BBC navigation

O‘zbek adibi va adabiyotshunosi Ahmad A‘zam ijodiga chizgilar

Сўнгги янгиланиш 12 декабр 2012 - 18:55 GMT

"Ahmad A‘zam asarlarida odatdagiday boshi va oxiri bor voqealar, sabab va oqibat doirasida harakatlanadigan qahramonlar tasvirlanmaydi. Bir qarashda ijtimoiy salmoqdan mahrum mayda tafsilotlarning adoqsiz silsilasi aks etganday tuyulguvchi bu asarlarni tushunish oson kechmaydi. Chunki bu tafsilotlar zamiridagi ma‘noni o‘qirmanning o‘zi topishi kerak bo‘ladi."

Adabiyotshunoslar Qozoqboy Yo‘ldosh va Muhayyo Yo‘ldoshevalar Ahmad A‘zam ijodi borasida so‘z yuritar ekanlar, ana shunday fikrga kelishgan.

Ular o‘z fikrlarini davom ettira borib, shunday yozishgandi:

"Bunday yaratiqlar adabiyotni yangilabgina qolmay, kitobxonlar didining o‘sishiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatishi bilan ham ahamiyatlidir. Ahmad A‘zam asarlarining ichki mexanizmi qandayligini, ularning badiiyatini ta‘minlagan omillar nimalardan iboratligini aniqlashga urinish o‘qirmanga hayotning ko‘zga tashlanavermaydigan mayda hodisalari zamiridagi ulkan ma‘nolarni anglash imkonini beradi."

Men Ahmad A‘zam ijodining ma‘lum qirralari haqida topib aytilgan bu fikrlar ta‘siridan chiqa olmaslik asnosida ijodkorning badiiy asarlari emas, balki negadir uning zukko, g‘amxo‘r adabiyotshunos sifatidagi chuqur tahlillarini eslayman.

Ahmad A‘zam hozirgi she‘riyat haqida yozgan bir maqolasida shunday satrlar bor:

"Tobora husniga husn qo‘shilib
Tobora ochilib bormoqda bu gul –
Billur guldondagi gul..."
(Boltaboy Begmatov)

Mushohada chegaralarini o‘zgartirish, buzish. Bu tafakkur shu paytgacha urfda bo‘lib kelayotgan shakllardan chiqqan, ayni choqda unga sig‘maydi. Yo‘q, bu yoshlarda an‘anani inkor qilish, o‘z yangiligini majburlab tiqishtirishga urinish emas, ularga kelgan yangi fikr oldingi o‘zanlardan toshib, qirg‘oqlarini kengaytiryapti va... yangi vohalar yaratmoqchi."

Adabiyotshunos Ahmad A‘zamning talabchan e‘tiboriga har qanday she‘r ham tushavermaydi. U bu she‘r yozilgan paytni aytmaylik, haligacha ko‘plar bilib-bilmagan Boltaboy Begmatovning satrlariga murojaat etishda davom etadi:

"Erk esa, qafasga ko‘nikmas, g‘olib –
Bir qushki, boshingga qo‘nolmay halak

"Ahmad A‘zam asarlarining ichki mexanizmi qandayligini, ularning badiiyatini ta‘minlagan omillar nimalardan iboratligini aniqlashga urinish o‘qirmanga hayotning ko‘zga tashlanavermaydigan mayda hodisalari zamiridagi ulkan ma‘nolarni anglash imkonini beradi "

Qozoqboy Yo‘ldosh, Muxayyo Yo‘ldosheva

Bu taxlit she‘riyatda shu erk tajassum, so‘zning ozod mas‘ulligi mavjud: har bir tashbeh, har bir isloh, har bir ifoda to‘xtab, o‘z ustida o‘ylab olishga undaydi. Bu esa, tabiiyki, yangi she‘rxonni tarbiyalab yetishtirishga olib keladi".

