BBC navigation

Tutqun Uyg'ur yozuvchisi Nurmamat Yosin taqdiriga oydinlik kiritish talab qilinmoqda

Сўнгги янгиланиш 3 январ 2013 - 16:31 GMT

Nurmamat Yosin "Yovvoyi kaptar" hikoyasi uchun qamalgan.

Qator xalqaro tashkilotlar Xitoy qamoqxonasida saqlangan yosh Uyg'ur yozuvchisi Nurmamat Yosin o'limi haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin Xitoy hukumatidan uning taqdiri borasida ma'lumot berishni talab qilmoqdalar.

Xalqaro Amnesty International tashkiloti hikoyasi uchun qamalgan yosh Uyg'ur ijodkorining o'limi Xitoy hukumati uchun "sharmandali ayblov" ekanini aytgan va Nurmamat Yosin o'limini sir saqlash harakatlarini qoralagan.

Uyg'ur Amerikan Assotsiatsiyasi Xitoy hukumatidan zudlik bilan Nurmamat Yosin haqida axborot berishni talab qilgan.

Uyg'ur Amerikan Assotsiatsiyasiga ko'ra, Nurmamat Yosin olamdan o'tgani haqida xitoylik huquqshunos olim Teng Biyaao Twitterdagi sahifasida ma'lum qilgan.

Tarqatilayotgan xabarlarga ko'ra, Nurmamat Yosin 2011 yilda xastalikdan vafot etgan.

Assotsiatsiya "Erkin Osiyo" radiosi Mandarin xizmatining Nurmamat Yosin oilasi bilan suhbatlashib xabar tarqatganini ham ma'lum qilgan.

"Erkin Osiyo" radiosiga ko'ra, yaqinlari Nurmamat Yosinning o'lgani haqidagi xabarni rad etganlar, yaqinda uni borib ko'rganlarini da'vo qilganlar.

Biroq Xitoy hukumati uning ahvoli haqida hech qanday axborot tarqatmagan.

Nurmamat Yosinning qamoqxonada juda yomon ahvolda saqlangani, qiynoqlarga solingani haqida xabarlar tarqalgan.

Nurmamat Yosin 1974 yilda tug'ilgan.

Uning qamalishiga Qashg'arda nashr etiladigan jurnalda "Yovvoyi kaptar" hikoyasi sabab bo'lgan.

Bu hikoya shoh kaptarning o'g'li nomidan yozilgan.

Inson tomonidan qafasga solingan kaptar tutqunlikda yashashdan ko'ra o'z joniga qasd qilishni afzal biladi.

"Mana endi nihoyat men erkin o'la olaman", deydi kaptar.

"Yovvoyi kaptar" 2004 yilda yozilgan va Xitoy rasmiylari muallifni "bo'lginchilikni gijgijlash"da ayblab hibsga olganlar.

Nurmamat Yosin hibsga olingan paytida uning kompyuteri musodara qilingan, xabarlarga ko'ra, kompyuterida she'rlari, hikoyalari va tugallanmagan - jami 1600 asari bo'lgan.

2005 yilda yozuvchi ustidan mahkama qarori e'lon qilingan, Amnesty International tashkiloti Nurmamat Yosin mahkamasining adolatsiz o'tganini ta'kidlagan.

Mahkama uni 10 yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

"Nurmamat Yosin avvalboshdanoq qamalmasligi kerak edi va agar tasdiqlanadigan bo'lsa, yosh yozuvchining o'limi Xitoy hukumati nazaridagi adliya tizimi uchun sharmandali ayblovdir", deb aytgan Amnesty Internationalning Osiyo-Tinch Ummoni bo'yicha Direktori o'rinbosari Ketrin Baber.

Aziz O'quvchi!

BBC O'zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o'rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo'llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo'ylab o'quvchilarimiz bilan o'z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko'ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

Алоқадор мавзулар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.