BBC navigation

Gulnora Karimova mashhurlik bobida otasidan ham o‘zib ketdi

Сўнгги янгиланиш 4 декабр 2012 - 14:39 GMT

Gulnora Karimova O‘zbekistonda siyosatchi, shoira, qo‘shiqchi, dizayner va zargar sifatida tanilgan

Gulnora Karimovaning mashhurligi otasi, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovnikidan ham o‘zib ketgan.

Bu haqda o‘zbekistonlik siyosatchilar reytingi bo‘yicha monitoring o‘tkazgan "Birjevoy Lider" jurnali e‘lon qilgan.

"Birjevoy Lider"ning reytingi Rossiyadagi "Yandex" internet qidiruv tizimida internet foydalanuvchilari tomonidan qidirib ko‘rilgan so‘zlar va "Yandex"dagi yangiliklarda biror bir nomning paydo bo‘lishi asosida tuzilgan.

BBC o‘zbek siyosatchilari reytingi qanday tuzilganini bilish uchun "Birjevoy Lider" muharriri Vyacheslav Zubenkoga bog‘landi.

"Biz faqat totalitar davlatning ishlash mexanizmidan kelib chiqib, gapirayapmiz. O‘zbekistonga o‘xshagan davlatda hech narsa tasodifan, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. "

Vyacheslav Zubenko

Vyacheslav Zubenko: Biz turli davlatlardagi siyosatchilarning reytinglarini o‘rganamiz. Bu kabi tadqiqotlarning maqsadi turli davlatlarda turlicha bo‘ladi. Eron, Shimoliy Koreya va O‘zbekistonga o‘xshagan davlatlarda siyosatchilarning mashhurligi borasida qat‘iy bir qoida amal qiladi. Bu - prezident yoki millatning otasi hamma vaqt mashhurlik bo‘yicha birinchi o‘rinda turishi kerak, degan qoida. O‘zbekiston misolida bizni hayratga solgan narsa - Gulnora Karimovaning prezident, ya‘ni bu o‘rinda otasidan ham o‘zib ketgani bo‘ldi. Ya‘ni Gulnora Karimovaning nomi rusiyzabon internetda oxirgi bir oyda Prezident Karimovning nomidan ham ko‘proq tilga olingan. Bizning reytingimiz ikki me‘zon asosiga qurilgan: birinchisi- "Yandex" qidiruv xizmatiga qanchalik ko‘p so‘rov berilgani, ikkinchisi esa, "Yandex" yangiliklarida o‘sha nomning qanchalik ko‘p tilga olingani. Axborot vositalarida nomining tilga olinishi bo‘yicha Prezident Karimov birinchi. Sababi aniq, bu rasmiy uchrashuvlar, tashriflar va hokazo. Ammo internetdan foydalanuvchilar orasida uning qizi Gulnora Karimova mashhurroq.

BBC: Sizningcha, bu tasodifmi yoki muhimroq tendentsiyaning bir qismimi?

Vyacheslav Zubenko: Bu yerda misli ko‘rilmagan bir holatga guvoh bo‘layapmiz. Agar Gulnora Karimovaning birinchiligini hisobga olmasangiz, qolgan hamma narsa boshqa barcha totalitar davlatlardagidek. Masalan, bosh vazir - Mirziyoyevning reytingini oling. U - uchinchi o‘rinda. Uning nomiga Prezident Karimovga nisbatan o‘n ikki marta kamroq so‘rov berilgan. Axborot vositalarida nomining tilga olinishi bo‘yicha esa Mirziyoyev Prezident Karimovdan yuz marta orqada. Bu normal, totalitar davlatda xuddi shunday bo‘lishi kerak. Biz bu yerda demokratiya yoki so‘z erkinligini muhokama qilayotganimiz yo‘q. Biz faqat totalitar davlatning ishlash mexanizmidan kelib chiqib, gapirayapmiz. O‘zbekistonga o‘xshagan davlatda hech narsa tasodifan, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Bularning hammasi puxta o‘ylab qilinayotgan pi-ar kampaniyaning bir qismidir. Men siyosiy texnologiyalardan yaxshi xabardor mutaxassi sifatida sizga shuni aytishim mumkinki, Gulnora Karimovaning piar xizmati juda ham yaxshi ishlayapti. Ular juda kam material e‘lon qilishadi, o‘sha suratlar yoki kliplar, deylik, ammo bu materiallar bir onda internetdagi asosiy voqeaga aylanib ulguradi.

"Hozir o‘ziga xos "raskrutka" ketayapti va bu "raskrutka" Karimova xonim otasining o‘rnini egallashi mumkin, degan xabarlar manzarasida sodir bo‘lmoqda. Bu juda muhim. "

Vyacheslav Zubenko

BBC: Ammo Gulnora Karimovani "siyosatchi", deb atash qanchalik to‘g‘ri. U hukumatda rasman hech qanday lavozimni egallamaydi va uning tadbirlari asosan madaniy tadbirlar emasmi?

Vyacheslav Zubenko: MDH davlatlari misolida biz kuzatgan narsa shuki, u yoki bu shaxsiyat, deylik madaniy arbob, internetda mashhur bo‘lib borgani sayin, albatta, siyosatchiga aylanadi. Ehtimol, sobiq Sovet davlatlarining g‘arbdan farqi shundadir. G‘arbda qo‘shiqchi, bu -qo‘shiqchi, aktyor, bu-aktyor, boshqa narsa emas. Ammo O‘zbekistonda qo‘shiqchi, bu ko‘proq narsa. Ayniqsa, bu qo‘shiqchi prezidentning qizi bo‘lsa. Gulnora Karimovaning "Twitter"da paydo bo‘lgan ochiq suratlari yoki boshqa foto, videolavhalar, bularning birontasi ham tasodifiy emas. Hozir o‘ziga xos "raskrutka" ketayapti va bu "raskrutka" Karimova xonim otasining o‘rnini egallashi mumkin, degan xabarlar manzarasida sodir bo‘lmoqda. Bu juda muhim.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.