Zukko adabiyotshunos Ahmad A‘zam o‘zbek nasri rivojiga ham katta hissa qo‘shdi. Badiiy tilga qayg‘urar ekan adib va adabiyotshunos shunday degandi:

"Tili uncha toza bo‘lmagan asarlarni o‘qiy olmayman, jumladan qiyomiga yetkizmay qilingan tarjimalarni ham. Demoqchimanki, meni tanqidchilikni tashlab, yozuvchi bo‘lishga undagan omil shu. Dunyoning sara asarlaridan juda ko‘pini o‘qib yurdim, rus tiliga qilingan shu tarjimalar orqali shakllandim. Yozuvchi bo‘lib, u-bu narsalarga erishgan bo‘lsam, ana shu tarjimalar va o‘z adabiyotimizdan terib-tergilab olib o‘qishim tufayli. Va bunda, albatta Samarqand universitetida Navoiy bobomizdan chuqur darslar olganimizning ham ulushi juda katta."

Ahmad A‘zam ayrimlarga o‘xshab "men uni yozganman, buni qoyillatib qo‘yganman", deya hech qachon aytmagan.

"Qanaqa yozuvchi ekanimga o‘zim bir narsa deyishim qiyin, bahoni kitobxon beradi. Men qanaqa yozuvchi bo‘lishga intilganimni gapiryapman. Shu o‘qish, o‘rganishlar maromida o‘quvchi, kitobxonni hurmatlab, unga aql o‘rgatavermaslik, hayot haqida uning o‘zi ham biladigan xulosalarni tiqishtirmaslik, tendentsiyayu mafkuradan qochish, xolis turib, tasvirdan fikr chiqarib olishni o‘quvchining o‘ziga qoldirib yozish yo‘lini tanlashga harakat qildim".

Va adibning "harakat"ini uning asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin.

Adabiyotshunoslar Qozoqboy Yo‘ldosh va Muhayyo Yo‘ldosheva Ahmad A‘zam ijodiga murojaat etar ekanlar shunday fikrga kelishadi:

"Ahmad A‘zam asarlarida odatdagiday boshi va oxiri bor voqealar, sabab va oqibat doirasida harakatlanadigan qahramonlar tasvirlanmaydi. Bir qarashda ijtimoiy salmoqdan mahrum mayda tafsilotlarning adoqsiz silsilasi aks etganday tuyulguvchi bu asarlarni tushunish oson kechmaydi. Chunki bu tafsilotlar zamiridagi ma‘noni o‘qirmanning o‘zi topishi kerak bo‘ladi. Bunday yaratiqlar adabiyotni yangilabgina qolmay, kitobxonlar didining o‘sishiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatishi bilan ham ahamiyatlidir. Ahmad A‘zam asarlarining ichki mexanizmi qandayligini, ularning badiiyatini ta‘minlagan omillar nimalardan iboratligini aniqlashga urinish o‘qirmanga hayotning ko‘zga tashlanavermaydigan mayda hodisalari zamiridagi ulkan ma‘nolarni anglash imkonini beradi".

Ahmad A‘zamning dastlabki hikoyalariyoq o‘zbek adabiyotida voqeaga aylangandi.

Adibning “Asqartog‘ tomonlarda” qissasi nozik didli kitobxonlarning sevimli asari bo‘lib qoldi.

Ayni paytda esa adibning so‘nggi romani - “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar”ning o‘ziga xosligi ta‘kidlanmoqda.

Bu o‘rinda adabiyotshunoslar Qozoqboy Yo‘ldosh va Muhayyo Yo‘ldoshevalarning ayni shu roman borasidagi tadqiqotlariga yuzlanamiz:

"Asrlar davomida nafaqat jismi, balki tafakkur va tuyg‘ulari ham zanjirga solingan va bu holatdan hech qachon chiqolmaydigandek tuyulgan g‘uliylarning bosh qahramon mashinasidagi badiiy asarlarni o‘qish tufayli kutilmaganda juda tez o‘zgarib ketishi tasviri asarga sur‘at bag‘ishlagan. Olomonning qancha mablag‘, mehnat va vaqt sarflab yaratilgan olmazorlarni yo‘q qilishga, butun mamlakat ahliga yo‘l ko‘rsatib, hammani o‘ziga sig‘intirgan dohiy haykalini bir kundayoq yiqitishga kirishib ketgani tasvirlari tagi puch qadriyatlarga e‘tiqod qo‘ygan to‘daning qiyofasiz qiyofasini haqqoniy aks ettirishi jihatidan ahamiyatlidir".

