BBC navigation

"2.000$ pora berib, menga tegsang, eringdan ajratib qo‘yaman"

Сўнгги янгиланиш 13 декабр 2012 - 14:34 GMT

"Hakam og‘zini poraga ochishi bilan, men ham uning so‘zlarini yozishni boshladim", deydi Diva

Yashirincha yozib olingan so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, afg‘onistonlik yuqori martabali hakam eridan ajrashishiga ko‘mak berishini so‘rab, huzuriga kelgan yoshgina juvonga xuddi shunday talab qo‘ygan.

Yuz bergan hodisa ortidan, savolga tutilganda esa, hakam ayolning iddaolarini keskin rad etgan.

Uning bizga aytishicha, "Menga erga teg", deb juvonga hazillashgan, xolos.

Mavjud vaziyat esa, Afg‘oniston Adliya tizimida poraxo‘rlik qanchalik chuqur ildiz otganiga dalolat qiladi.

Jabrdiyda ayol bilan bog‘liq mojaro BBC e‘tiboriga tusharkan, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay mas‘ul mulozimlariga uni tekshirishga buyruq bergan.

Matbuot voizining aytishicha, prezident Karzay BBCning maqolasi "katta qiziqish bilan o‘qib tushirgan" va "jiddiy tekshiruv o‘tkazilishi"ni talab qilgan.

Afg‘oniston Korruptsiyaga qarshi kurash idorasi rahbari Azizulloh Ludin ham, "ashyoviy dalil qo‘llariga tegishi bilan, mamlakat Oliy mahkamasi bilan birgalikda tergov boshlashga" va‘da qilgan.

"Boshdan-oyoq tillaga belayman"

Agar, Divaning so‘zlariga qaralsa, yordam so‘rab, sharqiy Jalolobod mahkamasi hakamining oldiga borgan.

Hakam esa, juvonga ushbu masalani idorada emas, uyida gaplashib olishni taklif etgan va ayolning hovlisiga borgach, undan avval pora so‘ragan.

Radio jurnalist emasmi, Diva burqasi ostiga yashirib olgan mikrofonini ishga solgan.

"Hakam og‘zini poraga ochishi bilan, men ham uning so‘zlarini yozishni boshladim", deydi u.

Biz esa, Diva tomonidan hakamning so‘zlari yozilgan tasmani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik.

Tasmadan 65 yoshli hakam Zaho‘riddinning Divadan o‘zi uchun 20.000 afg‘oniy ($390) va uning ishiga hakamlik qilayotgan hamkasbi uchun 100.000 afg‘oniy ($1.960) so‘ragani ayon bo‘ladi.

Divaga ko‘ra, buncha pora berishga qurbi yetmasligini aytarkan, hakam o‘ziga boshqa narsani taklif etadi.

Agar o‘ziga erga tegsa, Divani moliyaviy mushkulotlaridan xalos etishga va‘da qiladi.

"Sen uchun 2.000.000 afg‘oniyni o‘zim beraman va seni boshdan-oyoq tillaga belayman", deydi hakam.

Divaning oilasi ana shu so‘zlarning hammasi yozilgan audio tasmani Kobuldagi Oliy mahkamaga yetkazgan bo‘lsa ham, hozircha hakamga qarshi biror bir chora ko‘rilmagan

"Og‘zim ochilib qoldi"

Ikkovlonning suhbati chog‘ida hozir bo‘lgan Divaning oyisi esa, hakamning so‘zlarini eshitib, "og‘zi ochilib qolgani"ni aytadi.

"Juda ko‘nglim og‘ridi", deydi u, "Axir, uning o‘g‘illari, kelinlari va xotini bor-ku. Iflos odam ekan, ayanchli ahvolimizdan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi, degan xayolga bordim," deydi u.

Biz telefon orqali hakamning o‘ziga bog‘langanimizda, avvaliga Diva degan juvonni tanimasligini aytib, oyoq tirab turib oldi.

Audio tasma qo‘yib eshittirilganida esa, juvon jurnalistik mahoratini ishga solib, so‘zlarini o‘ziga moslab, tahrir qilganini aytdi.

Hakamga ko‘ra, bu - yuqoriroq lavozimga ko‘tarilishini istamagan o‘ziga raqib boshqa hakam va qavm oqsoqollarining fitnasi bo‘lgan.

"Shunchaki hazillashgandim"

65 yoshli hakamning aytishicha, Divaga o‘ziga erga tegishni taklif qilgan paytda ham, shunchaki hazillashgan, xolos.

"U, "Endi menga hech kim uylanmaydi", degandi, hazillashib, "Menga tegaqol, dedim", deydi u.

Ammo 15 daqiqali audio tasmaga quloq tutilsa, keksa hakam Divadan 15 marotaba o‘ziga erga tegishini so‘ragan.

Hakam yana o‘zining mavqeidan foydalanib, Divani qanday himoya eta olishi bilan ham maqtangani ma‘lum bo‘ladi.

"Mahkama ikki o‘rtadagi dushmanlikka barham berolmaydi. Lekin, qudratli odamga erga tegsang, u bu ishni birpasda qoyillatadi", deydi hakam.

"Bunday odam sening eringga shu soniyadan boshlab, qaytib qorangni ko‘rmay. Agar turqingni ko‘rsam, boshingdan darcha ochaman deya oladi".

Divaning oilasi ana shu so‘zlarning hammasi yozilgan audio tasmani Kobuldagi Oliy mahkamaga yetkazgan bo‘lsa ham, hozircha hakamga qarshi biror bir chora ko‘rilmagan.

Jarbdiyda juvonning ajrashishga oid mahkama ishi ham aro yo‘lda qolib ketgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.