BBC navigation

"Jazoirdagi garovgirlik hodisasida 50 tacha inson o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin"

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 14:18 GMT

Jazoirdagi to‘rt kunlik garovgirlik hodisasida ushlab turilgan kamida 48 xorijlik o‘ldirilgan deb ko‘rilmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, Amena gazni qayta ishlash inshooti hududida 20 yanvar kuni 25 insonning jasadi topilgan, ularning hammasi garovga olinganlar bo‘lganlar.

Jazoir xavfsizlik kuchlari katta gaz inshootining minalashtirilgan joylarini zararsizlantirish va bedarak ketgan insonlarni qidirish ishlarini davom ettirayotganlari xabar qilingan.

Dushanba kunigacha 20 garovga olingan insonning taqdiri noma‘lum qolgan.

Yakshanba kuni gaz inshootiga hujum qilgan islomiy jangari deb gumon qilingan besh shaxs qo‘lga olinganini xabar qilishgan Jazoir rasmiylari.

Ularga ko‘ra, shanba kungi garovdagilarni ozod qilish amaliyoti yakunida 32 jangari o‘ldirilgan.

Jangovor amaliyot boshlanishi bilan garovgirlar chet elliklarni otib o‘ldirishni boshlaganlari xabar qilingan.

Garovga olish hodisasi uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan Muxtor Belmuxtor hujumda 40 jangari ishtirok etgani haqida aytgan edi.

Filippin rasmiylariga ko‘ra, olti filippinlik o‘ldirilgan, to‘rt nafari bedarak ketgan.

Uch Britaniya fuqarosining o‘ldirilgani tasdiqlangaan, yana uch nafarining taqdiri noma‘lum.

Ular o‘ldirilgan bo‘lishlari mumkin, deyilmoqda.

To‘qqiz yaponiyalik o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalganiga qaramasdan, rasmiy Tokio 10 nafar o‘z fuqarosining taqdiri noma‘lumligini aytgan.

Kolumbiya va Ruminiya rahbarlari bu mamlakatlarning bir fuqarolari o‘ldirilgani tasdiqlangani haqida aytganlar.

Bundan oldin bir ruminiyalik o‘ldirilgan, uch nafari ozod qilingan edi.

Ikki malayziyalik va besh norvegiyalik taqdiri ham noma‘lum qolmoqda.

Jazoir matbuoti xabar qilishicha, gaz inshootida ishlagan 685 jazoirlik ishchi ozod qilingan, biroq ular garovga olinganmi-yo‘qmi, noma‘lum.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, jangarilar jazoirlik ishchilarga o‘zlarining maqsadi musulmon bo‘lmaganlarni garovga olish ekanini aytgan.

Amenadagi garovga olish hodisasi ortida Muxtor Belmuxtor, yaqin-yaqinlargacha "Islomiy Mag‘ribdagi Al-Qoida" guruhi rahbarlaridan biri bo‘lgan shaxs turganligi aytilgan.

Guruh chiqargan bayonotda aytilishicha, garovga olish Frantsiyaning Malidagi amaliyotlariga javoban amalga oshirilgan.

Lekin Bi-bi-sining xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchisiga ko‘ra, bu kabi keng miqyosli amaliyotni buncha qisqa fursat ichida rejalab, amalga oshirish amri mahol vazifa.

Muxtor Belmuxtor 1980-yillarda Afg‘onistonda Sho‘ro kuchlariga qarshi mujohidlar saflarida kurashgan.

O‘tgan yili u ichki kelishmovchiliklardan so‘ng "Islomiy Mag‘ribdagi Al-Qoida" guruhini tashlab chiqib, o‘z guruhini tashkil qilgan.

Internetda Muxtor Belmuxtorning videosi paydo bo‘lgan.

Biroq bu videomurojaat 17 yanvar kuni, garovgirlik hodisasi hali tugamagan paytda yozib olingani xabar qilingan.

Amena gazni qayta ishlash inshooti Jazoir gazining 10 dan bir qismini yetkazib beradigan zavod hisoblanadi.

Qonli hodisalar tufayli inshoot faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan, Jazoir energetika vaziri Yusuf Yusufiy yaqin ikki kun ichida zavod faoliyati qayta boshlanishi haqida aytgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.