BBC navigation

O‘zbekistonning eng uzoq siyosiy tutquni jazo muddati yana uzaytirilgan

Сўнгги янгиланиш 17 декабр 2012 - 18:55 GMT

O‘zbekiston hukumati 1994 yildan buyon tutqunlikda saqlab kelayotgan muxolifatdagi "Erk" partiyasi faoli va mamlakat parlamentining sobiq deputati Murod Jo‘rayevning jazo muddati yana uch yilga uzaytirilgan.

Yaqinlarining aytishicha, Olmaliqdagi jazoni ijro etish muassasasi ma‘muriyati Jo‘rayevni ichki tartibini buzishda aybdor deb topib, yana uch yilga mahkum etgan.

Murod Jo‘rayev va yana bir necha "Erk" partiyasi faollari 1994 yilda hokimiyatni noqonuniy bosish olishga urinishda ayblanganlar.

Murod Jo‘rayevning qamoq muddati hozirga qadar uch marta uzaytirilgan.

So‘nggi, to‘rtinchi marta uzaytirish O‘zbekiston Senati yangi amnistiyani e‘lon qilgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Xalqaro tashkilotlar amnistiyani siyosiy mahbuslarga nisbatan ham qo‘llashga chaqirishgan.

O‘zbekistonlik va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston hukumatining siyosiy tutqun deb ko‘rilgan mahkumlarni qamoqdan chiqarmaslik maqsadidagi amallarini muntazam tanqid qilib keladilar.

Ko‘plab yillar davomida siyosiy tutqunlarning qamoq muddatlari "jazoni ijro etish muassasasining ichki tartibini buzdi" degan bahona bilan uzaytirib kelinadi.

60 yoshli Murod Jo‘rayevning qamoq muddatini uzaytirish haqidagi Olmaliq shahar sudi chiqargan hukmga ko‘ra, Murod Jo‘rayev "oyoq kiyimini yechmasdan ichkariga kirish", "choyni tamakiga almashtirish" bilan Olmaliq qamoqxonasining ichki tartiblarini buzgan.

Shu yil davomida Murod Jo‘rayevga uch marta jazo tayinlangan va 15 kunlik kartserlarga tashlangan.

Bugungi kunga kelib Murod Jo‘rayev mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq vaqt qolayotgan siyosiy tutqunga aylangan.

O‘zbek maxsus xizmatlari Murod Jo‘rayevni 1994 yilda Qozog‘istonda tutib o‘g‘irlab kelganlar va 1995 yil fevralida uning ustidan hukm o‘qilgan.

Murod Jo‘rayev qamoqxonada o‘ziga qiynoqlar qo‘llanilganini aytgan.

18 yillik mahkumlik oqibatida Murod Jo‘rayev salomatligini jiddiy yo‘qotgan.

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, bu yillarda Prezident Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan.

Murod Jo‘rayev hali Boris Yeltsindan ham ilgari kommunistik partiyaning Muborakdagi boshlang‘ich tashkilotini tarqatib yuborgan.

U 1990 yilda saylangan O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan.

--------------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.