xalqaro jinoyat mahkamasiga murojaat qilishga yo‘l ochadi.

Isroil esa BMTdagi ovoz berishni "zararli siyosiy teatr" deb baholab, "tinchlikka g‘ov bo‘lishi"ni iddao qilgan.

Isroilning "ta‘sirli javobi"

Ovoz berishdan bir kun o‘tib Isroil vazirlari Sharqiy Quddus va Iordaniyaning G‘arbiy qirg‘og‘ida yahudiylar maskanlarini kengaytirishni ko‘zlagan uch mingta yangi uy qurilishiga buyruq bergan.

Isroilning bu harakati falastinliklarning noroziliklarini keltirib chiqardi. Ularga ko‘ra, yangi quriladigan uylar Falastinning chegara va davlat mustaqilligiga imkon bermaslik uchun qilinmoqda.

Falastin hukumati ham yahudiy turar-joylari qurilishi loyihasi muzlatilmasa, tinch muzokaralarga qaytmasliklarini bildirdi.

Isroil esa loyihaga qo‘shimcha yana 1000 ta uy qurilishini ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qiladi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.