BBC navigation

Makdonalds halol deb sotilgan yeguligi uchun 700 ming dollar to‘lashga rozi bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 22 январ 2013 - 18:03 GMT

Yemakxonada halol go‘sht tugab qolganida boshqa go‘shtdan foydalanilgani aytilmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qiladigan musulmon Makdonalds shirkatiga qarshi boshlagan mahkama ishida yutib chiqdi.

Butun dunyoda mashhur tez tamaddi qilish restoranlari tarmog‘i hisoblangan Makdonalds AQShning Detroyt shahridagi musulmon jamoasi a‘zolariga 700 ming AQSh dollari to‘laydi.

Shirkatni yolg‘on reklamada ayblashdi.

Bu reklamada mahsulot shariat qoidalariga asosan tayyorlangani aytilgan.

Makdonaldsga qarshi da‘vo arizasini 2011 yilning sentiyabrida Michigan shtatining Dirborn-Xayts shahrida yashaydigan Ahmad Ahmad ismli musulmon yozgan.

Ahmad Ahmadning aytishicha, u Makdonalds tamaddixonasidan ichiga tovuq go‘shti solingan gamburger sotib olgan.

Biroq tovuq go‘shti halol emasligi ayon bo‘lgan.

Ahmad Ahmad tomonidan ish yuritgan huquqshunos Qosim Dahlullohning "Assoshieyted Press" axborot agentligiga aytishicha, ushbu ish mart oyida yakunlanishi mo‘ljallangan bo‘lgan, biroq Makdonalds shirkati bilan unga qarshi da‘voni qo‘zg‘agan tomon ushbu miqdordagi to‘lov bilan yarashishga erishganlar.

Janob Dahlullohning aytishicha, AQSh hududida joylashgan Makdonalds restoranlarining ikkitasida halol mahsulotlar sotilishi yo‘lga qo‘yilgan va bu ikki tamaddixona ham Dirborn-Xayts shahrida joylashgan.

Hammasi bo‘lib Detroyt atrofida 150 ming atrofida musulmon istiqomat qiladi.

Makdonalds ikki mahsuloti uchun tovuq go‘shtini halol go‘sht sertifikatini rasman qo‘lga kiritgan shirkatdan olib turgan.

Biroq huquqshunos Qosim Dahlullohning aniqlashicha, Diborndagi Makdonalds bo‘limi xodimlari halol tovuq go‘shti tugab qolgani uchun o‘zlarida bor boshqa go‘shtni ishlatib yuborganlar.

Go‘sht halol emasligini Makdonalds faoliyatiga yaqin ishonchli manba tasdiqlagan.

Da‘vo shartlariga ko‘ra, jarima tariqasida olingan pul Dirborn-Xaytsda halol mahsulotlar bilan savdo qiladigan Makdonalds restorani ochilganidan buyon u yerdan halol yegulik deb savdo qilgan mijozlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan.

Biroq bu narsa imkonsiz bo‘lmagani sababidan, mablag‘ning bir qismi da‘vogar Ahmad Ahmadga, Detroytdagi tibbiyot klinikasi, AQSh Arab milliy muzeyi va advokatlar orasida taqsimlanadi.

Makdonalds bundan keyin halol mahsulot bilan savdo qilish tartibini yanada yaxshilamoqchi, xodimlariga halol tushunchasi va halol mahsulot tayyorlash yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgatmoqchi ekani haqida ma‘lum qilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.