BBC navigation

Hijratda vatan yodi: turkiyalik olim va yozuvchi Chig‘atoy Ko‘char bilan suhbat

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 16:17 GMT

Чиғатой Кўчар Туркистон тарихи, адабиёти ва тилларига доир қатор илмий нашрлар муаллифи

Чиғатой Кўчар Туркистон тарихи, адабиёти ва тилларига доир қатор илмий нашрлар муаллифи

Томоша қилишmp4

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Chig‘atoy Ko‘char 1946 yilda Turkistonda tavallud topgan.

U 1952 yilda oilasi bilan Turkiyaga hijrat qilgan.

Istanbul Universiteti Iqtisod Fakulteti Gazetchilik Instituti hamda Adabiyot fakulteti sotsiologiya bo‘limini tugatgan.

Chig‘atoy Ko‘char Ozodlik radiosi Olmoniyaning Myunxen shahridan faoliyat qilgan payti O‘zbek bo‘limida 21 yil ishlagan.

U - Turkiston tarixi, adabiyoti va tillariga doir qator ilmiy nashrlar muallifi.

Yozuvchining "Türkistan İle İlgili Makaleler" nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi tomonidan 1994 yilda mukofotlangan.

O‘zbek yozuvchisi Nabijon Boqiyning "Anvar Poshshoning vasiyati" kitobini turkchaga o‘girgan.

Chig‘atoy Ko‘char o‘z otasi Abdulhamid Ko‘charning O‘zbekiston ( Turkistondan) bosh olib chiqish tarixi haqida " Asoratdan Hurriyatga va yo bir turkistonlik xotiralari" nomli asarida hikoya qiladi.

Ayni vaqtda olim va yozuvchi Turkiston legioni haqida tadqiqotlarini davom ettirmoqda.

Chig‘atoy Ko‘char bilan suhbat 1-qism

Чиғатой Кўчар билан суҳбат

Чиғатой Кўчар билан суҳбат

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Chig‘atoy Ko‘char bilan suhbat 2-qism

Чиғатой Кўчар билан суҳбат 2-қисм

Чиғатой Кўчар билан суҳбат 2-қисм

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

BBC: Bu galgi BBC mehmoni turkiyalik o‘zbek olimi va yozuvchisi Chig‘atoy Ko‘char bo‘ladilar. Assalomu alaykum, Chig‘atoy aka, BBC dasturiga xush kelibsiz!

Chig‘atoy Ko‘char: Vaalaykum assalom.

BBC: Suhbatimizni o‘zingizdan boshlasak. Hijrat yo‘li sizga otangizdan meros, u kishi bu yo‘lni tanlashlariga sabab nima bo‘lgan?

Chig‘atoy Ko‘char: Otam mamlakatni bolsheviklar bosib olganidan keyin tark etishga majbur bo‘lganlar. 1917 yilda Qo‘qon, Turkiston muxtoriyati barpo etildi. Afsuski, Lenin bergan va‘dasida turmadi va muxtoriyatni qonli ravishda bostirdi. Vatandagi istiqlolchilar va mujohidlarimizni qirib tashladi. Undan keyin quloq qilish va yoppasiga Sibirga surgun qilish kabi jarayonlar boshlandi. Otam o‘shanda Marg‘ilonning Bo‘ston qishlog‘ida yashaganlar va o‘z yaqinlarining Sibirga surgun etilganini eshitib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganlar. Otam Tojikiston orqali Afg‘onistonga o‘tadilar va u yerda bir necha yil vatan ozodligi uchun kurashadilar. Ikkinchi Jahon urushi davrida Afg‘onistonda Turkistonni ozod qilish tashkiloti tuziladi va otam o‘sha tashkilotda xizmat qiladilar. Bu tashkilotda Shermuhammad Bek, Mubashshirxon to‘ra kabi rahbarlarimiz ish olib borishgan, afsuski, urush kutilgani kabi natijalanmadi va Afg‘on hukumati bosimlar ostida bu mujohidlarimizni zindonband eta boshladilar. Bu vaqtga kelib otam yana hijrat qildilar, Afg‘onistondan Pokistonga keldilar. Pokistondan Hindiston va keyinroq Saudiya Arabistoniga o‘tib u yerda bir necha yil qoldilar. U yerdan esa 1952 yil oxirida ikkinchi ona vatanimiz sanalgan Turkiyaga kelishga muyassar bo‘ladilar. Otam 2008 yili olamdan o‘tdilar. Men u kishining xotiralarini kitob qildim. O‘zim Afg‘onistonning shimolida tug‘ilganman, bu yerni biz Turkiston tuproqlari deb bilamiz, shuning uchun otam tug‘ilgan yerimni rasmiy hujjatlarda Turkiston deb ko‘rsatganlar.

BBC: O‘zbekistonga, tug‘ilib o‘sgan yurtingizga emin erkin borib kelasizmi? Sizning do‘stlaringiz-chi? Oila a‘zolaringiz? O‘zbekistonda qarindoshlar bormi?

