BBC navigation

Braziliya 2014: Jahon chempionatiga kim chiqadi – Eronmi yo O‘zbekiston?

Сўнгги янгиланиш 16 январ 2013 - 13:20 GMT

Эрон миллий терма жамоаси бош мураббийи Карлуш Кейроз билан суҳбат

Эксклюзив.

Томоша қилишmp4

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Portugaliyalik bosh murabbiyi Karlush Keyrozning da‘vo qilishicha, Eron milliy terma jamoasi albatta Braziliyaga boradi.

Karlush Keyroz BBC Fors Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida bunga ishonchi mutlaq komil ekanini aytgan.

Eron terma jamoasi bosh murabbiyining bayon qilishicha, buning uchun faqat o‘zlariga ishonib, qolgan uchta uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rishsa va bahamjihat o‘yin ko‘rsatishsa, kifoya.

Eron milliy terma jamoasi yangi yil hisobidan so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlarining navbatdagisini Qatarga qarshi 4 iyun kuni o‘tkazadi.

2014 yilgi jahon chempionatiga "A" guruhiga ajratilgan ikkita yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritishda Eron O‘zbekistonning ashaddiy raqiblaridan biri hisoblanadi:

BBC: Eron milliy terma jamoasining bosh murabbiysi sifatida o‘tgan futbol mavsumi siz uchun qanday kechdi?

Karlush Keyroz: Qoyilmaqom yil bo‘ldi. Nolimayman. Hozir oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimiz - 2014 yilgi jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanma olish. Bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berish qiyin. Lekin amalda bu oson ish emas. Chunki guruhimizdagi beshta milliy terma jamoaning har biri joriy paytda yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatini saqlab turibdi. Chunki guruh peshqadami, undan keyingi o‘rinda kelayotgan va so‘nggi o‘rinda bo‘lgan jamoani ham hozir faqat bitta ochko ajratib turibdi. Oldinda o‘ynashimiz kerak bo‘lgan uchta o‘yin bor. Barchaning imkoniyati ana shu bellashuvlarga tikilgan. Bu uchrashuvlar har bir milliy terma jamoa uchun hayot-mamotini belgilaydi.

BBC: Mana, siz katta futbolning ichida yurgan odamsiz. Nihoyatda tajribali murabbiysiz. Agar gapning dangalini aytadigan bo‘lsak, Eronning 2014 yilgi jahon chempionatining final bosqichiga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

Karlush Keyroz: Biz oliymaqom imkoniyatga egamiz. Nazarimda, eng muhimi - o‘zimizga ishonch, bahamjihatlik, chunki jahon chempionatining final bosqichiga chiqish oson vazifa emas. Ikki yuzdan ortiq davlatdan bo‘lgan 32 jamoaning barchasi Braziliyaga borishni istaydi. Ayniqsa, Osiyo jamoalari uchun nihoyatda qiyin, chunki ularning aksariyati yelkama-elka borishmoqda. Ayniqsa, so‘nggi bosqich saralash bellashuvlari o‘ta raqobatli kechmoqda. Hammada imkoniyat bor va xuddi shuningdek, har bir milliy terma jamoa pastga ham qulashi mumkin. Agar Eron o‘ziga ishonib, uyushqoqlik ko‘rsatib, tayyorgarlikni ham ko‘ngildagidek qilsa, yaxshi imkoniyatga ega. Bunga ishonchim komil. Chunki bizda hamma narsa bor: ishtiyoq, ishqibozlarning muxlisligi ham aql bovar qilmaydigan darajada, men bunaqasini faqat Janubiy Amerikada ko‘rganman. Yaxshi o‘yinchilar, qoyilmaqom jamoamiz bor. Faqat Janubiy Koreya, Livan va Qatarga qarshi tayyorgarlikni yaxshi qilsak, bo‘ldi. Asosiy o‘yinchilarimiz sog‘lom va tetik bo‘lishsa, ularni turli safarlar bilan charchatib tashlamasak va sara futbolchilarimiz safda bo‘lishsa, jahon chempionatiga chiqa olamiz. Men bunga umid qilib qolaman.

Karlush Keyroz:

"Asosiy o‘yinchilarimiz sog‘lom va tetik bo‘lishsa, ularni turli safarlar bilan charchatib tashlamasak va sara futbolchilarimiz safda bo‘lishsa, jahon chempionatiga chiqa olamiz. Men bunga umid qilib qolaman... "

BBC: Lekin so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida Eron bir tekis o‘yin ko‘rsata olmayapti. Kimsan Janubiy Koreyani yengib turib, o‘z maydonida O‘zbekiston, safarda Livanga yutqazib qo‘ydi. Bu yil bu xatolarning oldini olish uchun nimalarni rejalayapsiz?

