BBC navigation

Venesuela Prezidenti o‘z vorisini e‘lon qilgan

Сўнгги янгиланиш 10 декабр 2012 - 13:52 GMT

Kubadagi navbatdagi shifokorlik tekshiruvidan qaytgan Ugo Chaves shanba kuni televideniye orqali xalqiga murojaat qiladi.

Venesuela Prezidenti murojaatida birinchi bor o‘z vorisi haqida so‘z ochgan.

Ugo Chaves sog‘lig‘i tufayli davlatni boshqarolmay qolsa, mamlakat vitse prezidenti va Tashqi ishlar vaziri Nikolas Maduroni o‘z davomchisi sifatida ko‘rishini bildiradi.

U o‘zining saraton kasalligidan to‘liq xalos bo‘lolmaganini tan olib, yangi operatsiya zarurligini oshkor qilgan.

Mamlakat axborot agentligiga ko‘ra, Ugo Chaves yakshanba kuni yana Gavanaga ketishi kutilmoqda.

Shu yil oktyabr oyida 58 yoshli Chaves yana olti yilga prezident qilib saylangan, saylov kampaniyasi davomida u o‘zining to‘liq sog‘ayib ketganini aytgan edi.

15 noyabrdan buyon ommaga ko‘rinish bermagan Chaves 28 noyabrda Kubaga sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun "barokamerada bir necha seans fizioterapiya olishi" xabar qilinadi.

Biroq tekshiruvlar natijasida unda yangi rak kletkalari borligi aniqlangan.

O‘tgan jumada Rio-de-Janeyroda o‘tgan Lotin Amerikasi davlatlari yig‘ilishida Venesuela nomidan Chaves o‘rniga Nikolas Maduro qatnashadi.

2011 yil Chaves Kubada ilk bor xavfli o‘simtani oldirgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘shandan buyon u yana ikki marta kubalik shifokorlar tomonidan jarrohlik stoliga yotqizilgan.

Kuba va Venesuela davlatlari o‘rtasida kelishilgan meditsina shartnomasiga binoan minglab venesuelaliklar har yil turli murakkab tekshiruvlar va jarrohlik amaliyotlari uchun Kubaga tashrif buyurishadi.

Ugo Chaves

Taniqli notiq va omma mehrini qozongan siyosatchi hisoblangan Venesuela Prezidenti 1999 yildan buyon mamlakatni boshqarib keladi.

Sobiq podpolkovnik desantchi bo‘lgan Chaves davlat to‘ntarishiga harakat qilganlikda ayblanib 1992-1994 yillarda qamoqda o‘tirgan.

Ugo Chaves davlat tepasiga kelgach, neft va ishlab chiqarishning boshqa asosiy sohalarini deyarli milliylashtirishga erishadi.

Lotin Amerikasi bo‘yicha mamlakatda eng yuqori minimal oylikni ta‘minlagan.

Chavesni dunyo siyosatchilari orasida xushlamaydiganlar ko‘pchilik deyish mumkin. U Ispaniya bosh vaziri Asnarni "fashist", Jorj Bushni esa "shayton" deb ataydi.

Ugo Chaves sotsializm g‘oyalari tarafdori va AQShga qarshi tanqidiy fikrlari bilan ham mashhur.

Venesuela Rossiya hukumati bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgan. Shuningdek, Rossiyadan katta miqdorda qurol sotib oladigan davlatlardan biri hisoblanadi.

Ugo Chaves Venesuelada qishloq aholisi va shaharlik kambag‘al qatlam orasida hurmati baland. Biroq jamiyatning boy va o‘qimishli qismi uning siyosatini ko‘p ham yoqlamasligi aytiladi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.