BBC navigation

Tojikiston Jahon Savdo Tashkilotiga kirdi: foyda va ziyonlar ehtimollari

Сўнгги янгиланиш 11 декабр 2012 - 15:06 GMT

Tojikiston Jahon Savdo Tashkiloti a‘zosi bo‘ldi (Surat Tojikiston prezidenti saytidan olindi)

Jahon Savdo Tashkiloti (JST) Umumiy Kengashining Jenevada bo‘lib o‘tgan anjumanida Tojikiston ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a‘zo etib qabul qilindi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Tojikistonning JSTga a‘zo bo‘lib kirishi marosimida chiqish qilgan prezident Imomali Rahmon ushbu hodisani "jamiyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga yo‘l ochuvchi eng muhim hodisalardan biri", deya baholagan.

Tojikiston Markaziy Osiyoda Qirg‘izistondan keyin JSTga a‘zo bo‘lib kirgan ikkinchi mamlakatdir.

O‘tgan yil oxirida Tojikiston Jahon Savdo Tashkiloti a‘zoligiga ariza topshirgan va o‘tgan davr ichida o‘z tijoriy va huquqiy qonunlarini tashkilot talablariga muvofiqlashtirgan.

Imomali Rahmon JSTga a‘zolikni "energetika mustaqilligiga erishish va aholini oziq-ovqat bilan ta‘minlash" sari tashlangan muhim qadam deb baholagan.

Janob Rahmon bugunga qadar Tojikistonga iqtisodiy ko‘mak berib kelgan davlatlar va xalqaro tashkilotlarga minnatdorchilik izhor etgan.

Erkin bozor talabi

Xo‘sh, Tojikistonning Jahon Savdo Tashkiloti a‘zoligiga qabul qilinishi mamlakatning iqtisod va tijorat sohalari hamda xususiy sektorlari uchun qanday ahammiyatga ega?

Aksar mahalliy mutaxassislar fikriga ko‘ra, sanoati rivojlanmagan va asosan xom modda eksportiga tayanuvchi Tojikistonning JST a‘zoligiga qabul qilinishi bu mamlakat uchun katta foyda keltiradi.

Tojikiston Strategik Tadqiqotlar Markazi eksperti Firuz Saidning aytishicha, Tojikistonda ishlab chiqariluvchi xom moddalar xalqaro me‘yorlarga muvofiqdir va JSTga kirishidan oldin ham Tojikiston paxtasi va alyuminiyi jahon bozorida o‘z xaridorlariga ega edi.

"Jahon Savdo Tashkilotiga to‘la a‘zo bo‘lish va mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardosh bo‘lishi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularni qayta ishlash xalqaro me‘yorlarga muvofiq bo‘lishi kerak. Boshqa iloj yo‘q, ushbu talabni ijro etishga harakat qilishlari zarur", - deb aytdi Firuz Said.

JST unga a‘zo bo‘lgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni talab qiladi.

Janob Firuzning aytishicha, Tojikistonning ushbu nufuzli tashkilotga a‘zo bo‘lishi mamlakat ichkarisida yakkahokim shirkatlarning barham topishini anglatadi. Masalan, ichki bozorni egallab olgan Tojikiston havo yo‘llari shirkatlari bundan buyon xorijiy shirkatlarga Tojikistonda faoliyat yuritishlari uchun ruxsat berishlari zarur bo‘ladi.

Tojikiston sobiq iqtisod vaziri Davlat Usmon ham aksar mahsulotlarni chetdan keltiruvchi Tojikiston uchun JSTga a‘zolik foyda keltiradi degan fikrda.

Davlat Usmonning ta‘kidlashicha, JSTga a‘zolik bojxona soliqlarini 8 foizgacha qisqartirishi va alaloqibat bundan Tojikiston byudjeti zarar ko‘rishi mumkin.

Ammo, uning aytishicha, bojxona tariflarining keskin qisqarishi Tojikiston bozorlarida mahsulotlarning arzonlashuviga xizmat qilishi mumkin.

Boshqa tarafdan, Tadbirkorlarni himoya qilish qo‘mitasining raisi Davlatmurod Chumayev Tojikiston ichkarisida mahsulot ishlab chiqarish falaj holiga kelib qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Misol uchun, paxta mahsulotlari ishlab chiqarishgan asoslangan tojik shirkatlari arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi arab, Xitoy va Tailand shirkatlariga raqobat qila olmay, kasodga uchrashlari mumkin.

"Estoniya JSTga kirgach, bu mamlakat qishloq xo‘jaligi butkul falajlandi. Yuzlab gektar yerlar bo‘sh qoldi. Dehqonlar uchun mahsulot ishlab chiqarish foydali emasdi. Zero aholi asosan Olmoniya, Polsha va Ovro‘poning boshqa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan arzon va sifatli mahsulotlarni sotib olishardilar", - dedi janob Jumayev Estoniya tajribasiga ishora etib.

Tadbirkorlarni himoya qilish qo‘mitasining raisi Tojikiston hukumatidan mahalliy shirkatlarni himoya qilishga qaratilgan jiddiy tadbirlarni olishga chaqirdi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.