BBC navigation

BBC mehmoni - taniqli rassom va jurnalist Shuhrat Bobojon

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 16:27 GMT

Shuhrat Bobojon 2002 yildan buyon "Ozodlik" radiosi o‘zbek xizmatida ishlaydi

O‘zbekistonlik taniqli rassom va jurnalist Shuhrat Bobojonga savol yo‘llang.

Shuhrat Bobojon 1963 yilda Xorazmda dunyoga keldi.

1984 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat instituti badiiy grafika fakultetini tamomladi.

Chingiz Axmarov, Malik Nabiyev, Yanis Salpinkidi, Isfandiyor Haydarov, Ro‘zi Choriyev, Abdumo‘min Boymatov va Shavkat Abdusalamov kabi atoqli rassomlar qo‘lida saboq oldi.

Institutni tamomlagach Urganch shahar suratlar galereyasida bosh muhofiz sifatida ishladi va zamonaviy rangtasvir asarlarini to‘play boshladi.

1986 yilda "Xufiyona bo‘sa" suratini Moskvadagi "Pokazyvayut molodye" ko‘rgazmasiga qo‘ydi.

Ushbu kartina 1987 yilda Tokiodagi ko‘rgazmada Yaponiya San‘at Akademiyasining oltin medaliga sazovor deb topildi.

Ayni yili Shuhrat Bobojon Sovet Ittifoqi rassomlar ittifoqiga qabul qilindi.

Rassom "Ming bir kecha" nomi ostida fantastik sharqona realizm janrida suratlar yaratdi.

1988 yilda sharqiy Olmoniyadagi Reclam nashriyoti tomonidan chop etilgan o‘zbek xalq ertaklari kitobiga suratlar chizdi.

Shuhrat Bobojon 2000 yili O‘zbekiston va Turkmaniston chegara hududlaridagi Qoraqum cho‘lida ko‘rgazma tashkil etdi.

Olmoniyada Rassomlar Uyi loyihasida ishtirok etdi va "Samarqand" ko‘rgazmasini taqdim etdi.

Rassom shuningdek "Haus der Kulturen der Welt" ko‘rgazmasiga "Non" kartinasini qo‘ydi.

Ayni surat Olmoniyadagi O‘zbekistonning sobiq elchisi Vladimir Norov noroziligiga sabab bo‘ldi.

Shuhrat Bobojon 2002 yilda Olmoniyaning Veymer shahrida tashkillashtirilgan Markaziy Osiyolik rassomlar ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

Ushbu ko‘rgazmada rassom "Pravda Vostoka" ("Sharq Haqiqati") instalyatsiyasini taqdim etdi.

Instalyatsiyada devoriga kalashnikov avtomati osilgan va stoliga Koka-kola shishasi qo‘yilgan oddiy o‘zbek uyi tasvirlangan edi.

Ayni surat 2004-yilda Pragadagi galereyada namoyish etildi.

2010 yilda esa Shuhrat Bobojon Bryussel shahrida Andijondagi xunrezliklarning besh yilligi munosabati bilan "Andijon yomg‘iri" qum kompozitsiyasini namoyish etdi.

Shuhrat Bobojon nafaqat rassom, balki muxolifat faoli va jurnalist sifatida ham tanilgan.

Shuhrat Bobojon chizgan suratlar dunyoning ko‘plab ko‘rgazmalarida namoyishga qo‘yilgan

1991 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan ilk prezidentlik saylovida joriy prezident Islom Karimovning raqibi Muhammad Solihning saylovoldi shtabiga rahbarlik qildi.

1994 yilda Urganch shahrida O‘zbekistonda ilk mustaqil televizion kanalni tashkil etdi.

Taxminan bir million tomoshabiniga ega bo‘lgan telekanal besh yil davomida Xorazm viloyatida muvaffaqiyatli ish olib bordi.

1999 yilgi parlament saylovlaridan oldin telekanal, Shuhrat Bobojonning aytishicha, siyosiy vajlar bilan berkitildi.

2001 yilda O‘zbekiston prokuraturasi Shuhrat Bobojonga qarshi "hujjatlarni soxtalashtirish" ayblovi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ayni yili O‘zbekiston Rassomlar Akademiyasi safidan o‘chirildi.

Rassom O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldi va Olmoniyada siyosiy boshpana oldi.

2002 yildan buyon Abdulla Iskandar taxallusi bilan qarorgohi Pragada joylashgan "Ozodlik" radiosi o‘zbek xizmatida ishlaydi.

Shuhrat Bobojonga savollaringizni sahifamiz ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.