BBC navigation

Moskvalik bolani jarohatlagan o‘zbek muhojiri tergovi yakunlandi

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 13:19 GMT

Bahrom Hurramovni tanigan moskvaliklar u haqda faqat yaxshi gaplar aytib, himoya qilganlar.

O‘zbekistonlik mehnat muhojiri Bahrom Xurramovning moskvalik o‘quvchi Artem Xoteyevga tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha tergov ishlari nihoyasiga yetib, ish mahkamaga oshirilgan.

Rossiya Ichki Ishlar vazirligi Moskva bo‘limi matbuot xizmatidagi manbalarning "Interfaks"ga xabar berishicha, Xurramovga aylov ilgari surilgan.

O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 112 - "Qasddan o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish" moddasi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilgan.

Xabarda aytilishicha, Xurramov bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan ko‘rsatma bergan, lekin o‘z aybini tan olmagan.

Yanvar oyining boshida Moskvada qor kurayotgan belkuragining dastasi bilan 12 yoshli bolaning jag‘ini sindirgan o‘zbekistonlik ko‘cha tozalovchi bilan bog‘liq ish keng ovoza bo‘lib, turli fikrlarga sabab bo‘lgan edi.

Dastlab ko‘chada yosh bolalar qorbo‘ron o‘ynashayotgan paytda tasodifan qor shu atrofda ishlayotgan farroshga tekkani, bundan g‘azablangan o‘zbekistonlik belkuragini sindirib qor otgan bolani quvib ketgani haqidagi xabar tarqalgan.

Surishtiruv ishlari davomida ayblanuvchi tan jarohati yetkazgan 12 yoshli moskvalik o‘quvchi bolaning o‘zi Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga, jumladan Xurramovga nisbatan bezorilikka aloqador bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Ayblanayotgan kishi o‘zini himoya qilish maqsadida bolaga tayoq otgan bo‘lishi mumkin, deb keltiradi Interfaksga gapirgan manba.

Xurramovning himoyachisi esa "bolalar uni mazax qilishgan, yana boshqa narsalar qilib uni ustidan kulishgan", deb aytgan.

9 yanvarda mahkama surishtiruv xodimlarining talabi bilan O‘zbekiston fuqarosi Bahrom Xurramovni hibsga olgan edi.

Shu bilan birga Ichki Ishlar vazirligi unga nisbatan jazo choralari yumshatilishi mumkinligi haqida bildirgan.

Ayblanuvchi rus tilini bilmasligi sababli mahkamada tarjimon orqali muloqot qilgan.

Uning aytishicha, Moskvaga o‘tgan yilning yanvar oyida kelgan va shu davr mobaynida Yujnoye Butovo tumanida ko‘p qavatli uylarning biridagi "axlat yig‘ish xonasi"da yashab kelgan.

Xurramovning so‘zlariga ko‘ra, u mehnat daftarchasiz ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishlagan.

Bahrom Xurramov O‘zbekistonda xotini va ikki bolasi borligini ma‘lum qilgan.

Voqea ovoza bo‘lgach, hodisa ro‘y bergan joyda yashaydigan moskvaliklar mehnat muhojiri haqida faqat yaxshi gaplar aytib, uning himoyasiga otlanganlar.

Jarohat olgan bolaning qori atayin ko‘cha tozalovchiga tegmaganini, balki bu bola bundan oldin ham muntazam o‘zbekistonlikni tahqirlab kelganini yozib murojaat qilganlar.

Internetda 12 yoshli bola o‘zining tengdoshini urayotgani videosi topilgan, bu atrofda u bola haqidagi fikrlar yaxshi emasligi ayon bo‘lgan.

Biroq mehnat muhojirining himoyasiga chiqqan jurnalist ayol ishdan bo‘shatib yuborilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.