BBC navigation

Sayyod: Men hamma narsaga adolatli yondoshaman, haqiqatni aytishdan qo‘rqmayman!

Сўнгги янгиланиш 18 декабр 2012 - 18:09 GMT

Sayyod.uz O‘zbekistondagi shou-biznes mavzusiga bag‘ishlangan eng mashhur web-sahifalardan biridir.

Uning asoschisi Sardor Komilov - Sayyod.

Sardor Komilov 1978 yil 14 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Uning aytishicha, ilk jurnalistik faoliyatini xobbi sifatida uzforum.com forumida boshlangan.

So‘ng u "Darakchi" ro‘znomasida ishlaydi, bu paytda shou biznesning qator vakillari bilan suhbatlari e‘lon qilinadi.

Sardor Komilov jurnalist sifatida ancha tanilgach, Sayyod taxallusini tanlaganini aytadi.

Va 2008 yilda "Shou-biznes adolat nishoni ostida!" shiori bilan sayyod.com saytining faoliyatini boshlaydi.

Unga ko‘ra, sayt tarixini ancha oldinroq, 2003 yillarda boshlangan deyish mumkin.

O‘sha yillardan boshlab turli ro‘znomalarda chiqqan surat, she‘r va hikoyalari, uyushtirgan suhbatlari ushbu saytining ochilishiga turtki
bo‘lgan.

Birmuncha vaqt Sayyod mashhur san‘atkorlar bilan ham birga ijodiy faoliyat olib boradi.

U xonanda Ulug‘bek Otajonovning prodyusseri sifatida ishlaydi.

Shu bilan birga Ortiq Otajonov, Ulug‘bek va Ali Otajonov hamda boshqa xonandalarning qator kliplariga muallif va rejissyorlik qiladi.

Sardor Komilov "Asl xonanda" ilk o‘zbek internet realiti-shousining rejissyori, muallifi va tasvirchisi hisoblanadi.

Bundan tashqari o‘zbek shou biznes olamida uning "Ko‘ngil", "Jurnalist-yulduz","Djumandji" loyihalari mashhur bo‘lgan.

Sayyod.com dunyodagi mashhur YouTube videoportalining O‘zbekistonda tan olingan yagona kanali hamdir.

Sardor Komilov o‘z sayti orqali hozirgi o‘zbek ommabop qo‘shiqchiligida jonli ijroni targ‘ib qilib kelmoqda.

25 oktyabrda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan "Mardi maydon" ilk jonli gala-kontsertini targ‘ib qilgani uchun "O‘zbeknavo"tomonidan diplom bilan
taqdirlandi.

Web-sahifa nafaqat shou-biznes olami yangiliklari va muammolarini yoritadi, balki xayriya ishlariga ham hissa qo‘shishga intilmoqda.

бу ерга босинг Sayyod.uz web sahifasi uchun bu yerga bosing

Sardor Komilov san‘atkorlar ishtirokidagi har juma kuni uyushtiriladigan leykemiya bilan og‘rigan bolalarga qon topshirish xayriya tadbirining yetakchilaridandir.

Sardor Komilov shu kunlarda mashhur xonanda Yulduz Usmonova bilan birgalikda katta shou tayyorlanayotganini aytadi.

Сардор Комилов билан суҳбат. 1-қисм

Би-би-си меҳмони - Sayyod.uz веб-сайти муҳаррири Сардор Комилов билан суҳбатнинг 1-қисми

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Сардор Комилов билан суҳбат. 2-қисм

Би-би-си меҳмони - Sayyod.uz веб-сайти муҳаррири Сардор Комилов билан суҳбатнинг 2-қисми

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Sardor Komilov - Sayyodning BBC o‘quvchilari savollariga javoblari

Shvetsiyadan Ulug‘bek: Shou biznes haqida yozishingizga sabab mashhur bo‘lishmi yoki mashhurlarga yaqinlashishmi?

