BBC navigation

O‘zbekiston KXShTdan chiqdi, lekin Rossiya bilan hamkorlik kuchayadi

Сўнгги янгиланиш 19 декабр 2012 - 13:25 GMT

Afg‘onistondan NATO qo‘shinlari olib chiqilgach, Markaziy Osiyodagi AQSh va Rossiya strategik manfaatlari qayta shakllanishi kutiladi

Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT)ning yig‘inida O‘zbekistonning bu tashkilotdagi a‘zoligi to‘xtatilishi borasidagi qaror qabul qilingan.

Sessiyani olib borgan Belarusь Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning arizasi qabul qilinganini e‘lon qildi.

O‘zbekistonning tashkilotdagi ishtiroki emas, balki a‘zoligi vaqtincha to‘xtatilayapti. Agar rasmiy Toshkent tashkilotga qaytmoqchi bo‘lsa, barcha qabul qilingan shartnomalarni imzolab, ratifikatsiyadan o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Seshanba kuni Rossiya Tashqi Ishlar Vaziri Sergey Lavrov Toshkentda safarda bo‘lib, Prezident Islom Karimov bilan KXShTga a‘zolik to‘xtatilishi ortidan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi harbiy-texnik munosabatlar qanday bo‘lishi haqida muzokaralar o‘tkazib qaytgan.

Rossiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, janob Lavrovni avvalambor O‘zbekistonda AQSh harbiy bazalarining joylashtirilishi masalasi qiziqtirgan. Xabarlarda O‘zbekiston tomoni bunday bazalar joylashtirilmasligini bildirgani aytiladi.

Rossiya vaziriga hamkorlik qilgan rossiyalik jurnalist va tahlilchi Arkadiy Dubnov muzokaralar borasida BBC bilan suhbatlashdi.

Dubnov: Ishonishimcha, ham Moskva va ham Toshkent muzokaralar natijasidan rozi bo‘lishdi, chunki Rossiya Tashqi Ishlar Vaziri Lavrov Sharqda, xususan, Toshkentda yuqori baholanadigan protokol marosimlariga muvofiq muzokaralarni olib borgan. Lavrovning Karimov bilan uchrashuvi KXShTdan O‘zbekistonning chiqishiga bag‘ishlangan yig‘ilish arafasida bo‘lib o‘tdi. Ya‘ni bu tashrif bilan Karimovga hurmat ko‘rsatildi, bu bilan O‘zbekiston tomonining KXShTda a‘zoligi to‘xtatishiga qaramay, Moskva bilan Toshkent o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va o‘zaro yaqin hamkorlik davom etaveradi degan ishora berildi. Karimov bunday shaxsiy e‘tibor ishoralarini yuqori baholaydi. Protokol qoidalariga ko‘ra, davlat rahbari boshqa mamlakatning tashqi ishlar vazirini qabul qilmasligi mumkin, bu faqat ayrim hollarda yuz beradi.

BBC: Uchrashuv natijasida O‘zbekistonning KXShTdagi ishtiroki masalasi borasida qanday konkret xulosaga erishildi?

Dubnov: O‘zbekiston KXShTda nafaqat ishtirogini balki a‘zoligini to‘xtatib qo‘yayapti. Bu esa juda quchli ibora. Ya‘ni kelajakda tashkilot doirasida qabul qilingan har qanday qaror O‘zbekistonga taaluqli bo‘lmaydi. Ya‘ni O‘zbekistonga qandaydir siyosiy o‘yin qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar O‘zbekiston tashkilotga qaytmoqchi bo‘lsa, balki buning uchun eshiklar ochiq qolar, unda qaytib kelish uchun zarur bo‘lgan talablar kuchayadi. O‘zbekiston qaytib kelishidan oldin barcha qabul qilingan kelishuvlarni imzolab, ratifikatsiyadan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Bu talab va shartlar 2006 yilda Karimov Sochi Putin bilan uchrashuvi chog‘ida belgilangan shartlardan keskin tarzda farq qiladi.

BBC: Sizning nazaringizda, Prezident Karimovning o‘zbek xududida Amerika harbiy bazalari joylashtirilmasligi borasidagi so‘zlariga Rossiya qanchalar ishonadi?

Dubnov: Bu juda haqiqatga yaqin, har holda yaqin kelajak nazarda tutilsa. Bu yerda masalaning psixologik jihatiga e‘tibor qaratish kerak. Amerikaning yuqori lavozimli siyosiy va harbiy mulozimlarining O‘zbekistonga doimiy ravishda qilayotgan tashriflari va ikki tomonning harbiy yo boshqa turdagi hamkorliklari borasida olib borayotgan muzokaralariga qaramay, Toshkentda AQSh hukumatining 2005 yilda Toshkentga ko‘rsatgan munosabatini yoddan chiqarishmagan. Menga kuni kecha yuqori lavozimdagi o‘zbek diplomatlaridan birining aytishicha, g‘isht qolipidan ko‘chgan, ya‘ni uni qayta joyiga qo‘yish qiyin bo‘ladi. Diplomat iqtibos keltirgan bir maqolada aytilishicha, O‘zbekiston "amerikaliklarning Andijon voqealariga bo‘lgan munosabatini hech qachon unutmaydi". O‘shanda Karimov olti oy ichida amerikaliklar bazasi chiqarilsin deb buyruq bergandi. Toshkentda Amerikalik sheriklarga nisbatan bu kabi ishonchsizlik tuyg‘usi hali ham mavjud va juda kuchli seziladi. Amerikaliklar Afg‘onistondan olib chiqiladigan ayrim jihozlarini O‘zbekistonda qoldirishlari mumkin. Bu manzarada Lavrovning Moskva va Toshkent o‘rtasida 2020 yilga qadar harbiy hamkorlik qilish borasida rejalar ishlab chiqqani juda ahamiyatli. Toshkent ham harbiy qurol-yaroq bo‘yicha faqat Rossiyaga tayanishini tasdiqladi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.