BBC navigation

O‘zbekiston: elektr va gaz tizimlari to‘la vayron bo‘lishiga oz qoldimi?

Сўнгги янгиланиш 19 декабр 2012 - 14:53 GMT

O‘zbekistonning aksar hududlarida ayoz davom etmoqda, oddiy odamlar gaz yo‘qligi va elektr ta‘minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqdalar.

Ob-havo mutaxassislari yaqin kunlarda havo harorati ko‘tarilishini bashorat qilganlar.

Qahraton sovuq kunlaridagi aksar o‘zbekistonliklarning ahvoli tabiiy gazi yo‘q Qirg‘iziston yoki Tojikistonda ayozdan azoblanayotgan odamlarning ahvolidan farq qilmaydi.

Oxirgi kunlarda Qoraqalpog‘istonda havo harorati -26 darajagacha tushgan.

Toshkentda harorat minus 14 ni tashkil qilgan.

Poytaxtning Chilonzor tumanidagi va "Algoritm" mavzesida istiqomat qiladigan aholi gaz bosimi ham pasayib ketganidan qiynalganlar.

Bunday holatlar O‘zbekistonning barcha viloyat markazi bo‘lgan yirik shaharlarida bundan oldin ham kuzatilgan, qishloq joylarida yashaydigan insonlar qish oylarida gaz bo‘lishini unutganlariga bir necha yillar bo‘ldi.

Sovuq boshlanishi bilan o‘tin va ko‘mir narxlari qimmatlab ketgan.

Angren ko‘mirining sifati yaxshi emas, biroq o‘zga chorasi qolmagan o‘zbekistonliklar Angren ko‘mirining 1 tonnasini 700 ming so‘mga sotib olishlariga to‘g‘ri kelayapti.

"Har yili qishda kesilaverganidan daraxtlar kamayib ketdi. Yirik g‘o‘lalar emas, uzun shoxlardan iborat bir pritsep o‘tinning bahosi 400-500 so‘mga chiqqan. Nafaqat o‘tin, g‘o‘zapoyaning narxi ham haddan ziyod ko‘tarilgan", deb yozadi Xorazm viloyatidagi "Najot" tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

"Qorda o‘tin yorish ham mayliku, namlab qolgan o‘tinning yonishi qiynlashib uy tutunga to‘lgani alam qildi. Tutun chiqishi uchun eshikni ochdim, issiq bo‘lmasayam sal tafti bor uy muzladi-qoldi", deya Farg‘onaning Rishtonidagi ahvolni tasvirlaydi jurnalist va inson haqlari faoli Bahodir Eliboyev Facebook ijtimoiy tarmog‘ida.

"Televizorda esa yutuqlarimidan gapirishayapti haliyam", deb yozadi u.

O‘zbekistondagi rasmiy doiralarga yaqin "Uzmetronom" veb-sayti yozishicha, mahalliy ekspertlar O‘zbekistondagi gaz va elektr ta‘minoti tizimlari vayron bo‘layapti, bu holat viloyatlardan nihoyat poytaxt Toshkentga ham yetib kelgan, deb hisoblashadi.

"Hozir hamma joyda gazning bosimi juda pasayib ketgan. Buni sababi gazdan foydalanishning ko‘paygani bo‘lsa kerak. Bunga qo‘shimcha yana muataxassislarning aytishlaricha, gazoprovodlar eskirib qolgan. Sho‘ro davrida yotqizilgan ham magistral quvurlar va ham mahalliy quvurlar eskirgan. Bu quvurlarni to‘ldirib gaz haydash mumkin emas. To‘la nagruzka bilan gaz haydash eskirgan quvurlarni ishdan chiqarishi mumkin. Ob-havo bizning joylarda bo‘ladigandek haroratda bo‘lsa, bu uncha bilinmasligi mumkin. Lekin mana hozirgidek haddan tashqari sovuq gaz, elektr muammolarini yanada kuchaytiradi", deydi "Uzmetronom" muharriri Sergey Yejkov.

Jurnalistning aytishicha, O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish va ularni yetkazish bilan bog‘liq ahvol yil sayin yomonlashib borayapti.

"Biz haliyam energetika sohasida ham, gazlashtirish sohasida ham "kurrai jahonning tepasidamiz", deb jar solamiz. Lekin amalda vaziyat mutlaqo o‘zgacha. Ehtiyoj ortib borayapti, bu tushunarli. Aholi soni ortib borayapti, elektr quvvatiga hisobiga ishlaydigan jihozlar ko‘payyapti. Ammo energetikamiz ehtiyojlarga yarasha o‘sayotgani yo‘q, orqada qolayapti. Biz oxirgi yigirma yil ichida Sovetlar davridagidek kuchli yirik energetik inshootlardan birorta ham qurmadik. Men bu haqda ko‘p marta yozganman. Elektr energiyasi chiqarishni ko‘paytirmadik. Qolaversa, oxirgi 8-10 yil ichida gaz ishlab chiqarish miqdori ham pasayib borayapti. Boz ustiga xorijga gaz sotish miqyosi ortib borayapti", deydi Sergey Yejkov.

"O‘zbekistonning viloyatlarida bugunga kelib, issiq suv, markazlashgan issiqlik ta‘minoti, elektr energiyasining uzluksiz ta‘minlanishi nima ekanini unutishdi. Bu to‘lqin endi Toshkentgacha yetib keldi. Hozirgacha umumiy sa‘y-harakatlar bilan Toshkentda elektr va issikliq ta‘minoti muammolarini bartaraf etib kelayotgan edilar. Toshkent ham mo‘l-ko‘lchilikka ko‘nikib qolgandi. Hozirga kelib esa viloyatlardagi muammolar Toshkentga ham yetib keldi", deydi "Uzmetronom" muharriri.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.