Sardor Komilov: Yo‘q, unisiyam emas, bunisi ham. Meni bu sohaga kirishimdan xabardorlar yaxshi bilishadi. O‘zi forumda o‘tirardim oddiy. uzforum degan sayt bo‘lardi. Fikr almashib. O‘zimning blogim bor, u yerda hikoya yozardim. O‘zimni qiziqishim-da, hikoya, she‘r, monologlar, hozirgacha davom ettiraman - "Sevganimga atalgan noma"deb qo‘yganman. Shundan boshlangan."Parvona" gazetasidagilar ularni internetda chop etishga ruxsat so‘rashgan. Xo‘p, deganman. Keyin ular iltimos qilishgan - mashhurlar bilan intervьyu qilolasizmi, deb. Oddiy ishtirokchilardan intervьyular olardim boshida. Keyin so‘rashgach, boshlanib ketgan. Lekin mashhurlarga qiziqish menda yo‘q. Ochig‘i, estradamizda men kumir deb biladigan odamim to‘g‘risi yo‘q.

O‘zbekistondan Bahodir: Butun dunyoda mashhur insonlar o‘zlarining shaxsiy hayotlari, kim bilan ko‘rishib, kim bilan bir davrada uchrashayotganlari haqida oshkor bo‘lishini istashmaydi. O‘zbekistonda mashhurlarimiz hayotidagi yangiliklardan boxabar bo‘lib turish ham oson emas. Siz shou-biznesimizdagi yangiliklarni qayerdan olasiz? Buning uchun bir jamoa ishlashi kerak bo‘ladi? Siz bir o‘zingiz ishlaysizmi yoki saytni yuritadigan jamoangiz bormi?

Sardor Komilov: Mashhurlarning hayotiga hamisha qiziqish bo‘lgan. Birinchidan, bu ham qaltis, ham ularni tushunsa bo‘ladi. Ijodkor o‘zining ijod namunasini xalqqa taqdim qilishni xohlaydi. U yerda ijodiy yashashini xohlaydi. Lekin shaxsiy hayotini ko‘rsatishni hech kim xohlamaydi. Unga tegish ham kerak emas. U ham odam, uning ham xatosi, gunohi bor. Lekin mening fikrimcha, mashhur bo‘lganidan keyin mas‘uliyatni ham sezishi kerak. Xalq uning ichib o‘tirgani yoki boshqa xunuk ish qilib o‘tirganini ko‘rib qolishi mumkinligini bilishi kerak. Ba‘zi o‘tish yoshidagi yoshlar mana shunga ham taqlid qilishi mumkin - "Bu kruto" deb. Lekin ba‘zi shou-biznes vakillari borki, ular ijod qilish uchun emas, qiziqish orqali o‘zini ko‘rsatish maqtanish, pul orqali nimalargadir erishish, qo‘yingki ko‘rmaganning ko‘rgani qursin" degandek "men zo‘rman" deb o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilish uchun kelishadi. Men oldindan uzr so‘rayman, ruscha qo‘shib gapirayotganim uchun. Sobiq Ittifoq davrida tug‘ilganman. Bilasiz, rus tili o‘shanda oldinda bo‘lgan. Shu tarzda gapirish hozir menga qulayroq. Endi mashhurlar, shaxsiy hayotini piar qilishni xohlaydiganlar ham bo‘ladi. Ma‘lumotlarni qayerdan olishimga kelsak, ijodiy jamoam yo‘q. O‘zim videoga olaman, o‘zim yozaman, rasmga tushiraman, fotoshop qilaman, saytga qo‘yaman. Lekin texnik yordamchilarim bor. Ba‘zi fotoreportajlarni suratga olishi, boshqa yordamlarni berishi mumkin. Lekin ular doim o‘zgarib turadi. Sababi, ko‘pchilik fidoyilikni yoqtirmaydi. Mening saytimda reklamalar yo‘q. Oylik to‘lanmaydi. Faqat san‘atga aloqador reklamalar, unda ham o‘zim aloqador bo‘lsam qo‘yilgan. Demak daromad yo‘q. Shuning uchun jamoa tez-tez o‘zgarib turadi. Yulduzlarga qiziqqanlar to‘rt-besh marta kelishadi, ularni rasmga tushirishadi, ko‘rishadi. Qizig‘i qolmagach, sekin-sekin yo‘q bo‘lib ketishadi. Fan forumim bor. Saytimga kiritilgan - "Adolatchilar" degan. Xayriya ishlarimga yordam berishadi. Ular endi ko‘ngilli yoshlar. Lekin ijodiy ishlarni faqat o‘zim qilaman.

BBC: Bu bilan hech kimga ishonmaysizmi yoki ishongan odamlaringiz siz qo‘ygan talabga javob berishmaydimi?

