BBC navigation

"15.000$ qalinni kim beradi, qalinni qonunan belgilab qo‘ying"

Сўнгги янгиланиш 23 январ 2013 - 13:32 GMT

Kuyov kelinga berajak qalin miqdori o‘n besh ming AQSh dollariga chiqib ketarkan, Afg‘onistonda qalin miqdorini rasman belgilab berishi mumkin bo‘lgan qonunning qabul qilinishi kutilmoqda.

Dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri ekaniga qaramay, deylik, Afg‘onistonning O‘zbekistonga qo‘shni shimoliy mintaqalarida, agar o‘rtacha oila nazarda tutilsa, to‘y xarajatlari bugun 20-25 ming AQSh dollariga yetib qolibdi.

Deylik, kamida ikki ming mehmon chaqirish shart ko‘rilgan birgina hashamatli to‘y bazmining o‘zi cho‘ntagi baquvvatroq afg‘on oilasiga hozir 5.000 AQSh dollariga tushayotgan ekan.

Shimoliy Faryob viloyatidan bo‘lgan muxbirimiz Shafiybek o‘g‘lining aytishicha, kelinga berilajak tilla taqinchoqlaru, sarpo-surug‘ning o‘ziga yana ikki-ikki yarim ming AQSh dollari miqdorida pul ketarkan.

To‘yxonalar ijara haqqining o‘zi 500 AQSh dollariga borib qolgan

Muxbirimiz o‘zi yashaydigan viloyatda ham so‘nggi yillarda nikoh to‘ylarini hashamatli to‘yxonalarda o‘tkazish urf bo‘lib borayotgani, to‘yxonalar ijara haqqining o‘zi 500 AQSh dollariga borib qolganini aytadi.

Unga ko‘ra, shunda ham, nikoh to‘ylariga ketajak ja‘mi sarf-xarajatlar afg‘on oilalarining boy va kambag‘al ekaniga qarab farqlanadi.

Ammo el-yurt gap qiladi, men sendan qolamanmi, deb kimo‘zarga to‘y qilayotgan kambag‘al oilalar ham ko‘p va ulardan aksariyati bitta to‘y deb, boshdan-oyoq qarzga botib ketgan, deydi muxbirimiz.

Uning so‘zlariga qaralsa, birgina o‘zi istiqomat qiluvchi Faryob viloyatining o‘zida bunday oilalarning soni minglabdir.

Deylik, yiliga o‘rtacha 350 AQSh dollari daromad qiluvchi afg‘on mardikorining to‘y xarajatlari ham bugungi sharoitda 2.000 AQSh dollaridan oshib ketarkan.

O‘zi yoki farzandining nikoh to‘yiga ketajak sarf-xarajatlarni topish uchun Eron kabi qo‘shni mamlakatlarga ishlash uchun ketayotgan odamlarning soni esa, nihoyatda ko‘p, deydi muxbirimiz.

"Bitta to‘yga yetadigan pulni topish uchun 10 yilgacha o‘zga yurtlarda qolib ketayotgan odamlar ham bor. Ular qo‘shni davlatlarda har qanday qora yumushga ham rozi bo‘lib, shuncha mablag‘ni topishga harakat qilishadi", deydi u.

Dabdabali to‘ylar Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qudratda bo‘lgan payt taqiqlangan esa-da, so‘nggi yillarda yana urfga qaytgani kuzatiladi.

Poytaxt Kobuldagi do‘konlardan birida namoyishga qo‘yilgan kelinlik liboslari

Qo‘sha-qo‘sha tilla taqinchoqlar, qo‘shaloq kelinligu kuyovlik liboslari, kelin va yaqinlarining "Go‘zallik" salonlaridagi yasan-tusanlari, xonandayu sozandalar, suratchi va tasvirchilar, hashamatli "Limuzin"lar bugun Afg‘onistondagi nikoh to‘ylarining ajralmas bir qismiga aylangan.

Chang bosgan ko‘chalaru paxsa uydan tiklangan uylar orasida o‘nlab chiroqlari nur sochib turgan saroysimon to‘yxonalarning o‘zi esa, birgina poytaxt Kobulda yuzdan ortiq ekan.

To‘y sarf-xarajatlarining qanchalik ko‘pligi aholining noroziliklariga sabab bo‘larkan, Faryob viloyati Ulamolar kengashi, Madaniy jamiyat idorasi va mahalliy kengashi maxsus bayonot bilan ham chiqibdi.

Ular qalin va boshqa to‘y xarajatlarini keskin qisqartirishni talab etisharkan, ikki-uch ming AQSh dollari miqdoridagi qalin puliga rozi bo‘lmagan xonadonning to‘yiga bormasliklarini aytishgan. Viloyat hokimi esa, kamtarona to‘ylar o‘tkazish borasida, hatto, o‘zi namuna bo‘lishga ham va‘da beribdi.

Tashabbuskorlar kuyovlari allaqachon olti farzandli bo‘lgan qizlarining sarpo-surug‘ini to‘liq bermaganidan shikoyat etayotgan onalarni nazarda tutib, islohotlarni hamma o‘zidan boshlashi lozimligini ta‘kidlashgan.

Biroq ularning qalin puliyu, to‘y sarf-xarajatlarini kamaytirish talablari afg‘on erkaklarining xotin ustiga xotin olishlariga yo‘l ochadi, degan xavotirlarni ham paydo qilmay qolmabdi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.