BBC navigation

Shimoliy Koreya uchinchi yadroviy kallakni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda

Сўнгги янгиланиш 24 январ 2013 - 11:12 GMT

Shimoliy Koreya yadroviy sinovlar Qo‘shma Shtatlarga qarshi qaratilganini yashirmaydi

Shimoliy Koreya uchinchi yadroviy kallakni sinovdan o‘tkazish rejalari haqida e‘lon qildi.

Mamlakat qurolli kuchlari qo‘mondonligining Markaziy telegraf agentligi orqali e‘lon qilishicha, "yuqori darajali yadroviy sinov" va uzoq masofaga uchuvchi raketalarni chiqarish rejalari Pxenyanning "ashaddiy dushmani" AQShga qarshi qaratilgan.

Sinov muddati aniq bildirilmagan. Shimoliy Koreya 2006 va 2009 yillarda ikki marta yadroviy sinovni o‘tkazgan.

Chorshanba kuni Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi BMTning yangi sanktsiyalariga javoban mamlakat harbiy qudratini kuchaytirishi haqida e‘lon qilgandi.

BMT sanktsiyalari Shimoliy Koreyaning o‘tgan yili yadroviy sinovni o‘tkazishiga javoban olingan.

Shimoliy Koreya rahbariyati esa yadroviy raketa vositasida koinotga fazo kemasini chiqarganini da‘vo qiladi.

Kuch bilan javob

KXDR Markaziy telegraf agentligi xabarida BMT rezolyutsiyasi "noqonuniy" deya baholangan.

"Biz uzoq masofaga uchuvchi turli xil sun‘iy yo‘ldosh va raketalar bizning ashaddiy dushmanimiz Qo‘shma Shtatlarga qarshi qaratilganini yashirmaymiz", - deb ta‘kidlanadi Shimoliy Koreya qo‘mondonligi bayonotida.

"AQShga so‘z bilan emas, kuch bilan javob qaytarish kerak", - deb hisoblaydi Pxenyan.

KXDR uchinchi yadroviy kallakni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar bir necha haftadan buyon tarqalmoqda.

Pxenyan bayonotidan bir oz muqaddam Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi "mamlakat rahbariyati qaror olsa, Shimoliy Koreya istalgan paytda yadroviy sinovni o‘tkazishga tayyor" ekanini bildirgandi.

Mintaqa davlatlari va Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyadan yadroviy sinovni o‘tkazish rejalaridan voz kechishni talab qilganlar.

"Biz umid qilamizki, bunday qilishmaydi, biz ularni bunday qilmaslikka chaqiramiz. Agar shunday qilsalar, bu xato bo‘ladi," - dedi Seulda bo‘lgan Shimoliy Koreya bo‘yicha AQSh maxsus vakili. - Hozir Koreya yarim orolida ziddiyatni kuchaytirish payti emas".

Agar Shimoliy Koreya uchinchi sinovni o‘tkazsa, bu 2010 yil dekabrida Kim Chen Ir o‘limi ortidan qudratga kelgan uning kenja o‘g‘li Kim Chen In davrida amalga oshirilgan ilk yadroviy sinov bo‘ladi.

"Yuqori darajalari yadroviy sinov"ning nima ekani aniq aytilmayotir.

Mutaxassislarning faraz qilishlaricha, avvalgi sinovlarda kallaklarga plutoniy ishlatilgan bo‘lsa, bu gal Pxenyan to‘yintirilgan urandan foydalanishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.