Chig‘atoy Ko‘char: Xudoga shukr, bor, bor. Bizdan katta avlod muhojirotdan uy-joy olishmadi. Bir kun ozod bo‘ladi vatan va qaytamiz deb o‘yladilar, afsuski, ko‘plari vatan ozod bo‘lganini ko‘rishmadi, olamdan o‘tdilar... Otam toleli inson ekanlar, o‘z ko‘zlari bilan vatan ozod bo‘lganini ko‘rdilar. 1991 yili O‘zbekistonga safar qildilar. 67 yillik ayriliqdan keyin Marg‘ilonga borib qarindoshlarni topdilar. Ular bilganlarning ayrimlari olamdan o‘tishgan ekan... Otalari va onalarining qabrlarini ziyorat qildilar. O‘sha payt Marg‘ilonning Bo‘ston qishlog‘i bugun shaharga qo‘shilib ketibdi. Men ham 2008 yil fevral oyi borib o‘n kuncha turdim, mamlakatimni ko‘rdim... Qarindoshlarni topdim, xursand bo‘lib qaytdim va hech bir qiyinchilikka uchraganim yo‘q. Bozorlarni aylanib yurdim, o‘zbekcha gapirdim... Hech kim meni Turkiyadan kelganimni bilmadim. "Xorazm va yo Sharqiy Turkistonliksiz", deb taxmin qilishdi. Men: "Yo‘q, O‘zbekistonda tug‘ilganim yo‘q va o‘zbekcha tahsil olganim ham yo‘q, faqat otam va onamdan o‘rganganman bu tilni", dedim. Oradan ko‘p o‘tmay, bolalarim bilan bordim va bir oy turdim. Xudo xohlasa, yana bu yil borishni niyat qilib qo‘yganman.

BBC: Siz Turkiston, Markaziy Osiyo xalqlari tarixini yaxshi bilasiz, aytingchi, bugungi kun bilan bundan yuz yil avvalgi tarixda uxshash tomonlari bormi? Tarix o‘zini-o‘zi takrorlab turadi deyishadi-ku?

Chig‘atoy Ko‘char: O‘xshash tomonlari bor. Tarixdan saboq olishimiz kerak. Bundan 150 yil avval rus bosqinchilari turfa nayranglar bilan vatanimizga bostirib kirishdi. Xalqimiz toza, pokiza va soddadir... Ular ovro‘poliklarning nayranglariga unchalar ham tushunishmas edi. Bu nayranglardan boxabar turish kerak. U vaqtlarda, masalan, jadidchilik kelgan yillari xalqimiz uxlatilgan edi. Ilmga ahamiyat berilmagan. Jaholat haddan oshgan edi. Jadidchilar ilm nuri tarataman deb ko‘p harakat qilishgan...Bugun ham yangi maktablar qurilmoqda. O‘zbekiston dunyo bilan raqobat qilaman deydigan universitet va bilim maskanlari qurmoqda. O‘tmishda "gazeta chiqaraman", desangiz tashqi ta‘sir va bosim ostida qolgansiz, Chor Rossiyasining bosimi va keyinroq bolsheviklar... Bugun O‘zbekistonda ana shu tashqi bosim yo‘q. Mening nazarimda, o‘tmishga nisbatan O‘zbekistonda ancha ilgari ketish bor...

BBC: Turkiston legioni haqida tadqiqot olib borayotgan ekansiz. Istanbuldan Zebuniso Husaynning savollari ayni shu mavzuda: "Turkiston Legioni Turkiston xalqlarini (o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon kabi) jamlagan bir tashkilot bo‘lgan. Mana shu tarixiy umumlashma bugun ham g‘oyaviy ahamiyatini qanchalar saqlay olgan?"

Chig‘atoy Ko‘char: Bilasiz, urush paytida minglab turkistonlik askarlar nemislarga asir tushgan. Turfa qiyinchiliklarni boshlaridan o‘tkazishgan. O‘shanda Olmoniyada bo‘lgan Vali Qayumxon va Mustafo Cho‘qaylar asirlikdagi turkistonliklarni chaqirib olganlar. Vali Qayumxon lagerlarga borib, baland qo‘riqchixonalarga chiqib: " Ey, turkistonliklar, musulmonlar bir tarafga ajraling!" deb qichqirganlar. Keyin ularni bu yerdan chiqarib, boshqa bir lagerga olib borar va kiyimu kechak, yemak bilan ta‘minlaganlar. Bu yigitlar asir qolsalar edi, qisqa vaqt ichida ochlik va suvsizlikdan o‘lib ketishardi. Ayrimlar ko‘ngilli bo‘lib birinchi, ikkinchi, uchinchi batalyonga qo‘shilganlar. Alal-oqibatda 180 mingga yaqin legion askarlari bo‘lgan. Men ko‘plar bilan suhbat qilganman. Xudo hohlasa, ular bilan suhbat asosida bir asar chiqarmoqchiman.

BBC: Tinglovchilarimizdan biri: "Turkiston legioniga fashistlar Olmoniyasiga qo‘shilgan Turkistonliklarni O‘zbekistonda ayrim ziyolilar xoinlar ham deb atashadi, Sizning fikringiz?" deb so‘ragan.