Sardor Komilov: To‘g‘ri, hech kimga ishonmayman. Hatto onamga ishonmayman. Bu yomon emas. Siz o‘zingizni siringizni kimgadir aytdingizmi, u boshqaga aytmasligiga kafolat yo‘q. Onangiz ham siqilib, siringizni kimgadir aytib qo‘yishi mumkin. Men hayotiy tajribamdan kelib chiqib hech kimga ishonmayman. Saytni ham. Chunki saytga kiruvchilar meni o‘qishni xohlashadi. O‘rgangan odamlarni aytyapman. Ular mening qanday yoritishimga, "prikollarim"ga o‘rganishgan. Lekin sinab ko‘rganman. "Jurnalist shou" orqali uch kishi, Feruza Fattoxova va Saida Vahobova, Shahlo Qodirova tanlab olingan. Ular hozir boshqa sayt ochib ketishdi. Bu albatta yaxshi. Har holda ularni jurnalist sifatida kashf qildim. Lekin ularning yozgan reportajlari, tahlillari mening saytimga to‘g‘ri kelmadi. Mening o‘quvchilarim uncha qabul qilishmadi. Hozir ular o‘zining auditoriyasiga ega.

O‘zbekistondan Bahodir: G‘arbda mashhur insonlarning orqasidan "sariq matbuot" vakillari - paparatstsilar qolishmaydi. Sizning ham ana shu paparatstsilarga o‘xshab ish tutishingizga to‘g‘ri keladimi yoki bizning O‘zbek mashhurlarimiz bunga boshqacha qaraydilarmi?

Sardor Komilov: "Sariq matbuot" nima o‘zi? Bu tasdiqlanmagan xabarlarni piar qilib beriladi. Lekin mening saytimda isbotlab berdimki, hech qachon yolg‘on xabar bermayman. Buni saytimga kiradiganlar bilishadi. Shuning uchun saytimga nisbatan "sariq matbuot" so‘zini ishlatishlarini xohlamasdim. Paparatstsiga keladigan bo‘lsak, bu jurnalistika emasda endi. Suratchilarning bir turi. Haligi taniqli odamni semirib ketgani, boshqa bo‘lgani haqida. Agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, saytimda xunuk rasmlarni bermaslikka harakat qilaman. Yulduzlarni ham, kim bo‘lmasin chiroyli rasmlari ketadi. Nima keragi bor xunuk narsani qo‘yib. Bu shaxsiy hayotga kirish hisoblanadi. Fotoapparat ko‘tarib kimningdir orqasidan quvib yurish meniki emas. O‘zimga ep ko‘rmayman. Va bizda bu rivojlanmagan, kerak ham emas. Boshqa shaharlarda nimaga bu rivojlangan? Ular paparatstsidan katta soqqa, pul qilishadi. Bu biznes, ijod emas. Men o‘zimni tijoratchi yoki jurnalist deb bilmayman. Men o‘zimni ozod ijodkor deb bilganim uchun, bu narsa menga begona.

Olmoniyadan Shuhrat: Sardor aka, o'zingiz va olib borayotgan faoliyatingiz borasida o'qib chiqdim. Ular albatta tahsinga sazovor, ayniqsa san'at sohasi va hayriya ishlaringiz. Birinchi savolim, saytingizga tanlagan shioringiz "Shou-biznes adolat nishoni ostida!" ekan. Buni qanday tushuntirgan bo'lardingiz? "Adolat nishoni ostida" deganda aynan nimalarni tushunish kerak? Adolat sizning nazaringizda qanday ko'rinishda bo'ladi?

Sardor Komilov: Prikolniy savol. "Adolat nishoni ostida", ha boshida shunaqa bo‘lgan. Keyin men uni sal o‘zgartirganman - "Jonli sayt" deganman. Jonli muloqot, jonli ijro, jonli efir, tezkorlik degani. Endi "Adolat nishoni ostida" shiorining ham faoliyatimizda o‘z ahamiyati bor. Adolat nima, hamma narsaga adolatli yondashish, jarayonni xolis, ham tanqidiy, ham ijobiy tomondan yoritish. Boshidan boshqalar ko‘zini yumib turgan narsalarga men yummaganman. Adolat mening taxallusim Sayyyod - ovchiga ham to‘g‘ri keladi. Saytimdagi ramzim ham kamon va o‘q o‘rnidagi ruchka. Nishonga tushganlar qalam ostiga olinadi.

