BBC navigation

O‘zbekistonda "qorbobo" va "qorqiz"lar taqiqlanadi

Сўнгги янгиланиш 10 декабр 2012 - 15:34 GMT

Qorbobo va qorqiz xonadonlarga kelib bayram qilishadi.

Yaqinlashayotgan yangi yil munosabati bilan O‘zbekiston telekanallari bayram ko‘rsatuvlari va tomoshalarida an‘anaviy bo‘lib kelgan Qor bobo, Qor qiz, Yalmog‘iz kampir kabi qahramonlarning qatnashishi taqiqlangan.

Bezatilgan yangi yil archasi ham ekranda yaqqol ko‘zga tashlanmasligi kerakligi aytilgan.

O‘zbekiston televideniyesining ismini aytmasligimizni so‘ragan xodimiga ko‘ra, bunday topshiriq milliy madaniyatga yot an‘analarning soya solmasligi uchun qilinayotgan ekan.

Uning aytishicha, jurnalistlarga ko‘rsatuvlarda "rojdestvo" so‘zini ishlatmaslik topshirilgan. Qorbobo va qorqizlar ham o‘zga madaniyatning ramzlari sifatida taqiqlangan.

Bayram ko‘rsatuvlari faqat yil almashinuviga bog‘lab tayyorlanishi uqtirilgan.

Suhbatdoshimiz topshiriq aynan kim tomonidan berilganidan xabarsizligini aytadi.

Shu bilan birga O‘zbekistonda Yangi yilni nishonlash taqiqlanmagan. Butun mamlakat bo‘ylab bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Barcha telekanallarda yangi yil ko‘rsatuvlariga tayyorgarliklar va suratga olish ishlari ketmoqda.

Toshkent shahridagi barcha teatr va tomosha maskanlari bolalarning qishqi ta‘til paytlarida bayram tomoshalarini o‘tkazishga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan.

Har yilgidek, bu yil ham "Prezident archasi" o‘tkazilishi kutiladi. Biroq bayram Prezident archasi atrofida bo‘ladimi yoki yo‘qmi hali noma‘lum.

O‘zbekistonda yangi yil bayramlarini o‘tkazilishiga o‘zgartirishlar kiritilishi bundan oldin bo‘lgan.

Televediniye jurnalistlarining aytishicha, 2000-yilning boshlaridan buyon ko‘p bor "qorbobo" va "qorqiz"larni ko‘rsatuvlardan olib tashlashga to‘g‘ri kelgan.

2005 yil Toshkent shahar bo‘limi boshlig‘i maktablarda Yangi yilni nishonlashni taqiqlab, O‘zbekistonda Navro‘z yil boshi sifatida bayram qilinishini ta‘kidlagan.

Aslida bunday ko‘rsatmalar hukumatning eng yuqori tashkilotlaridan berilishi aytiladi.

O‘zbekistonda faqat ijrochi hisoblanadigan mahalliy idoralarning bunday tashabbus bilan chiqishi qabul qilinmagan odat sanaladi.

Biroq har bayramlar oldidan milliylikni o‘ylab to‘satdan beriladigan topshiriqlar bayram o‘tgach, yana xuddi shu tarzda unutilib ketavergani bois yaxshi maqsadni ko‘zlagan niyatlar ham aholi orasida kinoyaga sabab bo‘lib qolaveradi.

Keyingi yillarda esa O‘zbekistondagi ko‘pchilik xonadonlar yangi yil kunlari yaxshi tijoratga aylangan qorbobo va qorqizni chaqirib, farzandlariga sovg‘alar ulashishni odat qilishmoqda.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.