BBC navigation

Eronning ruhoniy rahbari Facebookni "yaxshi ko‘radi"

Сўнгги янгиланиш 20 декабр 2012 - 17:10 GMT

Eronda Facebook taqiqlangan

Bir hafta muqaddam Eronning Oliy ruhoniy rahbari Facebookda o‘z sahifasini ochganidan buyon minglab odamlar tomonidan "like" qilindi. BBC Fors xizmati xodimi Buzurgmehr Sharafiddin Oyatulloh Ali Homanaiy Facebookka nimalarni qo‘ygani va eronliklar unga qanday munosabat bildirishayotganini kuzatgan.

Oyatulloh Homanaiy so‘nggi paytlarda internetda ancha faol.

Uning 14 tilda rasmiy multimedia vebsayti bor, Twitterda esa 7000 dan ziyod tarafdorlariga ega va hatto Instagram rasm bo‘lashish sahifasi ham mavjud.

Oyatulloh birinchi marta Facebookda 13 dekabr kuni paydo bo‘ldi va yaqinda o‘tgan musulmon dunyosi universitetlari professorlari bilan uchrashuviga link berdi.

Garchi uning ortidan fikr qoldirganlar bor -yo‘g‘i uchta bo‘lsa-da, Oyatulloh Facebook foydalanuvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otgani aniq.

Uni "like" qilganlar soni 16 mingdan oshib ketgan va ko‘payishda davom etmoqda.

Ko‘pchilik fors tilida ijobiy firklarni qoldirgan.

"Umid qilamanki, bu sahifani yoqtirganlar soni ko‘payishda davom etadi va inqilob dushmanlariga bizning rahbarimiz qanchalik mashhurligini ko‘rsatadi", deb yozgan ulardan biri.

Tanqidiy sharhlar

Oyatulloh Homanaiyning Facebookdagi "debyut"i eronlik bloggerlar orasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan.

Facebook foydalanuvchilari saytning Eronda taqiqlangani va 2009 yildagi prezidentlik saylovlaridan so‘ng yuz bergan hodisalarda qator insonlar Facebookdan foydalangani uchun qamoqqa tashlanganini yozishgan.

O‘tgan yili Tehrondagi harbiy parad chog‘ida Eron harbiylari "Facebook g‘arbning Eronga qarshi "yumshoq urush"dagi quroli" deb yozilgan shior olib o‘tilgan.

Oyatullohning sahifasini yoqtirgan ba‘zilar ham ushbu ziddiyatga e‘tibor qaratganlar.

"Qanday qilib mamlakat rahbarining Facebook akkaunti bo‘ladi-yu, bizniki bo‘lmaydi?" deb yozgan eronliklardan biri.

Hozirgacha bu savolga rasmiy javob bo‘lgani yo‘q, ammo bundan ham tanqidiyroq boshqa sharhlar sahifasidan imi-jimida olib tashlandi.

Aftidan, Oyatulloh hozirgi bosqichda Facebook foydalanuvchilari bilan bahsga kirishmoqchi emas.

Masalan, "Bashar Assad qulagandan keyin navbat sizga keladi" degan boshqa bir sharh ham tezda sahifadan g‘oyib bo‘ldi.

Eronlik bloggerlar butun hafta davomida Oyatullohga tanqidiy sharhlarni sahifasidan olib tashlash uchun qancha odam kerak bo‘ladi, deya zaharxanda qilishdi.

Ulardan birida mana bunday ish e‘loni berilgan: "Janobi oliylari Facebookdagi sahifalarida tanqidiy sharhlarni olib tashlash uchun 24 soat ishlaydigan yoshlarni ishga yollamoqchi, yaxshi maosh to‘lanadi".

Sukunat

Eronning rasmiy matbuotida hanuzgacha Oyatullohning Facebookdagi sahifasi haqiqiymi yoki yo‘qmi, degan savollar so‘ralmoqda.

Eron rahbariyatiga yaqin "Mehr" xabar agentligi "Rahbarning Facebookini kim yuritadi?" sarlavhasi ostida maqola chop etdi.

Unda aytilishicha, Oyatullohning sahifasi paydo bo‘lganidan buyon Oliy ruhoniy rahbarga tegishli ekanini da‘vo qilgan yana kamida beshta sahifa paydo bo‘lgan.

Ammo Oyatulloh Homanaiyning Twitterdagi sahifasidan Facebookka link berilgani inobatga olinsa, bu shubhalarga o‘rin qoldirmaydi.

Oyatullohning idorasi hozirgacha Facebookdagi sahifaning unga tegishli ekanini tasdiqlagani ham, inkor etgani ham yo‘q.

Biroq Oyatulloh Facebook borasida yana qancha vaqt sukut saqlashi mumkin?

Kelasi yil Eronda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Eronning o‘zi va tashqarisida ko‘pchilik bu kabi siyosiy jihatdan hassos bir paytda Oyatullohning Facebookini yuritayotganlar uning tarafdorlari va tanqidchilar orasida qanday qilib muvozanat saqlashlarini yaqindan kuzatadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.