Olmoniyadan Shuhratning ikkinchi savoli: Gulnora Karimova faoliyati, sizning faoliyatingizga shu shaxsning qanday bogliqlik joyi bor? Uni faoliyatini, olib borayotgan ishlarini ko'p yoritasiz, aynan ijobiy fukrlar bilan. Uning o'zidan, yoki biron tashkilotidan moddiy yordam olasizmi? Agar "Yo'q" bo'lsa, siz internetdan ko'p foydalanadigan shaxssiz, uni dunyo bo'ylab yoyilgan va keskin qoralanayotgan ishlaridan albatta xabaringiz bo'lsa kerak. "Adolat nishoni ostida" yondashilganda boshqacharoq fikrlar yoritilishi kerak emas edimi, uning propagandasi bilan shugullanib qolmayapsizmi?

Sardor Komilov: Birinchidan, ular bilan mening hech qanday aloqam yo‘q. Rasmiy ravishda aytaman. Endi oxirgi o‘n yillikda ular o‘z loyihalari bilan ko‘rina boshladilar. O‘sha "Fond forum" orqali qilinayotgan loyihalar bilan. Nimasini tanqid qilish kerak? Kim yoshlarga shuncha imkoniyat beryapti? Butun dunyo bo‘ylab bizning o‘zbek moda, an‘analarimizni ko‘rsatyapti. Buni hamma biladiku. "Moddiy tomondan" deyishning o‘zi kulguli. Mening saytimni yomon ko‘radiganlar ham bor. Agar biror narsa bo‘lsa, allaqachon buning tagiga yetib aytishgan ham bo‘lardi. Gulnora endi so‘nggi paytlarda "yarq etib ko‘ringan persona", "persona nomer odin". Bu aniq. Endi nimada ayblashgani, bir ikki marta ko‘rdim ham va fikr bildirishni lozim deb topdim. Nimaga? O‘zbekistonda hali hech kim qilmagan. Mingta to‘yni ko‘ring. Qancha oilaga yordami tegdi. Keskin ayblovlar, e ayblovlar bo‘laveradi. Men saytimda aytganman ham. Mingta to‘yga otilgan toshlar, Style.uzni tanqidlarga munosabat haqida. Adolat bilan yondashish, degani faqat tanqid qilish degani emasku? Adolat bilan yondashish, har tomonlama ko‘rsatish degani. Men qanaqa yomon propaganda qilgan ekanman? Yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma ko‘rib turibdi buni. Agar shu savolni bergan odam Toshkentda yoki O‘zbekistonda bo‘lganida bilardi bu barsalarni. Mana shu chekkada ko‘pchilik borda, hamma emas albatta, shu qadar alamzada bo‘lib ketganmi deymanda. Oldin kel, mana bu yerda yashab o‘z ko‘zing bilan ko‘r, bil, qatnash o‘sha tadbirlarda. Men o‘zim bevosita o‘sha tadbirlarda qatnashganman. Ko‘pchilik jurnalistlarni taklif qilishdi. Viloyatlar bo‘yicha turne, deb nomladim men. Xayriya tadbirlarida Gulnora Karimova yetim bolalarning to‘ylarini o‘tkazib berganini ko‘rdim. Kim, qaysi mahalla qo‘mitasi qilib beryapti? Endi shou biznesda yarq etgan kishi, voqea, kliplar haqida saytimda berilar ekan, Gulnora Karimovaning faoliyati haqida ham berildi. Bitta men emas, hamma yozyapti. Nimasini yomonlaysila? Behuda gaplar hammasi. Men o‘z fikrimni aytishga hech qachon qo‘rqmaganman. Birinchidan, maqol bor "ajali yetmagan chivin hech qachon o‘lmaydi"degan. Men propaganda bilan emas, bor gapni yozganman. Keyin men internetda chiqqan hamma gapni o‘qishga vaqtim ham yetmaydi. Men unday ja kumir emasman, qani kim haqida nima yozilibdi deb qidirib o‘tiradigan. To‘g‘ri o‘zimga zarur, dolzarb narsalarni topib o‘qiyman. Saytning o‘zi mening bor vaqtimni oladi, boshqa narsalarni qidirishga to‘g‘risi vaqtim qolmaydi. Men bu yoziladigan gaplarga munosabatim ular yo hasad qiladi, yo piar. Keyin yana bir gap. Moddiy taraflama kimdandir yordam olganimda, hozir telefonimga qarz olib to‘larmidim (kuladi), hatto mashinam ham yo‘q. Menga yaqinlar buni bilishadi. Bu g‘alati fikrlar. Kim haqida yozsang, o‘shaning odami bo‘lib qolasan odamlar nazarida. Bir Ozodaning ishchisi deyishdi, "bu Ozodbekka qarshi yozdi Ozodaga ishlaydi", deyishdi. Voy, endi Ozodbek O‘zbekiston xalq artisti bo‘lsa uni tanqid qilish mumkin emasmi? Keyin Yulduz haqida yozsam, san endi Yulduzga ishlaysan, deyishdi. Qanday qilib ham Ozodaga, ham Yulduzga ishlash mumkin? Endi bo‘lsa, Gulnoraga. Odamlar unday qilmaylik. Men borini yozaman, hech kimdan qo‘rqmayman.