Adabiyotshunoslar asardagi tasvirlarning kuchli ekanligi va ularga chuqur ma‘no yuklanganini ta‘kidlashadi:

"o‘quvchi, kitobxonni hurmatlab, unga aql o‘rgatavermaslik, hayot haqida uning o‘zi ham biladigan xulosalarni tiqishtirmaslik, tendentsiyayu mafkuradan qochish, xolis turib, tasvirdan fikr chiqarib olishni o‘quvchining o‘ziga qoldirib yozish yo‘lini tanlashga harakat qildim "

Ahmad A‘zam

"Millat ramziga aylangan olma shuncha ko‘p yeyilishiga qaramay, birorta chaqaloqning tayyor kishanlar bilan tug‘ilishi mumkin emasligi va odam zanjirsiz ham yashay olishi mumkinligini asar qahramoni bo‘lmish yozuvchining kitobidan anglab qolgan g‘uliylar holati tasviri adabiyotning ijtimoiy qudratini ifodalashi jihatidan ham diqqatga loyiq. Bu tasvirlar olomon qarashlarining tayinsizligini anglatishiga ko‘ra ham g‘oyat ibratli".

Adabiyotshunoslarning "Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar" haqidagi quyidagi xulosalariga qo‘shiladiganlar esa ko‘p:

"Romanning o‘ziga xosligi shundaki, uni to‘lig‘icha ijtimoiy badiiyat namunasi deyish ham, ijtimoiy muammolar inson ruhiyatini ochish vositasigina bo‘lgan asar deb sanash ham mumkin. Adibning estetik manzara yaratishda mayda detallarni batafsil tasvirlash usuli o‘qirmanni hushyorlikka, biror tafsilotga befarq bo‘lmaslikka, asarni sinchiklab o‘qishga undab, uning badiiy saviyasini o‘stiradi. Romanda qahramon tushib qolgan ilojsiz vaziyat kitobxonning rahmini keltirish uchun emas, tirik odamni yaxshi va yomon, kuchli va ojiz, ezgu va yoqimsiz qirralari bilan haqqoniy ko‘rsatish maqsadida tasvirlangan".

Ahmad A‘zam o‘zining ilk adabiy-tanqidiy maqolalari bilanoq o‘zbek adabiyotining kuyinchaklaridan biri ekanligini ko‘rsatgandi. Uning bu kuyinchakligi hozir kuchaygan bo‘lsa, kuchaygan, lekin zarracha susaymagan.

Jumladan, Ahmad A‘zam o‘zbek adabiyotining katta jahon adabiyotidan munosib o‘rin egallashini istaydi:

"O‘zbek adabiyotini chetda bilishlari uchun eng avvalo o‘zbek millati, davlatining nufuzi chetda ham balandroq bo‘lishi kerak. Biz sho‘ro paytida, falon yozuvchimizni dunyo taniydi, u dunyoning falon tillariga tarjima qilingan deb, dunyoni sotsialistik lagerdan kengroq tasavvur qilolmay, faxrlanib yurar edik. Dunyoning bizga qiziqishi bo‘lsa, o‘zi bildirar edi. Bizda o‘zimizni targ‘ib etish bo‘yicha rivoj yo‘q, ko‘proq o‘zimizni o‘zimizga maqtaymiz, xususan adabiyotni chetga tanitish bo‘yicha... hech qanaqa ish qilinmaydi. Keyin bu yerda tilni bilish masalasi ham bor. Qodiriy turkiy boshqa tillarda, tojik tilida Qodiriy bo‘lishi mumkin, lekin Ovrupo tillarida uni butun borlig‘i bilan ko‘rsatishning sira iloji yo‘q. Uni chetda mashhur qilish uchun Yaponiya va yaponlar singari e‘tiborda turish kerak".

