BBC navigation

Amir Temur nogiron edimi?

Сўнгги янгиланиш 6 декабр 2012 - 15:42 GMT

Amir Temurni forslar oyog‘idagi nuqsoniga ishora bilan "Temurlang" deb atashgan.

Shu asno G‘arbda ham u "Tamberleyn", ya‘ni "Oqsoq Temur" nomi bilan tanilgan.

Shaksiz, ko‘plab o‘zbeklar nazarida bu ibora haqoratomo‘z yangraydi. Lekin, bugungi gap boshqa yoqda.

Qanday qilib jismoniy kuch-qudrat va mukammalik ko‘p narsani belgilagan 14-asrda Amir Temur o‘rtahol tabaqadan sohibqiron darajasiga ko‘tarilgan? "Temurlang - Islom qilichi, Dunyo sohibqironi" kitobi muallifi Jastin Marozzi ana shu savolga javob izlagan:

Kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo‘lgan biron kishidan: "Buyuk sohibqironlarni nomlang", deya so‘rasangiz, albatta, Chingizxonu, Iskandar Zulqarnaynlar qatorida Temurlangni ham tilga oladi.

Kelib chiqishi quyiroq tabaqadan, tomirida xonlar qoni bo‘lmagan Temurning shon-shuhrati ba‘zan Iskandarnikidan oshib tushadi.

Va Chingizxonnikidan farqli o‘laroq uning armiyasi oyog‘i Samarqanddan tortib Sibirgacha, Armanistondan Afg‘onistongacha yetardi. 1402 yilda u usmonli turk sultoni Boyazid I bilan ham to‘qnashgandi.

Temurning nafaqat kelib chiqishi bilan bog‘liq muammosi, balki jismoniy nuqsoni ham bor edi: uning bir oyog‘i oqsardi.

Qudratni qo‘lda ushlab turish uchun harbiy malaka muhim bo‘lgan o‘sha davrlarda jismoniy nuqs ham katta to‘siq bo‘lishi mumkin edi.

Tarixiy manbalar Temurning oqsashiga shubha qoldirmaydi. Biroq, jarohatni u qanday olgani borasidagi faktlar bir-biriga qarama-qarshi.

Ayrim manbalarda bu Temur o‘smirlik paytida olgan jarohati tufayli ekani aytiladi.

Boshqalarida esa, Amir Temur bu jarohatini 1363 yili Xurosonda Siston xoniga qarashli lashkarlar safida bo‘lgan payti olgan. Bu hozirgi Afg‘oniston janubi-g‘arbida joylashgan Dashti Margo hududidir.

Lekin,15 asrda yashab o‘tgan suriyalik tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, o‘z chorvasiga ko‘z tikayotgan Temurni ko‘rib qolgan bir cho‘pon uni kamonidan o‘q uzib yaralagan. Ammo, Ibn Arabshoh Temurga nisbatan o‘ta adovatli munosabatda bo‘lgan.

1404 yili Samarqandga safar qilgan Ispan elchi Klavixo esa, Temur Siston otliq askarlarga duch kelgan payti qanchalar ko‘p lashkaridan ayrilgani haqida yozadi.

"Ular Temurni ham otidan yiqitib, o‘ng oyog‘ini jarohatladilar. Shundan so‘ng, u bir umr oqsoq bo‘lib qoldi va Temurlang nomini oldi", deb yozadi Klavixo.

U, shuningdek, Temurning o‘ng qo‘lidan ham yaralangani, jimjilog‘i va undan keyingi barmog‘idan ham ayrilgani haqida aytadi.

Mixail Gerasimov boshchiligidagi sho‘ro tarixchilari Amir Temur qabrini ochib ko‘rishgandi

1941 yil Mixail Gerasimov boshchiligidagi sho‘ro tarixchilari Amir Temur qabrini ochib ko‘risharkan, uning haqiqatdan ham oqsoq bo‘lganini tasdiqlashgan.

Shu bilan birga ular Amir Temurning baland bo‘yli, kelishgan, baquvvat inson bo‘lganini ham aniqlashgan.

Tarixchilarga ko‘ra, o‘ng oyog‘i son suyagining tizzaga birlashgan yerida jarohat izi yaqqol ko‘zga tashlangan.

Ana shu jarohat tufayli u yurganda o‘ng oyog‘ini sudrab bosgan va buning natijasida, chap yelkasi boshqasidan anchayin balandroq bo‘lib qolganligi ham ko‘ringan.

Amir Temurning suyaklarini o‘rganisharkan, tarixchilar uning o‘ng yelkasi va qo‘lida ham jarohatlar bo‘lganini qayd etishgan.

14 asrda Temurning raqiblari hisoblangan Usmoniylar, Bag‘dod va Damashq hukumdorlari uchun jismoniy nuqsoni uchun uni mazax qilish jang maydonida mag‘lub qilishdan ko‘ra osonroq bo‘lgan.

Temur dunyoga kelgan O‘zbekiston 1991 yilda Sho‘rolar Ittifoqidan mustaqillikka erishgan.

Mamlakat hozirga qadar ham sobiq kommunist Islom Karimov tomonidan boshqarib kelinadi.

O‘zbekiston jahondagi eng zulmkor mamlakatlardan biri sifatida ko‘riladi. Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston inson huquqlari poymol qilish hollari muntazam tus olgani haqida tez-tez gapiradilar.

O‘zbekiston hukumati Amir Temurni milliy qahramon sifatida taqdim etib keladi.

Temur yoki "Temurlang" 1405 yili Chin imperatori Ming bilan jangga otlangan payti yo‘lda olamdan o‘tadi.

O‘shanda u 35 yil jang maydoni mag‘lubiyat ko‘rmay kelgan sarkarda edi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.