BBC: shu mavzuda bo‘lgani uchun so‘ramoqchiman, Gulnora Karimovaning Buxoroda olingan klipi Islom qadriyatlarini oyoq osti qilgan, degan fikrlar ham bo‘ldi. Shu klip haqida sizning fikringiz qanday?

Sardor Komilov: Voy-bo‘, turistlar Buxoroga borishsa oyoq osti bo‘lmas ekanmi u yerlar? Siz bormaganmisiz Buxoroga? Zinapoyalardan chiqmaganmisiz? Buxoroliklar bilishadiku buni. Nimaga ochib qo‘yilgan, yopib qo‘yish kerak bo‘lmasa! Nega Gulnora Karimova chiqqan joy aytiladiyu, turistlar chiqqan joy aytilmaydi. Hamma yuradiku u yerlarda. Bu endi butunlay noto‘g‘ri fikrda. Xalqqa ko‘rinmasang, ha odamlardan uzilgan deyishadi. Xalq bilan hamnafas bo‘lsang, yana boshqa ayb topishadi. U ham odamku, uning ham haqqi bor. Men tushunardim, agar mozorning ustidan yurib ketsa bu noto‘g‘ri, deb aytardim.

BBC: Qirg‘izistondan o‘z ismini yozib yubormagan o‘quvchimiz savoli ham Gulnora Karimova haqida ekan. Tunis, Misrda hukumat ag‘darilgach, mamlakatda katta qudratga ega bo‘lgan prezident qizlari izsiz yo‘qoldi. Sizni Gulnora Karimovaning ishlarini targ‘ib qiluvchi va obro‘sini himoya qiluvchi shaxs sifatida bilamiz. Erta bir kun O‘zbekistonda ham Karimovning ishlari teskari ketib zamonlar o‘zgarsa, hozir qilgan ishlaringizdan pushaymon bo‘lmaysizmi?

Sardor Komilov: Tovba qildim, g‘alati. Men shunaqa savol beradiganlarning fizionomiyasini ko‘rgim keladi-da. Yozayotganda yuzidagi mimikalarini, nervlarini tasavvur qilgim qiladi. Xaqorat tuyulmasin tag‘in. Lekin o‘sha Tunis va Misrdagi prezidentlar ketmasidan oldin ularning qizlari nima ishlar qilishgan ekan, degan savol tug‘iladida. Men saytimda ham yozganman. Qaysi katta davlat rahbarlarining qizlari nima qilishyapti? Nega taqqoslamaysila? Piketlar, urgan-so‘ygan. Bir malikaning o‘g‘li haqida o‘qigandim. Diskotekada bir nimalar bo‘lgani, ichib rulga o‘tirgani, qo‘lga tushgani haqida o‘qiymizu taqqoslamaymiz. Kimdir o‘z mavqei, qirolning bolasiligidan foydalanib yuribdida, kimlardir xayriya qilyapti. Men Gulnora Karimova bilan viloyatlardagi xayriyalarda uch kun birga yurdim. Uxlagani yo‘q bechora. Men uni ko‘rib charchab ketdim. Samolyotdan samolyotga, mashinadan samolyotga. Charchamaydiyam, yana chiroyli muomala qiladi, o‘zigayam qarashni biladi. Masalan MDH davlatining qaysi prezidentining bolasi nima qilayotganini ko‘ryapmiz? Albatta hech kim boqiy emas, kimdir o‘zgaradi. Lekin men o‘zimning qilgan ishimdan achinmayman. O‘zimga javob beraman. Qayerdadir xato qilgan bo‘lsam ham achinmayman, u menga kelajakda saboq bo‘ladi. Har bitta narsada yaxshi maqsad qo‘ygan odamning hayotda yashashi ham oson bo‘ladi. Men achinmayman. Yozayotgan narsalarimdan ham bir tiyinlik daromad kelayotgani yo‘q. Maqolalarimga berishar gazetalardan 20-30 ming so‘m gonorar, u ham yo‘lkiramga ketadi. Men pulni o‘ylab nimadir yozsam yarq etib saytimda ko‘rinardi- mingta reklama bo‘lib.

