BBC navigation

Qozog‘istondagi o‘zbeklar: muhojirlikning achchiq noni

Сўнгги янгиланиш 17 январ 2013 - 13:53 GMT

Har yili yuz minglab o‘zbekistonliklar Qozog‘istonga ish izlab borishadi

Ostonada bir yildan beri mehnat haqini ololmayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarning ishi bilan nodavlat tashkilotlari qiziqa boshlagan.

"Migrantlarga yordam berish markazi" mehnat muhojiriga kiyim-bosh olib kelgan va ish beruvchi bilan muloqotni boshlagan.

Namanganlik Abdug‘ani Zoirov (ismi o‘zgartirilgan) holidan Ostonadagi migrantlarga ko‘mak ko‘rsatish markazi xabar olgan.

56 yoshli Abdug‘ani aka bir yildan beri maoshini ololmay, Ostonadagi qurilishlarning biriga o‘rnatilgan konteynerda yashab kelayotgan edi.

Kasbi haydovchi bo‘lgan bu va yana o‘zbekistonlik Olloyor Sultonboyev 4 mingdan 9 ming dollargacha bo‘lgan ish haqini ololmagan.

"Haqiqatan ham mening botinkam teshik. Oyog‘imni ularga ko‘rsatdim. Do‘konga chiqib kelgunimcha o‘ziga namni tortib oladi. Mana bu yerda quritib olaman. Ikkita svetir, bitta jemfir, bitta yaxshi chiroyli tufli olib kelishibdi. Sizga ruhshunos ham kerak bo‘lib qolibdi, deyishdi. Men kerak emas, o‘zimni o‘zim tinchlantira olaman”, - deydi Abdug‘ani Zoirov.

Migrantlarga ko‘mak ko‘rsatish markazi, Abdug‘ani akani boshqa joyga chiqarish taklifini ham aytgan, ammo u kishi bundan bosh tortgan.

Tahdidlar

Mehnat muhojiri boshqa tashkilotlardan yordam so‘rashni boshlashi bilan, ish beruvchi unga turli yo‘llar bilan tahdid qila boshlagan.

Migrantlarga ko‘rdam ko‘rsatish markazi huqushunosi Altinbek Beysenning BBCga aytishicha, ayni damda ish beruvchi bilan muzokara davom etmoqda.

Obodonlashtirish firmasining boshlig‘i mehnat muhojirlariga o‘z vaqtida pulini berganini da‘vo qilmoqda.

"Ish beruvchining aytishicha, Zoirov ishlamagan va yotgan. Bu yerda ishlatib qo‘ymasligi uchun, uning nomiga O‘zbekistonga 1700 dollar yubordik, deb aytayapti", - deydi Altinbek Beysen.

Abdug‘ani akaga ko‘ra, ish beruvchi unga 4 ming dollar berishi kerak. Va bir oz pulni Abdug‘ani akaning o‘g‘li nomiga yuborishdan bosh tortgan. U O‘zbekistonga yetib borguncha, ish beruvchi ushbu pullarni qaytarib olib qo‘yishidan cho‘chimoqda.

Ish beruvchi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, ammo huquqshunos bilan gaplashganda ish beruvchi yana bir mehnat muhojiri Olloyor Sultonoyevga hamma maoshi vaqtida berilganini da‘vo qilgan.

Migrantlarga ko‘mak berish markazi, ish beruvchi mehnat muhojirlarini rozi qilmagan taqdirda ularni noqonuniy ravishda ishga jalb qilgan, deya prokuraturaga ariza topshirishini bildirdi.

Bunday holatda ish beruvchi katta jarimaga tortilishi mumkin.

Muhojirlikning achchiq noni

Abdug‘ani aka 2012 yilning yanvar oyida qurilish mashinasini haydash uchun Ostonaga ishga keladi. Bu vaqtda ish beruvchi uni turli mashina boshqarishdan tortib, suvchi qilib ham ishlatadi, ammo maosh bermaydi.

Kelgan vaqti Abdug‘ani akaga moshina haydagani uchun 100 ming tanga yoki 660 dollar oylik maosh berishni va‘da qilishgan.

Ish beruvchi mehnat muhojirning pasportini ham olib qo‘ygan.

Abdug‘ani akani Ostonaga angrenlik tanishi 65 yoshli Olloyor Sultonboyev boshlab kelgan.

Olloyor aka Ostonadagi obodonlashtirish bilan shug‘ulanadigan xususiy firmada ikki yil ishlab yaxshigina foyda topgan. Oyiga ming dollardan maosh olib, buldozer surgan.

"Angrenda bunday maosh beradigan ish yo‘q. Bu yerda ming dollar olgan bo‘lsam, Angrenda hech kim buncha bermaydi. Konda ishlaganimda 300-400 ming so‘m olardik, uni ham bersa", - deydi Olloyor og‘a.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, Olloyor aka 1 yil davomida bir kun ham ishsiz o‘tirmagan, korxona rahbarining topshirig‘i bilan boshqa korxonaning ishini qilgan va hisobga million-million pul tushirgan.

"Oyiga 1,5 million tanga pul o‘tkazib turdim. Turklarda 9 oy ishlagan bo‘lsam, 12 millionga tangaga yaqin pul o‘tkazdim. Ammo menga pul berishmadi, pul to‘g‘risida gap ham bo‘lgani yo‘q", - deydi Olloyor og‘a.

Ish beruvchining qo‘lida 40 dan ortiq odam ishlaydi, ammo birortasi bilan ham mehnat shartnomasi tuzilmagan. Olloyor Sultonboyev ish beruvchi undan 9 ming dollar qarzdor ekanligini aytadi.

Kuzatuvchilar Qozog‘istonda mehnat muhojirlari bilan bog‘liq muammo bot-bot uchrab turishini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Qozog‘iston hukumati muhojirlarning muammosiga jiddiy e‘tibor qaratmaydi.

Qozog‘istonga har yili yuz minglab o‘zbeklar mavsumiy ishlar uchun borishadi.

Ularning asosan inshootlarda mehnat qilishlari aytiladi.

Qozog‘istonga borayotgan o‘zbek fuqarolari orasida qullikka tushish hollari keng tarqalgan.

O‘zbekistonlik muhojirlar qozoq ish beruvchilari, shuningdek, militsiyasining noqonuniy xatti-harakatlaridan shikoyat qiladilar.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.