BBC navigation

"Al-Qoida" tarmog‘ining yana bir rahbari o‘ldirildi

Сўнгги янгиланиш 10 декабр 2012 - 13:24 GMT

Hujum payshanba kuni tongda Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasida uyushtirilgan

Amerikaning dron hujumida Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasiga yaqin Shimoliy Vaziriston mintaqasida "Al-Qoida" tarmog‘ining yuqori martabali qo‘mondoni Abu Zayd o‘ldirilgan.

Payshanba kuni tongda amalga oshirilgan hujumda Abu Zayddan tashqari tarmoqning yana bir nufuzli qo‘mondoni va o‘nga yaqin mahalliy jangari ham halok bo‘lgani aytilmoqda.

O‘zaro chegarada uyushtirilayotgan dron hujumlari oddiy fuqarolarning ham umrlariga zomin bo‘layotgani bois, ham Pokiston va ham Afg‘oniston tomonining noroziliklari sabab bo‘lib keladi.

Ammo Amerika harbiylari ushbu hujumlar orqali "Al-Qoida" tarmog‘ining mintaqadan boshpana topib kelayotgan qator yuqori martabali qo‘mondonlarini o‘ldirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Abu Zayd esa, shu yil iyun oyida tarmoqning avvalroq halok etilgan yana bir nufuzli lideri Abu Yaxyo al-Libiyning o‘rniga tayinlangan bo‘lgan.

"Al-Qoida" tarmog‘ining asosiy rahbari Usama bin Lodin ham o‘tgan yil may oyida amerika harbiylari tomonidan Pokistonning Abbot-Obod shahrida o‘ldirilgandi.

Uning o‘limi ortidan tarmoqqa muovini Ayman az-Zavohiriy boshchilik qilib keladi.

Biz xabar tafsilotlarini bilish uchun Pokistondan muxbirimiz Rahimulla Yusufzay bilan bog‘landik:

JAVOB: Amerikaning dron hujumi Shimoliy Vaziriston mintaqasining Mir Ali tumanida uyushtirilgan. Hodisada bir necha jangari qurbon bo‘lgan. "Al-Qoida" tarmog‘i halok bo‘lganlardan ikki nafari o‘zining qo‘mondonlari ekanini tasdiqladi. Amerika tomoni ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. Ammo Pokiston hukumati va hududda bo‘lgan toliblar hozircha bu xususda jim.

SAVOL: Halok etilgan ikki qo‘mondondan biri "Al-Qoida" tarmog‘ining yuqori martabali a‘zosi Abu Zubayd ekani aytilmoqda. Uning shaxsi va faoliyati borasida bizga nimalar ma‘lum?

JAVOB: Tirik ekanliklari chog‘ida ular haqida uncha ko‘p narsa ma‘lum bo‘lmaydi. Ammo o‘limlari ortidan, Amerika tomoni ularning yuqori martabali "Al-Qoida" qo‘mondonlari ekanini aytib chiqadi. O‘z o‘rnida, Abu Zayd tarmoqning muhim a‘zolaridan bo‘lganini ham rad etib bo‘lmaydi. Uning Abu Yaxyo al-Libiy o‘rnida faoliyat olib borganini na-da tarmoq va na-da Tolibon tasdiqlaganicha yo‘q. Lekin bunday ehtimolni ham nazardan soqit etib bo‘lmaydi. al-Libiy esa, tarmoqning mintaqadagi boshqaruvchisi bo‘lgan. Ular Tolibon tuzumi davrida Afg‘onistonda faoliyat olib borishgan. Ammo tuzum qulashi ortidan Pokistonning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topishgan.

SAVOL: Abu Zaydning o‘limini tarmoqqa berilgan jiddiy zarba, deb ayta olamizmi?

JAVOB: Bugungi kunda tarmoq aksariyat rahbarlari va a‘zolari o‘ldirilgani inobatga olinsa, Abu Zaydning o‘limi ularning faoliyatida izsiz ketmaydi. AQSh tomoniga ko‘ra, hozir Afg‘onistonda yuz, Pokistonda esa, bir necha yuzta "al-Qoida" jangarisi qolgan, xolos. Shuning uchun ham, bitta a‘zosini yo‘qotsa ham bu tarmoq uchun katta yo‘qotish bo‘ladi. Chunki rahbarlarining ham anchasi o‘ldirilgan. Kuchi qirqilgan. Josuslik ma‘lumotlariga qaralsa, qolgan yetakchilari hozir Yaman va Somaliga o‘tishga harakat qilishmoqda.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.