BBC navigation

Professor Naim Karimovga savol bering

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 17:23 GMT

Naim Karimov O‘zbekiston yaqin tarixi sahifalarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shgan.

O‘zbek adabiyotshunosi, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkentda ziyoli oilasida tug‘ilgan.

Naim aka otasi Fotih Karimiy maktabda fizika o‘qituvchisi bo‘lsa ham, she‘riyat va adabiyotga oshno inson bo‘lganini, o‘zidagi kitobga qiziqish ham avvalo oiladagi muhitda boshlanganini aytadi.

U 1955 yilda SAGU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakulьtetini tamomlaydi.

Universitetni bitirgach, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutiga ishga kiradi.

Yarim asrlik ijodiy va ilmiy faoliyati ushbu dargoh bilan uzviy bog‘langan olim o‘nlab kitoblar, yuzlab maqolalar yaratdi, matnshunoslik sohasiga katta hissa qo‘shdi.

XX asrdagi o‘zbek yozuvchilarining, jumladan Oybekning 20 jildlik, Hamid Olimjonning 10 jildlik, G‘afur G‘ulomning 12 jildlik, Hamza Hakimzodaning 5 jildlik asarlar to‘plamlarini tayyorlab, nashr qildirishda qatnashgan.

Domla o‘zining yorqin ilmiy faoliyati uchun Beruniy nomidagi respublika davlat mukofoti bilan takdirlangan.

1990 yillardan boshlab, Naim Karimov Sho‘ro zamonidagi ommaviy qatag‘on mavzusida adabiyot bilan bog‘liq jihatlarini yoritishga va O‘zbekistonning yaqin tarixining o‘qilmay qolgan yoxud noto‘g‘ri o‘qilgan sahifalarini qayta tiklashga harakat qildi.

1991 yildan Cho‘lpon, Qodiriy, Behbudiy, Usmon Nosir kabi qatag‘on qurbonlarining ijodi haqida keng ko‘lamli ish boshlab, ular haqida aytilmagan ma‘lumotlar oshkor etildi.

Naim Karimov dastlab, "Fan va turmush" jurnalida bosilgan "Narkompros ishi", "Cho‘lpon uchun kishan", "Assalomu alaykum, dorning og‘ochi", "Qodiriyning boshi - Yangi yil sovg‘asi", "Tosh ekan bu boshim" kabi maqolalaridan so‘ng, ular haqida yig‘ilgan ma‘lumotlarni jam qilib, kitob holida chop ettirdi.

Naim Karimov ko‘p yildan beri mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish qo‘mitasining raisi sifatida ishlab kelmokda. Uning ayniqsa, "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuini bunyod etishda, shuningdek, "Qatag‘on kurbonlari xotirasi" muzeyini tashkil etishda xizmatlari singgan.

Naim Karimov xizmatlari hukumat tomonidan baholanib, "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan.

80 yoshni qarshilagan Naim Karimov hozir ham ijoddan tingani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor Naim Karimovga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba va yakshanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.