BBC navigation

Tojikiston Eronning chanqog‘ini qondira oladimi?

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 15:35 GMT

Eron hukumati rasmiylari ishonishicha, mamlakatdagi suv tanqisligini Tojikistondan olib kelinadigan suv hisobiga yechish mumkin.

Tojikistonlik tahlilchilar esa bu loyihaning amalga oshirilishiga shubha bilan qarashadi.

Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, parlament deputati Ali Ironpur Tojikiston va Eron hukumatlari o‘rtasida suvni o‘tkazish ehtimoli masalalari muhokama qilinayotganini aytgan.

Bu masala bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillardan buyon muzokaralar o‘tkazilib kelinadi. O‘tgan yili tomonlar kerakli suv o‘tqazuvchini qurish bo‘yicha kelishuvga ham kelishgan edi.

Gap bu yerda Pomirda joylashgan Sarez ko‘lidan Eronning Xuroson viloyatiga suv olib borish haqida ketadi. Tojik tomoni loyihani amalga oshirishga tayyor, biroq Sarez ko‘li tabiatini juda yaxshi biladigan mutaxassislarni loyihaning texnik tomonlari tashvishga soladi.

Katta suv omborlari bo‘yicha milliy qo‘mita kotibi Homidjon Oripovning fikricha, Pomir tog‘ining aylanma yo‘llari orqali suvni o‘tkazib borish shunchaki ish emas.

"Suv o‘tkazgich kelishilgan tomonga toza suvni yetkazib berishni ko‘zda tutadi. Biroq u yerda relef juda murakkab, bunga albatta e‘tibor qaratish kerak. Kimki Pomirning g‘arbida bo‘lgan bo‘lsa, u yerdan suv olib borish qanchalik amalga oshmaydigan ish ekanligini juda yaxshi tushunadi. Juda yuqori balandlikda to‘rt metrlik quvurlarni tashishni ko‘z oldingizga keltiring. Bu oson ish emas. Bu yerda hamma narsani hisobga olish kerak", - deydi u.

Sarez ko‘lida ilmiy-sport ekspeditsiyasining sobiq rahbari, sobiq alpinist va tadqiqotchi Yuriy Bakovskiy ham bu loyihaning xavfli tomonlarini aytadi:

"Bu loyiha tabiatning bitta hodisasi bilan barbod bo‘lishi mumkin. Ilgari ham sovet davrida tog‘li Siyomdan Dushanbega toza suv olib kelishga harakat qilingan. Biroq suv o‘tkazgichlar uchun selni tartibga soluvchi ulkan sondagi vositalar kerak bo‘lishi aniqlangan. Bu olib boriladigan suvdan ham qimmatga tushishi mumkin. Endi Eronga qadar suv olib borish kelajagi qandayligini tasavvur qilavering", deb aytadi Yuriy Baykovskiy.

Taxminiy hisoblarga ko‘ra, Sarezdan Eron chegarasigacha 600 kilometr quvur o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Olti yil oldin Eron tomoni suv loyihasiga uch milliard dollar yotqazishga tayyor ekanligini bildirgan. Biroq loyiha shu tariqa amalga oshmay qolavergan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.