Adib va adabiyotshunos fikricha to‘g‘ri adabiy siyosat yuritilsa, hammasi bo‘lmasada, ko‘p narsa iziga tushib ketishi mumkin:

"Tayinli adabiy siyosat yo‘q! OAV va nashriyotlar adabiyotni o‘ldirmasa ham, tubga cho‘kdirib yubordi. Eng katta tiraj 5 ming! Gonorar yo‘q. 2006 yili kitob chiqarib, gonorar o‘rniga atigi ikkita kitob berishdi. Hozir paydo bo‘lyapti, lekin hali hemiri, ma‘naviyat, qalb amri, vijdon, xalqning oldida burch deymiz-u, lekin yozayotganda qorningizga bir narsa tushib turishi kerak-ku. Bu yoqda farzandlar katta bo‘lgan, uylash, joylash, to‘y... Kitob do‘konlarini esa adabiyotga aloqasi bo‘lmagan oldi-qochdi narsalar to‘ldiryapti, o‘quvchi oldi-qochdi bilan to‘yg‘azilyapti. Ha, endi xo‘roz sal-pal havoga qarab, lekin bari bir, hamma yerda, xususan atrofimizda bir xil qichqirayotgan bo‘lsa kerak".

Bu hech bir yozg‘irish emas, adabiyot, adabiyotni yaratayotgan insonlar taqdirini o‘ylab yurak-yurakdan kuyinishdir.

Ahmad A‘zam bozor davriga o‘tish aslo tilning g‘ariblashishi emasligini qo‘liga qalam olgan har bir ijodkor anglashini istaydi:

"Eng yomoni, tilga e‘tiborsizlik ko‘nikmaga aylanyapti, til haqida gapirish hatto erish tuyuladigan bo‘lib qoldi. Tili, badiiyat bo‘lmasa ham tom-tom kitoblar chiqyapti-ku! Til - saralaydi, mezon, bu mezon yo‘qola boshlagandan beri "shig‘arma"lar urchib ketdi.. Bir tetralogiyaning yarim sahifasini o‘qishga ham kuchim yetmadi - shu qadar yasama, shu qadar sun‘iy. Darvoqe, bizda tetralogiyalar ham yozib tashlanyapti!"

Ayni bir paytda talabchan adabiyotshunos, iste‘dodli adib o‘zbek adabiyotida yangi va yaxshi asarlar yaratilayotganidan ko‘z yummaydi:

"Albatta, bu aytganlarim adabiy jarayonning yuza qismi, ko‘piklari, lekin tubda yaxshi harakat bor, tubdan qoyalar o‘sib kelyapti. Nazmda Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad. Xayrullo Fayz... nasrda Nazar Eshonqulga o‘xshagan, Xurshid Do‘stmuhammad, Sobir O‘nar, Luhmon Bo‘rixon, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam kabi menga nisbatan yoshroq nosirlarimiz bor yana. Umid shulardan. Bari bir adabiyot o‘lmaydi".

Haqiqat ko‘ziga tik qarab kelgan, qarayotgan adib va adabiyotshunos Ahmad A‘zam fikricha vaqt ko‘p narsaning hakamidir:

"Hozirgilaridan qanday asarlar yashab qoladi, degan savolning javobi kelajak kitobxoniga oydin bo‘ladi. Har holda, achchiq haqiqat, shakkoklik emas bu, ko‘p asarlarimiz tarix chig‘irig‘idan o‘tmaydi. Kimdir yo kimlarningdir xohish irodasi bilan emas, zamon o‘zgarishi, mafkura – fikrlashimiz yangilanishi bilan qancha asarlarimiz o‘tmish mulkiga aylandi, bu jarayon hali davom etyapti, adabiyot ehtimol shafqatsizlarcha o‘zini tozalayapti, bizning yozganlarimizdan qanchasi bir kuni o‘tmish mulki bo‘lib qoladi, bu - boshdan do‘ppini olib, xotirjam o‘ylab ko‘radigan masala".

(Maqolada Ahmad A‘zamning internet-saytidagi manbalardan foydalanildi).

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.