BBC navigation

Bojxona Ittifoqiga tashqi savdoda kim ko‘p to‘siq qo‘ymoqda?

Сўнгги янгиланиш 5 декабр 2012 - 14:49 GMT

O‘zbek-Qozoq chegarasidan ko‘p tovar va mahsulotlar o‘tadi.

Ovro‘osiyo iqtisodiy komissiyasi Bojxona ittifoqiga tashqi savdoda muammo yaratayotgan davlatlarning reytingini tuzib chiqqan. Ushbu reytingda AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va Ukrainadan keyin O‘zbekiston uchinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekiston Bojxona ittifoqi bilan savdoda Ukrainadan bitta kam 15 kategoriya bo‘yicha cheklovlar joriy qilgan. Ayrim iqtisodchilar iqtisodchilar O‘zbekiston bu yo‘l bilan o‘z ichki bozorini himoya qilishini bildirgan. Ammo cheklovlarni olib tashlash tarafdorlari esa - bu O‘zbekistonda narx navolarning tushishiga olib kelishi mumkinligini aytishadi.

Ovro‘osiyo iqtisodiy komissiyasi tuzib chiqqan reytingda Bojxona Ittifoqi bilan savdoda sun‘iy to‘siqlar yaratgan davlat va ittifoqlar ro‘yxati keltirilgan.

Ilk o‘rinni AQSh va Ovro‘po Ittifoqi bilan cheklovlar egallagan va ular umumiy cheklovlarning 62 foizini tashkil qilgan.

Undan keyingi o‘rinlarni esa Bojxona ittifoqi bilan qo‘shni bo‘lgan Ukraina va O‘zbekiston egallagan.

Ukraina kiritgan cheklovlar 16 ta kategoriyaga bo‘lingan, O‘zbekiston esa 15 toifa bo‘yicha cheklovlar joriy qilgan.

Ammo reytingni ishlab chiqqanlar O‘zbekiston umumiy cheklovlar borasida Ukrainadan ortda qolmasligini va Bojxona Ittifoqiga yaxshigina bosh og‘riq bo‘lishi mumkinligini e‘tirof etishadi.

Ovro‘osiyo iqtisodiy komissiyasi savdo vaziri yordamchisi Yuriy Armand O‘zbekiston 400 xil tovarga aktsiz solig‘i kiritganini bildirdi.

"Bu yerda iqtisodiy zararidan kelib chiqib baholash kerak. Chunki aktsiz solig‘i solingan 400 pozitsiya bor. Bularning hammasini bir xil toifaga kiritib, bitta deb ham hisoblash mumkin, ammo 400 toifa desa ham xato qilmaysiz. Ushbu holatda, biz uni bitta toifa deb qabul qildik. Ammo biz ushbu cheklovlarning ahamiyatini juda yaxshi tushunamiz. Chunki ushbu cheklovlar savdoga juda qattiq ta‘sir qiladi. Cheklovlar muhim bo‘lgan un, don maxsulotlari,, shakar kabi tovarlarga qo‘yilgan", - deydi Yuriy Armand.

O‘zbekiston Bojxona Ittifoqidan kirib keladigan sut mahsulotlariga 70 foizlik, kolbasa mahsulotlariga esa 30 foizlik aktsiz solig‘i joriy qilgan.

Komissiya kelgusi yili ushbu davlatlar tomonidan qancha zarar kelayotganini aniqlab chiqadi. Ammo ayni damda Ukraina bilan savdodagi to‘siqlar tufayli taxminan 200 million AQSh dollari zarar kelayotgani ma‘lum qilingan.

Bojxona Ittifoqi Belarus, Qozog‘iston va Rossiya davlatlari o‘rtasida tuzilgan va ayni damda ushbu davlatlar orasida tovar aylanmasi bojxona nazorati va to‘lovlarisiz amalga oshiriladi.

Qozog‘istondagi internet foydalanuvchilari O‘zbekistonning ushbu siyotini ichki bozorni va ishlab chiqarishni himoyalash deya olqishlagan.

Biroq "Mashvarat-Maslahat" konsalting kompaniyasi rahbari, iqtisodchi Anvar Husainovga ko‘ra chetdan kelayotgan maxsulotlarga qo‘shimcha soliq solinishi ichki bozorda narx-navo ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘layapti.

"O‘zining ishlab chiqarishini qo‘llayotgan bo‘lishi mumkin, lekin xalqqa og‘irlik qilayapti. Masalan ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning narxi nihoyatda qimmat. Chunki avtomobil savdosi monopoliyaga aylandi. Tashqaridan mashina kirib kelmaganidan keyin, "Neksiya", "Malubi"larning narxi cheksiz oshib borayapti. Ular o‘sha narxlarga yarasha sifatga ega emas", - deydi Anvar Husainov.

Iqtisodchi Jahongir Shosalimov, chetdan qarayotganlar uchun O‘zbekiston turli cheklovlar orqali o‘z ichki ishlab chiqarishini himoya qilayotgandek ko‘rinishi mumkin, ammo real hayotda holat bunday emas, deydi.

"O‘zbekiston sharoitida narx navolarning o‘sib ketishi ishlab chiqarishga turtki berayotganini ko‘rayotganimiz yo‘q. Faqat chetdan mardikorlar yuborayotgan pullar hisobiga iste‘molchi bo‘lib qolayapmiz. Cheklovlar O‘zbekistonda hattoki un mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa tovarlarni ishlab chiqarishning rivojlanishiga turtki bo‘lmayapti", - deydi Jahongir Shosalimov.

Iqtisodchiga ko‘ra savdo-sotiqdagi cheklovlardan birinchi navbatda O‘zbekistondagi oddiy xalq zarar ko‘rmoqda.

Jahongir Shosalimov O‘zbekiston bir kuni kelib Bojxona ittifoqiga qo‘shilishdan manfaatdor ekanligini ta‘kidlaydi.

"O‘zbekiston hukumati Bojxona Ittifoqiga qachonlardir kiradi. Kirmasdan iloji yo‘q. Agar Bojxona Ittifoqiga kirsa, O‘zbekistonda narx-navo 2 barobar arzonlashadi. Rossiya va Qozog‘istondan kelayotgan mollarga aktsiz solig‘i olib tashlansa, narxlar keskin tushib ketadi", - deydi Jahongir Shosalimov.

Ammo o‘zbek so‘mini ayirboshlashdagi to‘siq va muammolar O‘zbekistonning bu kabi ittifoqlarga kirishiga to‘sqinlik qilishi taxmin qilinadi.

Iqtisodchi Jahongir Shosalimov O‘zbekistonga Qozog‘iston va Rossiyadan tovarlar muammosiz kirib kelsa, hukumat so‘mning qadri yanada tushib ketishidan xavotirlanishini aytadi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.