BBC navigation

Rossiya: Strasburg mahkamasi "qutqazgan" o‘zbekistonlik g‘oyib bo‘lgan

Сўнгги янгиланиш 17 декабр 2012 - 14:18 GMT

Strasburg mahkamasi Yusuf Qosimoxunov ekstraditsiyasini to‘xtatish haqida qaror chiqargan.

Rossiyadagi "Inson huquqlari instituti" xabar qilishicha, Rossiya qamoqxonasidan ozod etilgan, O‘zbekistonga ekstraditsiyasini Strasburg mahkamasi to‘xtatib qolgan O‘zbekiston fuqarosi Yusuf Qosimoxunov Moskva viloyatida g‘oyib bo‘lgan.

"Inson huquqlari instituti" shu munosabat bilan tarqatgan bayonotda aytilishicha, Yusuf Qosimoxunovni O‘zbekiston hokimiyati qo‘liga topshirish maqsadida o‘g‘irlanganiga "shubha yo‘q".

1964 yilda Andijonda tug‘ilgan Yusuf Qosimoxunov 1995 yildan buyon Rossiyada istiqomat qiladi.

1999 yilda O‘zbek organlari unga nisbatan O‘zbekiston konstitutsion tuzumini ag‘darish va "Hizbut-tahrir" firqasiga a‘zolik ayblovi bilan jinoyat ishi ochganlar va 2000 yilda Rossiya rasmiylaridan ekstraditsiya etishni so‘raganlar.

Yusuf Qosimoxunov 2004 yilda hibsga olingan va Rossiyada taqiqlangan "Hizbut-tahrir" firqasiga a‘zolikda aybdor deb topilib 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Rossiyalik inson huquqlari himoyachilariga ko‘ra, Rossiya huquq-tartibot idoralari mamlakat qonunlarini qo‘pol ravishda buzganlar, O‘zbekiston tomonining so‘rovlariga binoan Yusuf Qosimoxunovni ekstraditsiya qilish uchun asos bo‘ladigan "vajlarni ko‘paytirib kelaverganlar".

Yusuf Qosimoxunov va himoyachilari uning O‘zbek rasmiylari qo‘liga topshirilishiga qarshi bo‘lganlar, rasmiy murojaatlarda uning O‘zbekistonda qiynoqlarga tutilishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

Shu yil iyulida Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi Yusuf Qosimoxunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishni to‘xtatish haqida qaror chiqargan.

Himoyachilari va "Inson huquqlari instituti" faoli Yelena Ryabinina xabar qilishicha, shu yil 10 dekabr kuni Yusuf Qosimoxunov qamoqdan ozod etilib Moskvaga kelgan va Rossiya migratsiya xizmatiga vaqtincha boshpana izlovchi maqomini berishni so‘rab ariza topshirgan.

U yashayotgan Moskva viloyati Verbilki posyolkasidagi ijara uyi atrofida ikki avtomobilni ko‘rgan va bu haqda advokatlarini xabardor qilgan.

Qosimoxunov advokati Ovro‘po mahkamasidagi Rossiya vakili idorasini ushbu holatdan boxabar etgan.

Faollar 14 dekabrdan Yusuf Qosimoxunovning telefoni "o‘chganini", uning o‘zi va uyi atrofida bir necha kun kuzatilgan avtombillarning g‘oyib bo‘lganini aytadilar.

Faollar Yusuf Qosimoxunov Toshkent yoki Andijonga uchadigan uchoqqa g‘ayriixtiyoriy tarzda o‘tirg‘izilib, O‘zbekistonga olib ketilgan deb ishonadilar.

Ushbu hodisa Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Kozak Toshkentda O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashgan va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Toshkentda kutishayotgan kunlarga to‘g‘ri kelgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.