BBC navigation

O‘zbek futbol klublari MDH chempionatida to‘p suradimi?

Сўнгги янгиланиш 18 декабр 2012 - 13:26 GMT

Rossiyaning old klublari "Dinamo" va "Zenit" o‘rtasidagi uchrashuv muxlislar tomonidan otilgan petard sababli to‘xtalishi va "Zenit" hisobiga texnik mag‘lubiyat yozilishi liberal tartiblarga ega boshqa chempionat tuzish g‘oyasiga turtki berdi.

Rossiya Futbol Federatsiyasiga qasd qilib "Zenit"ning homiysi GazProm shirkati tomonidan yangragan MDHdagi kuchli klublarni yig‘ib chempionat tuzish g‘oyasi avvaliga "jahl ustida aytilgan gap" deya ko‘rildi. Biroq vaqt o‘tishi bilan ushbu g‘oyaning jiddiyligi va amalga oshirib bo‘lishi borasida fikrlar yangramoqda.

Rossiya professional futbol ligasi ushbu loyihani ishlab chiqishni o‘z zimmasiga olishni bildirdi.

Klublar o‘rtasida MDH chempionatining tuzilishi borasida futboli rivojlangan Ukrani, Rossiya davlatlarida turli fikrlar yangrayotgan bir pallada, O‘zbekiston futbol mutasaddilari ushbu loyihaga avvalo siyosat nuqtai nazaridan qaramoqda.

O‘zbekiston Professional Futbol ligasi direktori Farhod Magometov MDH ga a‘zo davlat klublarini bir chempionatga bog‘lash o‘ta qiyin masala ekanligini aytadi.

"Bu narsaga, avvalambor, barcha respublikalarning prezidentlari ham qiziqish bildirishi kerak. Chunki agar davlat yordam bermasa qiyin bo‘ladi. Keyin biz Osiyoda o‘ynayapmiz. Bu juda qiyin masala. UEFAda o‘ynaganimizda ham boshqa gap edi. Osiyoda hamma rasmiyatchilikni boshqatdan qilishga to‘g‘ri keladi, buning juda ham ishi ko‘p", - deydi PFL direktori Farhod Mogametov.

Mogametov janoblariga ko‘ra, ushbu chempionatni tashkil qilish va ishtirok etish borasida O‘zbekistonga hech kim taklif bilan chiqmagan. O‘zbekistonning o‘zi ham bu borada qiziqish bildirmagan.

2012 yilda mamlakat chempioni bo‘lgan "Paxtakor" klubi bosh murabbiyi Murod Ismoilov klublar o‘rtasida MDH chempionatining tashkil qilinishi qiyin masala ekanligini ta‘kidlaydi.

"Amalga oshishi qiyinroq bo‘lsa kerak. Chunki har bir davlat o‘zining chempionatini o‘tkazgisi keladi. Yana jamoalarning uzoq masofalarga uchib borishi ham xisobga olinadi", - deydi "Paxtakor" klubi bosh murabbiyi Murod Ismoilov.

O‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev MDH chempionatini mavhum narsa ekanligini bildirdi.

"Avval bitta mamlakat bo‘lganida, hamma o‘shaning ichki tartib qoidalariga bo‘ysinar edi. Tasavvur qiling, Gruziyaning ikki yetakchi jamoasi shu musobaqalarga qo‘shildi, deylik. Ertaga boshqa bir sabab bilan chiqib ketishi mumkin. Yoki Ozarbayjon bilan Armaniston jamoalari bir biri bilan o‘ynamayman deb tursa, nima bo‘ladi. MDH chempionlar kubogida bunga o‘xshash holat bir necha yil muqaddam bo‘lgan", - deydi Mirzahakim To‘xtamirzayev.

Nekbin fikrlovchilar ham bor

MDH chempionatining tashkil topishi va unda o‘zbek klublarining ishtiroki borasida tushkun fikrlar bilan bir qatorda, nekbin fikrlar ham yangramoqda.

