BBC navigation

Ruslan Chagayev amalga oshmagan jangi va bo‘lajak rejalari haqida

Сўнгги янгиланиш 23 январ 2013 - 11:09 GMT

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn bo‘yicha sobiq Jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayevning biz bilan suhbatida aytishicha, qayta jahon chempionligi da‘vosidan hanuz voz kechmagan va navbatdagi jangini shu yil mart oyiga rejalamoqda:

Руслан Чагаев

Ўзбекистонлик донгдор боксчи билан суҳбат.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

"Xudo xohlasa, bu yil ko‘proq jang o‘tkazib, shu yil oxirida jahon chempionligi kamariga birinchi da‘vogar maqomi uchun ringga tushmoqchiman", deydi Ruslan Chagayev.

Bu – Ruslan Chagayevning 2011 yil avgust oyida jahon chempionligi kamarini rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga yutqazib qo‘yishi ortidan o‘tkazayotgan to‘rtinchi janggi bo‘ladi.

Ruslan o‘tgan yil hisobidan o‘tkazgan har uch reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschining aytishicha, hozircha bo‘lajak raqibining kim bo‘lishi ma‘lum emas.

"Navbatdagi jangimni Amerika, Olmoniya yoki Do‘bayda o‘tkazmoqchimiz. Ko‘ramiz, hozircha bu xususda sizga aniq bir narsa aytolmayman", deydi u.

Ruslan Chagayevga ko‘ra, hanuz Amerikaning Detroyt shahrida va shu yerda amerikalik murabbiyi qo‘l ostida bo‘lajak janglariga tayyorgarliklarini davom ettirmoqda.

"Ko‘z tegmasin, tayyorgarliklarim yaxshi ketayapti. Hamma ishlarim joyida", deydi u.

O‘zbekistonlik bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushishni rejalayotgandi.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va oxirgi jangini ham erkin agent maqomida o‘tkazgandi.

Noprofessional munosabat

Ruslan Chagayevning so‘nggi jangi o‘tgan yil 1 dekabr kuniga rejalangan va uning Olmoniyaning Dyusselьdorf shahrida bo‘lib o‘tishi kutilgandi.

Ammo naq jang arafasida Sturm Box-Promotion olmon klubi BBC O‘zbek Xizmatiga Ruslan Chagayevning shaxsiy sabablar tufayli jangga kelolmasligini bildirgandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschining qit‘alararo chempionlik kamari uchun olmoniyalik yangi raqibi Yoqub Sog‘lomga qarshi ringga tushishi kutilgandi.

Dastlab Ruslan Chagayevning kubalik bokschi Mayk Peres bilan jang o‘tkazishi rejalangan, ammo ringga tushishlariga sanoqli kunlar qolgan bir paytda uning yelkasidan jarohat olgani ma‘lum bo‘lgandi.

Ruslan Chagayev esa, kubalik raqibiga qarshi jang olib borish uchun bir necha oydan buyon Amerikaning Detroyt shahrida tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Dongdor bokschining BBC O‘zbek Xizmatiga bergan so‘nggi suhbatida aytishicha, noprofessional munosabat sabab, dekabr oyidagi jangidan voz kechgan.

"Jangga to‘rt kun qolgan bir paytda menga qo‘ng‘iroq qilib, senga yangi raqib topdik, deyishdi. Men bunaqa narsaga yo‘qman-da, buni mutlaq neprofessional munosabat deydi. Bu - misol, shaxmat emas yoki boshqa sport turlari emas, bu - boks, har bir raqibga alohida tayyorlanish kerak. Shu tufayli, men ushbu jangdan voz kechdim", deydi Ruslan Chagayev.

Tarixcha o‘rnida

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 33 ta jang o‘tkazgan, shundan 30 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

So‘nggi jangiga qadar Ruslan Chagayev WBA reytingida 7-o‘rinni egallab turgandi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.