Karlush Keyroz: Biz bundan saboq chiqarib, izchil o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishimiz lozim. Chunki so‘nggi natijalarimiz, ayniqsa, O‘zbekistonga qarshi o‘yinimiz juda hafsalani pir qiluvchi bo‘ldi. Lekin bularning barchasi Osiyo jamoalari orasida kechayotgan bellashuvlarning oson bo‘lmasligiga dalolat qiladi. Uzundan uzoq parvozlar, turfa maydonlar, iqlimning o‘ziga xosliklari...Deylik, Qatarga borsangiz, maydoni qoyilmaqom, havo harorati +40 daraja issiq yoki boshqasining maydoni haminqadar, ammo havosi go‘zal. Ya‘ni siz nafaqat maydonning o‘zi, balki tashqarisidagi barcha mushkulotlarga ham tayyor bo‘lishingiz lozim bo‘ladi. Shuning uchun ham, g‘alaba qozonishimiz shart bo‘lgan iyun oyidagi Qatarga qarshi o‘yinga har tomonlama hozirlik ko‘rishimiz taqozo etiladi. Chunki bu - biz uchun hayot-mamot uchrashuvlaridan bittasi bo‘ladi. Komil ishonch bilan shuni ayta olamanki, Eron Futbol Uyushmasining ko‘magi bilan bunga yo‘naltirilgan dastur va rejamiz o‘z vaqtida tayyor bo‘ladi. Eron uchun Braziliyaga faqat bir qadam qoldi, biz bu ishni uddalab, jahon chempionatiga yo‘llanma olishimizga ishonaman.

BBC: Eron so‘nggi uchta o‘yinga hayot-mamoti sifatida qarashi kerak, degan fikrlar ham yo‘q emas. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

Karlush Keyroz: So‘zsiz, g‘olib hamma narsaga erishadi, mag‘lub esa, hech narsasiz qoladi. Guruhdagi barcha jamoalar - Eron, Janubiy Koreya, O‘zbekiston, Livan va Qatar hozir bir xil mavqe‘da. Qay bir jamoa bo‘lajak o‘yinlarga ruhan, tashkiliy va texnik jihatdan tayyor bo‘lsa, Braziliyaga borish o‘sha jamoaga nasib etadi. Biz esa, iyun oyidagi o‘yinda qo‘limiz baland kelishi uchun barcha shart-sharoit, dastakka egamiz. Faqat qattiq mehnat qilib, ishonchni mustahkamlab, bir yoqadan bosh chiqarib, tayyor bo‘lsak, bu o‘yinlarda g‘alaba bizniki bo‘ladi. Eronning orzusi - Braziliyaga borish. Bu - Eron milliy terma jamoasining ham, murabbiy sifatida, o‘zimning ham istagim. Shunday ekan, o‘z orzuimizni amalga oshirish uchun birgalikda kurashamiz, so‘nggiga qadar o‘z ahdimizdan qaytmaymiz. Chunki Eron 2014 yilgi jahon chempionatining final bosqichiga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Men bunga ishonaman. Chunki biz buning uchun lozim bo‘lgan eng muhim narsa - o‘yinchilarga egamiz. Yaxshi jamoa tashkil eta olamiz. Agar qoyilmaqom jamoaga ega bo‘lsak, tayyorgarlikni qoyillatsak, Qatarni ham, Livanni ham, Janubiy Koreyani ham mag‘lub eta olamiz. Jahon chempionatiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritamiz. Men bu kabi imkoniyatni hayotimda hech narsaga alishmayman va boy bermayman.

Karlush Keyroz:

""Qay bir jamoa bo‘lajak o‘yinlarga ruhan, tashkiliy va texnik jihatdan tayyor bo‘lsa, Braziliyaga borish o‘sha jamoaga nasib etadi. Biz esa, iyun oyidagi o‘yinda qo‘limiz baland kelishi uchun barcha shart-sharoit, dastakka egamiz "

BBC: Ammo 2014 yilgi jahon chempionatidan avval jamoangiz Osiyo O‘yinlari saralash bosqich uchrashuvlarida ham ishtirok etishi lozim bo‘ladi. Raqiblaringiz orasida Livan ham bo‘ladi. Bo‘lajak rejalaringiz qanday endi?