Jurnalistika fakulteti talabasi: Jurnalistika xobbim degan ekansiz, hozir ham shunday fikrdamisiz yoki fikringiz o‘zgarganmi? Meni saytingizga ishga, shogirdlikka olasizmi?

Sardor Komilov : Men hech qachon jurnalist bo‘laman, deb bong urmaganman. Mening yozganlarim gazetadagilarga, odamlarga yoqdi. Sardor, mana buni qilib ber deyishdi. Demak mening mahsulotim, fikrlarim kimgadir kerak. San‘atkorlar ham, katta-kichik mening yozganlarimga qo‘shilishdi. To‘g‘ri yozyapsan, deyishdi. "Jurnalistika fakultetini bitirmadi" degani- hech narsani bilmaydi, degani emas. Men bolalikdan san‘at olamida katta bo‘lganman. Bastakor Qahramon Komilov tog‘am bo‘ladilar. O‘sha Muqimiy teatri spektakllari uchun yozayotgan ariyalarini ko‘pini eshitib, guvohi bo‘lganman. Shu muhitda o‘sganman. Bizning oilamizning yarmi huquqshunos, yarmi san‘at olamidan hisoblanishadi. Xullas aloqam bor. Tushuncham bor. Mas‘uliyatga keladigan bo‘lsak, auditoriyangiz katta bo‘laverganidan keyin, odamlar sizga quloq solayotganidan, gazetalar yozganlaringizni bosadigandan keyin mas‘uliyat oshib boraveradi. Lekin men saytni rasmiy ravishda ochmaganim uchun, hozir ham xalq tilida yozishga harakat qilaman. Odamlarga bu yoqadi, ularga yetib borishi, o‘qishi oson. Endi rasmiy ravishda yozishadiku bir nimalar deb, bundan xalq zerikadi. Eng asosiysi axborotni yetib borishini yengillashtirish kerak. Mas‘uliyat albatta bor. Men o‘zim aytadigan har bir gapning mas‘uliyatini bilaman. Qaysidir bir gazetada yozishdi. "Qo‘shiqda ma‘ni matra yo‘q", deb. Bu noto‘g‘ri. Qo‘shiq bu kitob emasku. Bu hordiq. Masalan to‘yga borganda raqsbop musiqaga o‘ynaysiz, ma‘nosiga e‘tibor berib o‘tirmaysiz. Qo‘shiq turfa xil ma‘noda, ko‘ngil uchun, raqs, hordiq uchun, ma‘rifat uchun og‘ir-bosiq qo‘shiqlar bor. Lekin bu tarzda chegaralab qo‘yish kerak emas, deb o‘ylayman. Endi shogird masalasiga kelsak, men kulol yoki duradgor emasmanki shogirdlikka olsam, bu uyat bo‘ladi. Mening o‘zim shogirdman. Lekin jurnalistika fakultetiga erkin mavzuda, internet jurnalistika bo‘yicha suhbatga chaqirishdi. Talabalardan bugungi kunda internet jurnalistikasida kerak bo‘ladigan narsalar haqida "buni o‘tganmisizlar", desam "yo‘q" deydi, bunichi?" desam yo‘q, e jurnalistikada nimani o‘rganasizlar deganman. Balki yuqori kursda o‘rgatishar, bilmadim. Masalan, men jurnalistikaga kirdim deylik, lekin nimani o‘rganishim mumkin? Mening talablarim boshqacharoq. Shunchaki rasmiy qog‘oz menga kerak emas. Men nima uchun yozaman? O‘zimning fikrlarimni , noto‘g‘ri bo‘layotgan narsalarga e‘tirozlarimni bildirish, boshqalarning ham fikrlarini inobatga olgan holda, san‘at olamiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatish maqsadim bor. Lekin jurnalist bo‘lmasam ham, har holda Sayyyod deyilsa tanishadi. Men shunchaki ozod ijodkorman.