Chig‘atoy Ko‘char: Yo‘q, bunga qo‘shilmayman, ular bir ko‘rishsa edi ularning urushdagi ahvolini, qiynalishganini...Ayting, agar ularni, mayli, Stalinga qaytarib berishganida va yo qaytishganida nima bo‘lardi? Ularni o‘ldirishar edi. Stalin:"So‘nggi o‘qni o‘zingga uzasan", demagandimi? Vali Qayumxon kabi rahbarlarimiz aksar askarlarimizga yashab qolishlari uchun bir vositachi bo‘lganlar...Ularni qanday qilib xoin deb aytishimiz mumkin?

BBC: Zebuniso yana so‘rayaptilar: "Turkiston legioni haqida so‘z bo‘lganda Vali Qayumxon, Boymirza Hayit, Chingiz Dag‘chi nomlari ilk bor tilga keladi. Tadqiqotlaringiz natijasida yana qanday nomlarni kashf qila oldingiz?"

Chig‘atoy Ko‘char: Ergash aka bor...Ergash Buloqboshi, Maqsudbek bor,qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklarimiz bor. Turkiston legioni milliy qo‘mitasida o‘n olti bo‘lim bo‘lgan. Milliy adabiyot, askarlar va yozuvchilar ittifoqi kabi bo‘limlar... Ular qator oynoma va gazetlar chiqarishgan, kitoblar chiqarishgan... Munavvar qorining kitoblarini chop etildi...

BBC: O‘shdan Odil Maxdumiy esa: "Turkiston legioni o‘z oldiga qo‘ygan rejalarini amalga oshira oldimi? Legionga a‘zo bo‘lgan insonlarning nechtasi hayot hozirda?" deb yozibdilar.

Chig‘atoy Ko‘char: Turkiston legioni Ikkinchi Jahon urushida nemislar mag‘lubiyatga uchrashi bilan tarqalib ketdi. O‘z maqsadiga erisha olmadi. Urushdan keyin har bir davlatga o‘z asirini olib ketish huquqiga erishdi. Gurjilar, ozarbayjonlar... mingga yaqin askarimiz esa g‘arbda qolishga muvaffaq bo‘ldi. Turkiston legionida xizmatda bo‘lganlardan hozir besh nafar qolganini bilaman, boshqalari esa, Olloh rahmat etsin, olamdan o‘tishdi...

BBC: Zebunisoning so‘nggi savolini o‘qib bersam: "Vali Qayumxon tarafidan 1942 yili Olmoniyada "Milliy Turkiston" jurnali nashr etilgan va "Bizning yo‘l otalar yo‘lidar, mustaqillik yo‘lidir" deya bayonot bilan chiqqan. Olmon hukumati legionning siyosiy niyatiga qarshi chiqmadi. Nega? Aslida Olmon davlati legionchilardan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanmadimi?"

Chig‘atoy Ko‘char: Turkiston legionining ichki ishlariga olmonlar aralashgani yo‘q. Faqat o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangan va biz ham, legion ham foydalangan olmonlardan...Nega? Chunki askarlarimizning hayotini saqlab qoldik. Agar bu tashkilot tuzilmasa, unda askarlarimizni bolsheviklar deb o‘ldirishardi, qanchalarini o‘ldirishdi ham...Agar askarlarning ovozlarini eshitsangiz, yig‘laysiz...Turkiston legioni bolsheviklarga qarshi kurashdi. Olmonlar ham ruslarga qarshi kurashdi. Agar ular yengsa edi, Turkiston xalqlariga ozodlik berib ularni tan olamiz deyishgandi, ammo bu qanchalar hayot haqiqatiga aylanar edi, men bilmadim.

BBC: Sho‘rolar davrida vatanni tark etgan turkistonliklarning katta avlodi bugun barmoq bilan sanarli qolgan, ularning boshqa o‘lkalarda tavallud topgan farzandlari, nabiralari uchun ota yurt tushunchasi qanchalar muhim? Umuman, otalarining vatanlariga qiziqish bormi?

Chig‘atoy Ko‘char: Albatta qiziqish bor, mana mening farzandlarim: "Yana boraylik, qachon desangiz boraylik", deyishadi. Uchinchi avlodda ham ota vatan, bobo vatanga muhabbat saqlanib qolgan. Men bolalarimga o‘sha vatan ishqini berdim. Biz: "Vatanimiz ozod va obod, farovon bo‘lsin", deymiz. Tashqaridagi turkistonliklar muallim bo‘lsa, ta‘lim bilan, san‘atkor asari, savdogar moli bilan vatanga yordam qilishga tayyor. Ammo bu yordamni qanchalar istaydi vatandagilar...(kuladi) bu boshqa masala.

BBC: Chig‘atoy aka, qiziqarli suhbatingiz uchun katta rahmat! BBC tinglovchilariga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat!

Chig‘atoy Ko‘char: BBC tinglovchilariga alangali salom. InshoOlloh, vatanimiz farovon bo‘lsin, xalqimiz tinch bo‘lsin. Biz doim vatan xizmatiga, mamlakatga borishga tayyormiz.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.