Karlush Keyroz: G‘alaba qozonish, albatta. Uchrashuvdan uchrashuvga o‘yiningiz ham yaxshilanib boraveradi. Har gal raqiblarimizdan biriga qarshi maydonga tusharkanmiz, bir qadam oldinga ketamiz. Eng muhimi ana shu. Bir tomondan mart va fevral oylarida rasmiy uchrashuv o‘tkazish biz uchun yaxshi bo‘ladi. Chunki bu kabi o‘yinlar sizga har tomonlama talab qo‘yadi. Osiyo O‘yinlari saralash bosqich uchrashuvlarida to‘p surish sizdan mukammal tayyorgarlikni talab qiladi. Va bu - biz uchun iyun oyidagi uchrashuvimizga hozirlik ko‘rishning qoyilmaqom imkoniyati bo‘ladi. Eng sara o‘yinchilarimiz Qatar, Livan va Janubiy Koreyaga qarshi to‘p surishlari mumkin bo‘ladi.

BBC: Eron, umuman, Eron milliy taomlari sizda qanday taassurot qoldirdi?

"Eronda ekanim chog‘i taom - mening eng katta muammolarimdan biriligicha qolmoqda. Juda ko‘p ovqat yeb yuborasan kishi..."

Karlush Keyroz: Eronda ekanim chog‘i taom - mening eng katta muammolarimdan biriligicha qolmoqda. Juda ko‘p ovqat yeb yuborasan kishi. Shunga ehtiyot bo‘lishimiz joiz. Kabob, kabob, kabob har doim. Menga, ayniqsa, Eronning shirinliklari yoqadi. Eron haqida so‘z ketganda, men bir narsani aytib o‘tmasam bo‘lmaydi, u ham bo‘lsa bu mamlakatning qanchalar go‘zalligi...Bundan tashqari, har bir shahrida mazza qilib futbol tomosha qilish imkoniyati bor. Buni o‘z tajribamdan kelib chiqib aytayapman. Eronning bir qancha shaharlarida bo‘ldim, haqiqattani ham go‘zal va buyuk mamlakat.

BBC: O‘zbekiston esa, navbatdagi bellashuvlarini 26 mart kuni o‘z maydonida Livanni qabul qilish bilan boshlaydi.

O‘zbekistondan farqli tarzda Eron bungacha uch marotaba jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Joriy paytda O‘zbekiston o‘z guruhida 5 ta o‘yindan 8 ochko to‘plab, peshqadamlik qilib turgan esa-da, futbol mutaxassislari nazdida, halicha hech bir jamoa Braziliyaga borish imkoniyatini yo‘qotmagan.

Eron esa, so‘nggi uchrashuvini o‘z maydonida O‘zbekistonga boy berib, yaqqol imkoniyatini chippakka chiqargan.

Vadim Abramov:

"Hozir O‘zbekistonning imkoniyatlari juda yaxshi. Faqat o‘z maydonida o‘tkazajak ikki o‘yinda g‘alaba qozonishining o‘zi kifoya, hammasi hal bo‘ladi "

Biz O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi dastlabki uchrashuvida qayd etgan mag‘lubiyati ortidan bosh murabbiylikdan iste‘fo bergan Vadim Abramovdan sobiq hamkasbi Karlush Keyrozning da‘volariga munosabatini so‘radik:

Vadim Abramov: Mening nazarimda, O‘zbekiston milliy terma jamoasining imkoniyatlari ancha yaxshi. Ammo hammasi kelasi ikki oy ichida qanday tayyorgarlik ko‘rilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bir, bir yarim oydan so‘ng barchasi ayon bo‘ladi. Menimcha, joriy paytda har bir terma jamoaning imkoniyati bir xil. O‘yin hali oldinda. Hammasi guruhdagi milliy terma jamoalarning qanday o‘yin ko‘rsatishlariga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham hozir aniq bir narsa deyish qiyin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Chunki futbolda hech narsani oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi. Faqat bo‘lajak o‘yinlarga jiddiy hozirlik ko‘rilsa, bo‘ldi. Hozir O‘zbekistonning imkoniyatlari juda yaxshi. Faqat o‘z maydonida o‘tkazajak ikki o‘yinda g‘alaba qozonishining o‘zi kifoya, hammasi hal bo‘ladi, deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi.

"A" guruhida O‘zbekiston va Erondan tashqari, Janubiy Koreya, Qatar va Livan ham ikki yo‘llanmadan biri uchun kurash olib borishmoqda.

So‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida ja‘mi 10 terma jamoa Osiyo qit‘asiga ajratilgan 4.5 ta yo‘llanma uchun o‘z bellashuvlarini davom ettirishmoqda.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.