BBC navigation

"Qaltis barqarorlik" yoki Bokuda umr kechirayotgan armanilar haqida...

Сўнгги янгиланиш 17 декабр 2012 - 18:03 GMT

Melani Krebs 2010-yilda Berlindagi Gumbolt Universiteti Markaziy Osiyo Tadqiqotlari bo‘limida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

"Erevangami?" - deydi Boku markazidagi Sovet davridan qolgan sanoqli ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi do‘stim "Alena" (ismio‘zgartirilgan) va menga go‘yoki bu hayotimda eshitgan eng ahmoqona, hattoki, tahqirlovchi g‘oya, degandek qaraydi. - "Men u yerda yashagandan ko‘ra, o‘lganim yaxshi!"

1990-yil yanvaridan keyin Bokudan ko‘chib ketmagan armanilardan biri sifatida "Alena" bu so‘zlari quruq emasligini allaqachon isbotlagan.

O‘shanda "Qorabog‘" masalasida millatchilar yurishidan keyin Bokuda armanilarga qarshi "pogrom" boshlangan, hozirgacha noma‘lum sondagi insonlar yaralangan, o‘ldirilgan va ko‘plab uylar vayron etilgandi.

Bir necha kun ichida Bokuda adadi bo‘yicha uchinchi bo‘lgan armanilarning aksari bor-budlarini tashlab, shahardan qochib chiqishgandi.

Ularning ko‘pi shaharda istiqomat qilgan uchinchi avlod vakillari edi.

Bokuni o‘z kindik qoni to‘kilgan joyi deb bilgan oz sonli armanilargina shaharni tark etishdan bosh tortishgandi o‘shanda.

"Qayerga borishim kerak edi? Nima uchun? Bu - mening shahrim. Boku faqat o‘sha ahmoqlarga taaluqli emas!" - deydi "Alena".

Chiqib ketganlar uchun ular "vatan" deb bilgan o‘lka, aslida esa xorijiy davlat bo‘lib chiqdi: Bokulik armanilarning aksari endilikda armani cherkoviga aloqador emaslar. 1960-yillarda Bokuda so‘nggi armani maktabi berkitilishi ortidan bu shaharda yashovchi armanilarning aksari o‘z ona tillarini yaxshi bilishmaydi.

1960-1970-yillarda Boku "kosmopolitlar shahri" sifatida ta‘rifu tavsif etilardi.

Bokuning o‘zgarib borayotgani haqidagi tadqiqotlarim davomida armani jamoasining yo‘qolib borayotganiga ko‘p marta guvoh bo‘ldim.

"Alena"ga o‘xshagan armanilar Bokuda hozir qancha qolganini hech kim bilmaydi. Bu haqdagi raqamlar ham bir-biridan farq qiladi – bir necha yuzdan bir necha mingga qadar.

Ularning aksari ozariy erkaklar bilan turmush qurgan, farzand va nevara ko‘rgan armani ayollaridir.

Qizig‘i shundaki, bunday guruh vakillari, rasmiy statistik ma‘lumotlar va, hattoki, armanilar qolmagani haqidagi da‘volarga qaramasdan, hali ham ancha ekanliklarini aytishadi.

Bunday guruh vakillarining aksari aralash oilalardan bo‘lgani uchun masala yanada chigallashgan.

Tili, dini va kelib chiqishini aniq aytish qiyi bo‘lganlarni qanday qilib armani deb aytish mumkin?

Ozariy erkagi bilan 40 yildan ko‘proq umr ko‘rgan, dindor bo‘lmagan va rus tilida gapiruvchi "Alena" Bokuda tavallud topgani va aynan mana shu shaharda dafn etishlarini istaydi.

Bir necha yildan buyon rus pravoslav cherkoviga qatnovchi, Frantsiya pasportiga ega va na armani, na ozariy tilini o‘rganishni istagan "Alena"ning qizini qaysi millatga taaluqli deyish mumkin?

Yo bo‘lmasa, Rossiyaga ko‘chib ketgan rus va armanidan dunyoga kelgan, o‘zi esa ishi va ozariy rafiqasini deb Bokuda qolgan yigitni qaysi millatga taaluqli deb aytish mumkin?

Ularning bari Kaspiy Dengizi bo‘yida joylashgan shaharga o‘zlarini yaqin his qilishadi, biroq birortasi ham Ozarbayjonni o‘z mamlakatlari sifatida tan olishmaydi.

Ularning oilalari va do‘stlari butun dunyo bo‘ylab yoyilib ketgan, eski aloqalar esa yo‘qolib bormoqda.

Bu ko‘p hollarda iqtisodiy qiyinchiliklarga yetaklaydi.

O‘ziga to‘q yaqinlari yordamisiz yashay desalar, oylik va nafaqalar, ijtimoiy yordamlar kun ko‘rishlari uchun yetarli emas.

Iqtisodiy masalalardan tashqari, tanholik va yakkalanib qolish kabi holatlar ham kundalik muammolar sifatida tilga olinadi.

Ayniqsa, keksalar uchun bu holat ko‘p hollarda Ozarbayjondagi aksil-armani kayfiyatidan ham ko‘ra yirikroq muammoga aylangan.

"Mening hamma qarindoshlarim va eski do‘stlarim ketishgan.... Ular bilan aloqada bo‘lib turish qiyin.... Ozariy qo‘shnilarim menga bozorlik qilishadi, mashinalarida shifoxonaga bepul olib borib, olib kelishadi. Ular mening armani ekanligimni bilishsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki ularning ayrimlari bu uyda ko‘p yillardan beri yashashadi. Ammo bu haqda biz umuman gaplashmaymiz", - deydi "Alena"

Tanholik muammosidan tashqari yana ikki nuqta davomli tilga olinadi.

Birinchisi, armani millatiga taaluqli bo‘lish muammo bo‘lmagan Sovet Ittifoqidagi "eski paytlar"ni eslash.

"Qaysi millatdan ekaning muhim emasdi, chunki hamma bir xil edi", - deydi men bilan suhbatlashgan armanilardan biri.

Ikkinchi nuqta, qaysi millatga taauluqli ekaningni hech kim savol ostiga olmasligi.

Bu, ayniqsa, ozariylar Bokuda yashovchi armanilar haqida gapirgan paytda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bokulik armanilarning bugungi hayotini "qaltis barqarorlik" deb nomlash mumkin: ular rasman mavjud emas, ammo eski qo‘shnilari tomonidan hamon armani sifatida ko‘riladi.

Bokulik armanilar Qorabog‘ yuzasidan yangi urush ehtimollarini qo‘rquv bilan kuzatib borishsa-da, hech kimning tarafini olishmaydi.

Ular Boku shahriga sodiq, ko‘p hollarda esa, umumiy o‘tmishga ega o‘z ozariy qo‘shnilaridan minnatdorlar.

Ammo, Bokulik armanilar ularning qaysi millatga taaluqli ekanliklarini shubha ostiga oluvchi jamiyatga ehtiyotkorlik bilan yondashishadi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.