BBC navigation

So‘x tartibsizliklari uchun tovon puli kimdan undirilayapti?

Сўнгги янгиланиш 16 январ 2013 - 16:56 GMT

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston shu oy boshida So‘x anklavi yaqinidagi chegara hodisasida jabr ko‘rgani aytilgan Qirg‘iziston fuqarolariga tovon puli to‘lashni boshlagan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, O‘zbek tomoni hozirgacha 35 ming dollardan ko‘proq tovon puli to‘lagan.

Qirg‘iz matbuotida Qirg‘izistonning Botken viloyatida istiqomat qilgan va tovon pulini olgan insonlarning ro‘yxati e‘lon qilingan.

Ular asosan tartibsizliklar paytida avtomobillari shikastlangan yo O‘zbekiston hududida qolib ketgani aytilgan fuqarolar.

Botken rasmiylari tovon puli 12 kishiga berilishini aytganlar, keltirilgan jami zarar 56 ming AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan.

Ularga 1000 AQSh dollaridan 9000 dollargacha tovon pulini berishga kelishilgani haqida Botken viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar tarqatgan.

Tovon pullari So‘xning Hushyor va Qirg‘izistonga tegishli Chorbog‘ qishloqlari o‘rtasida topshirilgan, bu yerda ikki mamlakat rasmiylari va huquq-tartibot organlari rahbarlari qatnashganlar.

Tovon pulini olgani va da‘vosi yo‘qligi haqida qirg‘izistonliklar tilxat yozib berganlar.

6 yanvar kuni Qirg‘iz chegarachilari besh nafar O‘zbek fuqarosini otib, yaralashi ortidan g‘azabnok so‘xliklar Qirg‘iziston fuqarolariga tegishli avtoluovlarga o‘t qo‘ygan va o‘ndan ortiq qirg‘izlarni garovga olgan edi.

Ayni paytda qirg‘iz tomoniga to‘lanadigan tovon puli So‘x aholisining o‘zidan yig‘ib olinayotgani haqida xabarlar olingan.

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyat hokimligi mulozimi BBCga bu haqda ma‘lumot berishdan bosh tortdi, ammo so‘xliklardan birining aytishicha, mahalliy fermerlarga soliq solingani haqda gap-so‘zlar bor.

"Har bir fermerga 300 ming so‘mdan yig‘ib berish topshirig‘i viloyat hokimi tomonidan berilgani haqida odamlar gapirishayapti", dedi Hushyor qishlog‘ilik kishi.

Hodisadan keyin yopilgan chegaralar haligacha ochilgani yo‘q.

Hushyorliklar o‘sha hodisadan keyin qishloqni suv bilan ta‘minlaydigan yagona manba Qirg‘izistondagi chashmadan ichimlik suvi olishdan mahrum bo‘lib qolganlarini, hokimiyat dizelь yoqilg‘isi bilan yordam berib, So‘xdan traktorlarda suv tashib keltirayotganlarini aytmoqdalar.

O‘zbekiston anklavi hududida qopini 43 ming so‘mdan un sotish, So‘xdagi un zavodida bug‘doyni qayta ishlash boshlangan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.