BBC navigation

Qozog‘istonda nega zo‘ravonliklar soni ortib borayapti?

Сўнгги янгиланиш 7 декабр 2012 - 14:34 GMT

Oxirgi oylarda Qozog‘istonda o‘qotar qurollar ishga solinib, o‘nlab insonlar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan bir necha hodisa yuz berdi.

Qozog‘iston janubidagi Chimkent shaxri yaqinida yana o‘qotar qurol ishga solingan, 1 inson halok bo‘lgani, 9 kishi yaralanib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar olinmoqda.

Hodisaning xodimlariga maoshlarini bermagan shirkatda kelib chiqqan mojaroga bog‘liqligi aytilgan.

Janubiy Qozog‘iston viloyat Ichki ishlar xodimlariga ko‘ra, hodisa 6 dekabr kuni ro‘y bergan.

Chimkentni Olma-Ota bilan bog‘laydigan yo‘l yaqinida barpo etilayotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodida ommaviy mushtlashish kelib chiqqan.

O‘qotar qurol ishga solinib, mahalliy shifoxonaning "tez tibbiy yordam" bo‘limiga yetti kishi o‘qotar qurol jarohati bilan yotqizilgan.

Kuzatuvchilar Qozog‘istonda oxirgi paytlarda o‘qotar qurollar ishga solinib, o‘nlab insonlar halok bo‘layotgan yoki jarohatlanayotgan hodisalar soni oshib borayotganiga e‘tibor qaratadilar.

Misol tariqasida shu kunlarda chegarachi Vladislav Chelax aybdor deb ko‘rilayotgan mahkama tilga olinadi.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, 31 may kuni Qozog‘iston bilan Xitoy chegarasida faqat yilning issiq oylarida o‘rnatiladigan vaqtinchalik "Arkankeren" chegara postida 14 chegarachi va bir o‘rmonchining kuyib ketgan jasadlari topilgan.

Shu yil avgustida esa Olma-ota viloyatining Ili-Olatau milliy parki hududida 11 inson jasadi topilgan.

Olma-ota shahridan uzoq bo‘lmagan Tausamal posyolkasi va tog‘lar o‘rtasidagi 30 chaqirimlik hududda joylashgan o‘rmondan topilgan jasadlarda jarohat alomatlari bo‘lgan.

Bularning hammasi nimani anglatadi?

Qozog‘istonda aholi qo‘lidagi noqonuniy o‘qotar qurollarning soni ortib ketayaptimi?

Yo bugunga kelib biz Qozoq jamiyati "yovvoyi kapitalizm" bilan yuzma-yuz kelayotganining guvohi bo‘lmoqdamizmi?

Qozog‘istonlik siyosiy tahlilchi Do‘sum Satpayev fikricha, bu jinoyatchilik haqida axborot ko‘p tarqatilayotgani belgisidir.

"O‘zi Qozog‘istonda jinoiy unsurlar o‘rtasida o‘zaro orani ochiq qilish - "kriminal razborkalar" yoki qurolni ishga solgan o‘spirinlar orasidagi mushtlashuvlar tez-tez yuz berib turadi. Otishmalar yoki ekstremistik tashkilotlarning bomba portlatishlari bundan oldin ham ko‘p marta ro‘y bergan. Faqat bir farqi, bunday hodisalar haqidagi xabarlarni davlat tizimlari ko‘p ham oshkor qilmas edilar. Hozirga kelib, bunday xabarlarni jamoatchilikdan yashirish qiyin bo‘lib qoldi. Buning natijasida Qozog‘iston huquqni muhfoaza qilish idoralari u yoki bu hodisa haqida tezroq xabar tarqatishga harakat qilayaptilar, bu hodisalar haqida ko‘proq gapirilayapti", deydi Do‘sum Satpayev.

Siyosiy tahlilchi Qozoq jamiyatida ijtimoiy taranglik ham ortgan deb hisoblaydi.

"Bu taranglikning manbalari turlicha: Bu yerda mehnat nizolari ham bor, mulkni bo‘lish ustidan kelib chiqqan mojarolar ham bor. Bu nimadan dalolat beradi? Hokimiyat har doim ham vaziyatni nazorat qilishning uddasidan chiqolmayapti. O‘z vaqtida profilaktika ishlarini olib bormayapti. Misol uchun bizning amaldorlarning bugungi yoshlar haqidagi tasavvurlari kam. Ular misol uchun "nega Qozog‘istondagi yoshlarning bir qismi radikallashib borayapti?", "nega ayrim yoshlar diniy radikal guruhlarga borib qo‘shilayapti?", "nega boshqa bir guruh yoshlar kriminal guruhlarning orani ochiq qilish janjallarida qatnashayaptilar", degan savollarga javob qaytara olmaydilar", deydi Do‘sum Satpayev.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.