Olmoniyadan Shuhrat: Bugungi o‘zbek shou-biznes(san‘ati) va matbuotidagi qaysi holatlarni tezda yechilishi lozim bo‘lgan muammo dub aytgan bo‘lardingiz? Bugun o‘zbek shou-biznesga nima yetishmaydiyu, nima keragidan ortiq?

Sardor Komilov: Hozir "O‘zbeknavo" zo‘r ishlayapti, buni aytmasdan ilojisi yo‘q. Jonli ijro haqida. Sezyapsizmi, O‘zbekistonda jonli ijrolar ko‘payganini? O‘lmas Olloberganov, Jahongir Otajonov, Og‘abek Sobirov, Shuhrat Qayumov, Shahnoz - yagona ayol bo‘ldi, bu yil to‘liq jonli kontsert bergan, Dj Piligrim hatto, musiqasi murakkabroq bo‘lgani uchun musiqasi fonogramma bo‘lsa mayli deysiz, lekin shu ham terlab-pishib bo‘lsa ham jonli ijro etdi. Bizning estradamizda shou-biznes san‘atni yengib ketgandi. Hamma yoq mini disk bo‘lib ketgandi. Ana endi sekin-sekin uyalishyapti. Hech bo‘lmaganda 2-3 ta qo‘shiqni jonli aytishlariga to‘g‘ri kelyapti. Lekin nima yetishmaydi? Masalan, to‘ylardagi fonogramma yoqmaydi menga.To‘yga falon pulga san‘atkorni og‘zini qimirlatganiga chaqirasizmi? Undan ko‘ra diskini olib qo‘ygan yaxshi emasmi? Shuni o‘ylaymanda, qandaydir hal qilish kerak bu narsani. Shuhrat Qayumov kontsertida aytdi. "Jonli kontsert bergan qahramonlik emas. Jonli aytish - bu bizning vazifamiz", deb. Qani endi hamma shunaqa deb o‘ylasa.

Rossiyadan Abdumalik O‘rinboyev: Jonli ijroni targ‘ib qilayotganingiz yaxshi. Lekin nega hanuz bitta qo‘shiqni eplab jonli aytolmaydigan Shahzoda, Shohruhxon yoki Lola kabilar mashhur. O‘zbekistonda qo‘shiqchilar jonli ijroga to‘liq o‘tishiga nima xalaqit qiladi?

Sardor Komilov: Bu qo‘shiqchilar harakat qilishyapti. Jonli ijro uchun jarayon ketyapti. Lekin tinglovchi nega aynan ularni ko‘rsatgan. Demak ularni mashhur deb o‘ylaydi. Masalan men ularning muxlisi emasman. Bir-ikkita qo‘shig‘i yoqar mayli. Ular, keyin "Shahzod", "Bolalar", Rayhon kabilar ham endi shou-biznes boshidagi pallada chiqqan bo‘lishgani uchun yoshlarga qiziqdir, bilmadim. Tinglovchidan so‘rash kerak nega bu qo‘shiqchilar mashhurligini. Lekin bir narsani aytish kerak masalan O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova kontsertini fonogrammada berganiga men uyaldim. "Darakchi"ga intervьyularida aytibdilarki, "onangni otangga bepardoz ko‘rsatma, mening ovozim yuqori pardalarda bo‘lgani uchun ovozimni asrashim kerak", debdila. Nima xalqqa bepardoz ko‘rsatgilari kelmabdimi san‘atlarini? Harakat qilsinla, xonandalaku ular ham. Jonli kontsertni ko‘rib mazza qilasiz, xonandalarning harakatidan. Jonli muloqot, bilasiz pulini halollab olyapti ular. Shu.

Abdumalik O‘rinboyev: "Sayyyod-Yulduz shou"sini o‘tkazish g‘oyasi kimdan chiqqan edi? Kengroq aytib bersangiz. Televideniyeda ham ko‘rsatiladimi?

Sardor Komilov: Internetda radio olib borishni boshlagandim shanba kunlari yozda . Shuni Sayyyod shou deb nomlaganman. Bu yil Sayyyod shouning yil yakunini Yulduz opa bilan qilmoqchi bo‘ldim. Ularga aytdim, rozi bo‘ldila. Internet aloqaga chiqdik. Televideniyega chiqarish haqida... Yulduz opadan so‘rashdi, "nimaga Istiqlolda kontsert bermayapsiz", deb. Ular aytdilaki, Istiqlol saroyining kaliti menda emas deb. Men ham shunday desam bo‘ladi- televideniyening kaliti menda emas, bilmadim.

