BBC navigation

Patritsiya Flor: mintaqa muammolari yuzasidan ochiq muloqot bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 7 декабр 2012 - 16:03 GMT

Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiy bo‘yicha vakili Patritsiya Flor, mintaqa mamlakatlaridagi islohotlar uchun vaqt talab etiladi, deydi.

Ovro‘po Ittifoqining Tashqi siyosat bo‘yicha vakili Ketrin Eshton Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilib qaytdi.

Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar vaziri sifatida ko‘rilgan shaxsning Markaziy Osiyoga safari ittifoqning mintaqaga e‘tibori ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Bunga bir sabab - Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyodagi yirik energiya zahiralariga bo‘lgan ehtiyoji bo‘lsa, ikkinchi sababi - Afg‘onistonga bog‘liq muammolardir.

Ammo, boshqa tomondan, inson huquqlari vaziyati abgor bo‘lgan Markaziy Osiyo bilan hamkorlik Ovro‘po Ittifoqi uchun bosh og‘rig‘i hamdir.

Ustiga-ustak mintaqa davlatlari suv va energetika masalalarida katta kelishmovchiliklarga ega.

Patritsiya Flor Ketrin Ashton safariga hamrohlik qilgan Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakilidir.

BBC undan ushbu tashrif davomida Rog‘un va Qambarota kabi ziddiyatli loyihalarga mintaqa davlatlarining munosabatlari o‘zgarayotganini ko‘rdingizmi, deb so‘radik.

Patritsiya Flor: Taraflar suv taqsimoti masalasida anchadan buyon bir mavqe‘ni mahkam tutib kelishayapti. Biz o‘rtadagi farqni aritish maqsadida Bishkekda Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari uchrashuvini tashkillashtirdik. Unda muammo yuzasidan juda ochiq muloqot bo‘lib o‘tganiga guvoh bo‘ldim. Menimcha, bu juda yaxshi alomat, chunki hammaga ma‘qul yechimni topish uchun muloqot o‘tkazish kerakligini barcha yaxshi tushuna boshlagan.

BBC: Masalan, Rog‘un GESini qurish masalasida hamma Jahon Banki hisobotiga qarab turibdi. Hisobot xulosalari qanday bo‘lishiga qarab, kelishuvga erishiladi deb o‘ylaysizmi?

Patritsiya Flor: Tojikiston va Qirg‘izistonda mavjud yirik gidroloyihalar bo‘yicha Ovro‘po Ittifoqi mavqe‘i shundayki, bunday loyihalarga baho berishdan oldin mustaqil va betaraf ekspertlarning xulosasiga ehtiyojingiz bo‘ladi. Gidroinshootlar qurilayotgan joylar seysmik faol hududlar hisoblanadi. Shuning uchun ilk navbatda zaruriy tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak. Ammo ikkinchi tomondan, agar bu loyihalar qo‘shnilaringizga xush kelmasa va mintaqa manfaatlariga ta‘sir ko‘rsatsa, u holda norozi qo‘shnilar bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazishingiz kerak.

BBC: Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarida eng og‘riqli nuqta inson huquqlari hisoblanadi. Ba‘zi kuzatuvchilarga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi vakilining Toshkentda qilgan bayonotida inson huquqlari deyarli tilga olinmagan. Bu Ovro‘po Ittifoqining inson huquqlari masalasida bir necha yildan buyon olib borayotgan muloqoti natijasi amalda hech qanday natija bermaganini anglatadimi? Chunki har gal inson haqlari masalasi ko‘tarilsa, Toshkent "to‘nini teskari kiyib oladi". Bu gal ham shunday bo‘ldimi?

Patritsiya Flor: Yo‘q, aslida men vaziyat siz aytganday deb o‘ylamayman. Men inson huquqlari masalasida 6 noyabr kuni Bryusselda O‘zbekiston bilan bo‘lib o‘tgan dialogga guvoh bo‘ldim. O‘zbekiston Adliya vazirligidan bo‘lgan vakillar bu masalada biz bilan bir kun davomida muloqot qilishdi. Men, shu ma‘noda, dialog yo‘q, deb ayta olmayman. Men yana bir narsani alohida ta‘kidlab o‘tmoqchiman: Markaziy Osiyoga safarimiz chog‘ida u yerdagi barcha davlatlar vakillari qonun ustuvorligi, mamlakatni to‘g‘ri idora qilish va demokratiya ularning o‘zlari uchun, mamlakatlarining rivojlanishi uchun juda ham zarurligini aytishdi. Ular buning uchun ularga vaqt kerak bo‘lishi, ularning o‘zlari o‘z yo‘llarini topishlari lozimligini aytishdi va biz bu nuqtai nazarni inobatga oldik. Ammo biz ularga huquqiy tizimni isloh qilishda hamkorlik va yordamga, buning uchun zarur bo‘lsa, mutaxassislar bilan ta‘minlashga va aloqador shaxslarni tayyorgarlikdan o‘tkazishga va o‘z tajribamizni baham ko‘rishga tayyorligimizni bildirdik.

BBC: Bizga vaqt kerak, biz o‘z yo‘limizni o‘zimiz topishimiz kerak, degan gaplar ko‘p yillardan buyon gapirib kelinadi. Lekin, shu o‘rinda savol tug‘iladi: Yana qancha vaqt kerak? Inson huquqlari tashkilotlari aytmoqchi, har kuni inson haqlarini poymol etuvchi mamlakatlarga Ovro‘po Ittifoqi yana qancha muhlat berishi kerak?

Patritsiya Flor: Biz bu jarayonlar haqida tarixiy tajribalarga tayanib gapiramiz. Men olmoniyalikman va biz Olmoniyaning birlashtirish tajribasiga egamiz, bunday ishlarni amalga oshirish uchun vaqt kerak. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishda biz uchun bu jarayonlarni tezlashtirish albattaki manfaatli. Qonun ustuvorligi va inson huquqlari ichki barqarorlikka bog‘liq, mintaqaning tinch bo‘lishini esa barcha istaydi. Zero xorijiy sarmoyalarni jalb etishning asosiy omillaridan biri bu. Shunday ekan, inson huquqlari ahvolini yaxshilash barchaning manfaatiga xizmat qiladi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.