BBC navigation

Dunyoning eng badavlat 100 odami "kambag‘allikka barham bera oladi"

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 13:33 GMT

Oxfamning fikricha, hozirgi iqtisodiy tizim "butun insoniyatning manfaatlari uchun ishlashi kerak".

Britaniyaning Oxfam xayriya tashkiloti ma‘lumotlariga binoan, Yer yuzidagi badavlat 100 kishining o‘tgan yildagi daromadlari dunyoda kambag‘alchilikni butunlay tugatishga qodir bo‘lishi mumkin.

Tashkilotning hisoblashicha, jahondagi yordamga muhtoj qatlam orasidagi kambag‘allikni batamom tugatish uchun daromadi eng yuqori 100 ta juda boy kishilar o‘tgan yilda erishgan daromadining atigi 25 foizi yetar ekan.

Oxfamga ko‘ra, eng yuqori yuztalikka kiruvchi boylarning 2012 yilda erishgan sof daromadlari 240 milliard dollarga yetgan.

Aholining kambag‘al qatlami bir kunda odam boshiga bor-yo‘g‘i 1,25 dollar topadi.

Ayni paytda, aholining kambag‘al qatlami bir kunda odam boshiga bor-yo‘g‘i 1,25 dollar topadi, deb ta‘kidlaydi Oxfam.

Davosga taklif

Keyingi haftada Davosda ochilishi kutilayotgan Butunjahon iqtisodiy forumi oldidan Oxfam xayriya tashkiloti dunyoning yirik davlat va tijorat rahbarlarini kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashga chaqiradi.

Tashkilotning ma‘lumotlariga qaraganda, oxirgi 20 yilda Yer Yuzining 1 foiz badavlat aholisining daromadlari 60 foizga oshgan.

Oxfamning "Tengsizlikning qiymati: ishonib bo‘lmas darajada ko‘p mablag‘ va haddan ziyod yuqori daromadlar bizning hammamizga qanday zarar qiladi" sarlavhali hisobotida hozirgi global iqtisodiy tizimni shunday isloh qilish lozimki, " u butun insoniyatning manfaatlari uchun xizmat qila olsin" deyiladi.

Oxfamning fikricha, hozirgi iqtisodiy tizim "butun insoniyatning manfaatlari uchun ishlashi kerak".

2012 yilning eng-eng boylari

Forbes jurnali dunyoning eng boy milliarderlarining ro‘yxatini e‘lon qilgan.

Ro‘yxatda oldingi yillarga nisbatan boylarning daromadida farq bo‘lsa ham, dastlabki uch yetakchi boyning o‘rni o‘zgarmay qolgan.

Jurnalga ko‘ra, Yer yuzining 2012 yildagi eng boy odami meksikalik magnat- 69 milliard boylikka ega Karlos Slim Elu ekan.

Ikkinchi o‘rinda Karlos Slimdan sakkiz milliardga "kambag‘al" Bil Geyts bo‘lib, uning boyligi 61 milliard, deb keltiriladi.

44 milliard mablag‘ga ega Uorenn Baffet dunyodagi uchinchi yirik milliarder hisoblanadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.