Koreyadan Dilshod: Saytingizda Yulduz, Ozoda, Sherali bilan suhbatlar qilgan ekansiz. Qachon endi ekranlarda ko‘rinishadi, kontsertlar berishadi? Ma‘lumot berolasizmi?

Sardor Komilov: Bilmadim, men ularning administratori emasman. Bu narsalar haqida ularning o‘rniga javob berishim noto‘g‘ri. Kontsert berishsin xohlashsa. Bilmadim bu haqda.

Buxorodan Qodirjon: Leykemiya bilan og‘rigan bolalarga xayriya tadbiri maqtovga loyiq. Lekin xayriya pullari bemor bolalarga borib tegyaptimi yoki shifokorlarning cho‘ntagiga?

Sardor Komilov: Saytimda ko‘rgan bo‘lsangiz, rasmigacha faktlar bilan ko‘rsataman. Muhtojlarga bittama-bitta dorilarni berayotganimizgacha rasmini qo‘ydim. Ko‘rsatsang, piar qilyapsan deyishadi. Ko‘rsatmasang, kimning cho‘ntagiga deyishadi. Mana qon topshiramiz. Qaysidir mashhur keladi, qonning pulini beradi. Pul yig‘iladi. Keyin qon topshirib bo‘lgach, kasalxonaga boramiz. Dorixona bor u yerda. Shuncha pul yig‘dik deymiz. Qancha sparginaza berasan deb so‘raymiz. U qimmat dori. Har oyning jumasida bizni bemorlarning ota-onalari karidorda kutib o‘tirishadi. Qon, dori deb. Ro‘yxat bilan ularga bittama-bitta beriladi. Keyin ketiladi yengil bo‘lib. Men eng yomon ko‘rgan narsam mana bu - "Ha bolalar uyiga borib osh berdim..." Yetim bolalarni davlat shunday ham yaxshi boqadi, ularga mehr kerak. Ota-onaning mehrini hech kim bera olmaydi. Undan ko‘ra qon topshir. Butun dunyoda bu aktsiya orqali qilinadigan narsa. Yomon tush ko‘rsa, folbinga boradi, sadaqa beradi, qo‘y so‘yadi, u qiladi, bu qiladi. Qon berib sadaqa qilish xayoliga kelmaydi. Shu sayt orqali bir kunda 6 million yig‘dik. Reklamasiz, boshqasiz. Bu katta pul. Shunda o‘yladimki, ha saytim orqali yaxshi ish qila olaman deb. San‘atkorlar orasida Shahnoz, Rayhon, Shahzoda xayriyaga juda jiddiy qarashadi.

Olmoniyadan Shuhrat: 2012 yil ham nihoyasiga yetyapti. O‘zbek qo‘shiqlari va kinolari orasida san‘at darajasida deb ayta oladiganlari bo‘ldimi?

Sardor Komilov: "Afg‘on" kinosi bor. Adiz Rajabov va Akbarxo‘ja Rasulov o‘ynagan. "Qo‘rg‘oshin" filmi zo‘r film. Qo‘shiqlar orasida hozir hammasi yodimga kelmayaptiyu, lekin Gulsanam Mamazoitovaning "Yor-yor" klipi san‘at darajasida olingan deyishim mumkin. Rislig‘oy Xotamova so‘zi bilan. Shoirlar, she‘r mavzusida so‘rashmadi-da. Mana shu Rislig‘oy Xotamovada dard bor. Odam dardi bilan yozsada. Keyin Yulduz Usmonovaning aksariyat qo‘shiqlarini aytishim mumkin. Xit darajasida aytadigan bo‘lsak, Ozodbek Nazarbekovning "Meni kuchliroq sev" qo‘shig‘i xit bo‘ldi. Lekin u san‘at asari emas. She‘riga e‘tibor qilsangiz, "meni kuchliroq sev, men g‘aribni bitta o‘p..." Ijro a‘lo darajada, lekin so‘zlari... shoir Ozodbek orqasidan piar qilganga o‘xshaydi. Bu mening shaxsiy fikrim.

BBC: Rahmat, sizga sog‘lik-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar tilab qolamiz!

Sardor Komilov: Menga e‘tibor qilib savol yo‘llagan barcha tinglovchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sog‘ bo‘lishsin!

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.