BBC navigation

Prezident Karimov O‘zbekistondagi ishsizlik muammosini tan oldi

Сўнгги янгиланиш 22 январ 2013 - 12:51 GMT

Janob Karimovning e‘tirofi uning o‘zi keltirgan rasmiy raqamlarga ziddir

Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga doir yig‘inida gapirgan Prezident Karimov iqtisodiy o‘sishga doir ko‘plab raqamlarni keltirish bilan birga, joylarda yoshlarning ish topolmay, sarson bo‘layotganliklari va mehnat muhojirligini e‘tirof etgan.

18 yanvar kuni o‘tgan hukumat yig‘inida janob Karimov o‘tgan yillarda mamlakat ta‘lim tizimini isloh qilishga katta e‘tibor qaratilgani, ammo kollejlarni bitirayotgan yoshlarning ishsiz qolib ketayotganiga jiddiy ahamiyat berilmaganini aytgan.

Prezident davlat idoralari hamda mahalliy hokimiyatlarni yoshlarni ish bilan ta‘minlash masalasida yolg‘on hisobotlar berishda ayblagan.

"Bu masalada quruq rasmiyatchilik va hisobotlar berilgan. Hokimlar buni yaxshi biladi. Vazirlik ham buni nazorat qilmagan", deb aytgan janob Karimov O‘zbekiston televideniyesining 1-kanali orqali namoyish etilgan hukumat majlisida.

Unga ko‘ra, kollej bitiruvchilari "o‘z holiga tashlab qo‘yilgan".

"Agar bizning odamlarimiz Rossiyada faqat farroshlik qilayotgan bo‘lsa, bu xalqimiz uchun sharmandali bir hol "

Prezident Karimov

"Uch yil o‘qib, mutaxassis bo‘lgan kollej bitiruvchisi qayerdan ish topadi?" deya xitob qilgan Prezident hukumat mulozimlari va viloyat hokimlariga.

"Men bolalarimizning ish qidirib sarson bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman", - degan janob Karimov.

U mahalliy ish beruvchilarni yoshlarga ish o‘rinlari yaratish, ularni tayyorgarlikdan o‘tkazish va yaxshi maosh hamda uy-joy bilan ta‘minlashga chaqirgan.

Prezidentga ko‘ra, shundagina mamlakatda ijtimoiy adolatni ta‘minlash mumkin.

"Biz adolat va demokratik davlat haqida balandparvoz so‘zlarni ishlatamiz. Ammo shu hayotda adolatni o‘rnatmas ekanmiz, bu so‘zlar bir tiyinga ham arzimaydi", - degan Islom Karimov.

Ayni yig‘inda u mamlakat bosh prokuroriga ishsizlik borasida noto‘g‘ri hisobot berayotgan rahbarlarni jazolashni buyurgan, ammo bunday hisobot bergan bironta mulozim nomini tilgan olmagan.

Mehnat muhojirining o‘limi

Xabarlarga ko‘ra, Prezident Karimov hukumat yig‘inida o‘tgan hafta Moskvada o‘ldirilgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirining taqdiriga ham to‘xtalgan.

O‘zbek fuqarosi ekani xabar qilingan farroshning jasadi 13 yanvar kuni yarim tunda Moskva markazidagi uylardan birining hovlisida topilgan.

Rossiya politsiyasining bildirishicha, marhumning ko‘krak qismida pichoq yaralari aniqlangan.

Politsiya ismi-sharifi keltirilmagan O‘zbekiston fuqarosining irqchilik hujumi qurboni bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Uzmetronom nashrining iqtibos keltirishicha, Prezident Karimov o‘zbekistonlik farroshning o‘limi haqida Rossiya telekanali orqali xabar topgan.

"Nima uchun u Rossiyaga borgan?. Nima, bu odam o‘z uyida Moskvadagi farrosh topgan pulni topolmaydimi?", deya savol qo‘ygan janob Karimov.

Uzmetronom shuningdek, Prezidentning "agar bizning odamlarimiz faqat farroshlik qilayotgan bo‘lsa, bu xalqimiz uchun sharmandali bir hol", degan so‘zlarini ham keltirgan.

"Iqtisodiy o‘sish"

Janob Karimovning yoshlar orasida ishsizlik va mehnat muhojirlari haqida aytgan so‘zlari iqtisodiy o‘sishga doir u keltirgan raqamlarga ziddir.

Prezident o‘tgan yili O‘zbekiston iqtisodi 8.2 foizga o‘sgani, aholining turmush farovonligi yanada yaxshilanganini aytgan.

Janob Karimovga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan.

Tahlilchilar O‘zbekiston iqtisodining yopiqligi va rasmiy raqamlar haqiqiy ahvolni aks ettirmasligini aytishadi.

Jumladan, mamlakatda ishsizlarning haqiqiy soni qancha ekani borasida aniq raqamlar yo‘q.

Shuningdek, hukumat xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning soni borasida ham hech qanday ma‘lumotni oshkor etmaydi.

Mustaqil iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, asosan Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar yuborayotgan mablag‘lar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 15 foizini tashkil etadi.

Ularga ko‘ra, aynan shu mablag‘lar so‘nggi yillarda o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qolgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.