BBC navigation

O‘zbekiston: Senat amnistiya e‘lon qilishi kutilmoqda

Сўнгги янгиланиш 3 декабр 2012 - 14:54 GMT

Amnistiyaning siyosiy mahbuslarga nisbatan qo‘llanish ehtimoli kam

O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi - Senat mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 20 yilligi munosabati bilan amnistiya e‘lon qilishi kutilmoqda.

Hukumatga yaqin Podrobno.uz saytining xabar berishicha, amnistiya haqidagi qaror loyihasi Senatning 5 dekabr kuni ochiladigan yalpi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan.

Senat majlisining avvalroq e‘lon qilingan rasmiy kun tartibida amnistiya masalasi qayd etilmagan, faqat Senat vakolatiga kiradigan "boshqa masalalar"ning ham ko‘rib chiqilishi bildirilgandi.

Senat Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqovaning BBCga aytishicha, hozircha Senatning nihoiy kun tartibi tasdiqlanmagan.

Ortiqova xonim amnistiya to‘g‘risidagi qaror loyihasi xali yo‘qligini aytdi, ammo umuman, Senat Konstitutsiyaning 20 yilligi munosabati bilan amnistiya e‘lon qilishi ehtimolini istisno qilgani yo‘q.

Uning aytishicha, seshanba kuni Senat Kengashining majlisi bo‘ladi va unda qo‘shimcha masalalar kiritilishi mumkin.

"Bunday qaror eng so‘nggi daqiqada ham kiritilishi mumkin", - deb aytdi Ortiqova xonim BBC bilan suhbatda.

Katta amnistiya?

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 20 yillik sanasiga yirik amnistiya e‘lon qilinishi haqidagi xabarlar ancha avval paydo bo‘lgan.

Xususan, diniy-siyosiy ayblar bilan qamalgan mahbuslarning oilalari avfdan umid qilishayotganini aytishgan.

Mustaqil inson huquqlari faoli Surat Ikromovning aytishicha, shu kunlarda toshkentlik advokatlardan biri ham Konstitutsiya kuni arafasida amnistiya e‘lon qilinishi haqida gapirgan.

Huquq faolining o‘zi ehtimoliy amnistiyaning siyosiy mahbuslarga nisbatan qo‘llanishiga shubha qiladi.

"Hukumatning 'qora ro‘yxati'da bo‘lgan mahbuslarga nisbatan qo‘llanmasligi hozirdan ma‘lum. Chunki ularning jazo muddatlari uzaytirib qo‘yilayapti. Masalan, ishbilarmon Rustam Usmonov 65 yoshga kirgan bo‘lishiga qaramay, unga 5 yil qo‘shib berishdi", - deydi Surat Ikromov.

Bu yil mustaqillik kuni munosabati bilan amnistiya e‘lon qilinmagani ham Konstitutsiya kuniga "yirik amnistiya" rejalanayotgani haqidagi gap-so‘zlarni kuchaytirgan.

Ammo O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi nishonlangan o‘tgan yili bu kabi umidlar o‘zini oqlamagandi.

O‘zbekiston tarixida siyosiy mahbuslarga nisbatan amnistiya ommaviy ravishda faqat bir marta, 2003 yilda qo‘llanilgan.

O‘shanda 3000 mahbus, jumladan, 391 nafar diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlar ozodlikka chiqarilgandi.

Inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekistonda siyosiy ayblar bilan qamalganlar soni bir necha mingni tashkil etadi, deb ishonadilar.

O‘zbek rasmiylari mamlakatda siyosiy mahbuslar mavjudligini rad etishadi.

"Bizning milliy qonunchiligimizda siyosiy mahbus tushunchasi yo‘q, shuning uchun siyosiy mahbuslar ham yo‘q", - deydi Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.