Jurnalist Bobomurod Abdulla ushbu chempionatni tashkil qilish qiyin bir masala ekanligini aytsada, tashkil qilingan chog‘da u o‘zbek klublari uchun ayni muddao bo‘lishini ta‘kidlaydi.

"O‘zbekiston klublariga mana shunaqa qo‘shimcha musobaqalar kerak. Chunki Oliy ligada 14 ta jamoa bo‘ladigan bo‘lsa, shuning 3 yoki 4 tasi Osiyo chempionlar ligasi va Osiyo kubogida qatnashadi. Klublarimizning o‘yinlar soni 30 turni ham tashkil qilmaydi. O‘yinlar amaliyoti va soni ko‘p bo‘lishi uchun bu kabi musobaqa kerak", - deydi Bobomurod Abdulla.

Jurnalist Bobomurod Abdullaga ko‘ra ushbu musobaqa tashkil qilinsa, o‘zbek klublari oldida moliyaviy muammo ko‘ndalang bo‘lishi mumkin.

"U yoqdan bu yoqqa uchish kabi parvozlar bo‘ladi. Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina klublari moliyaviy jihatdan baquvvat hisoblanadi. Ular Toshkent va boshqa yoqqa uchib borib o‘ynab kelishi mumkin. Lekin bizning klublar bunga imkoniyat topa oladimi", - deydi Bobomurod Abdulla.

Futbol bo‘yicha tahlilchi jurnalist Qahramon Aslanov homiylarning o‘zbek klublariga e‘tiborsiz bo‘layotganiga Osiyo futboli sababchilardan biri ekanligini aytadi.

"O‘zbekistondagi shirkatlarning futbolga ko‘ngildagidek yoki 2-3 yil oldingidek e‘tibor bermayotganining asosiy sabablaridan biri, iqtisodiy va Osiyo musobaqalaridagi ambitsiyalarning biroz kamroq ekanligidir. Ambitsiya kengaygan sari imkoniyat, homiylik ko‘payib boradi", - deydi Qahramon Aslanov.

Aslanovga ko‘ra, ushbu g‘oyaning orqasida GazProm kabi jiddiy, puldor shirkatlar turibdi va bu g‘oyani amalga oshirish ehtimoli yo‘q emas.

Ammo O‘zbekistonning Osiyo mintaqasida to‘p surishi, ushbu chempionatda ishtirokni so‘roq ostiga olishi mumkin. Biroq kuzatuvichlar agar O‘zbekiston futbol mutasaddilari jiddiyroq harakat qilsa, O‘zbekiston klublari ushbu chempionatda to‘p surishi mumkinlini ta‘kidlashadi.

Jurnalist Aslanovga ko‘ra bu kabi musobaqada ishtirok etish O‘zbekiston terma jamoasi va klublar uchun har tomonlama foydali bo‘lishi mumkin.

"Terma jamoa nuqtai nazaridan, futbolimizning muxlislar bop bo‘lishi, translatsiya, tashkiliy saviya bo‘yicha O‘zbekiston chempionatidan yuqorida bo‘lishi va ushbu chempionatda o‘ynaydigan raqiblarning moliyaviy jihatdan hozirgidan yuqori bo‘lishi shubhasiz bo‘lgani uchun O‘zbekiston klublari ham bunga qatnashishga harakat qilishsa, yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman", - deydi Qahramon Aslanov.

Jurnalistga ko‘ra, ushbu chempionat moliyaviy loyiha sifatida ko‘rilmoqda. Bu o‘zbek klublari to‘p surayotgan Professional Futbol Ligasi yoki Osiyo musobaqalaridan mablag‘ jihatidan foydali bir qurilma bo‘lishi mumkin.

MDH chempionatini tuzish haqida loyiha ishlanayotgan bir vaqtda uning shakli va qancha jamoa ishtirok etishi borasida muhokamalar ketmoqda.

Chempionatda MDH ga a‘zo davlatlarning peshqadam 2 ta klubi ishtirok etishi yoda ikkita liga tashkil qilinishi borasida fikrlar o‘rtaga tashlanayapti.

Mutaxassilar ushbu chempionatni tuzish g‘oyasi atrofida 2013 yil qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.