BBC navigation

Usmonov: "Anri meni "Arsenal"ni butunlay sotib olishga undayapti"

Сўнгги янгиланиш 29 январ 2013 - 16:02 GMT

Anri "Arsenal"ni 2007 yilda tark etdi, ammo klub uni o‘tgan yili ikki oyga ijaraga oldi.

"Arsenal" futbol jamoasining qariyb 30% hissalariga egalik qiluvchi Alisher Usmonov futbol yulduzi Tiyerri Anri uni klubni butunlay sotib olishga undaganini aytgan. Bu haqida Britaniyaning Evening Standard gazetasi xabar qiladi.

59 yoshli o‘zbek milliarderining "Red and White Holdings" shirkati "Arsenal"ning 29.95% hissalariga egalik qiladi, lekin eng katta hissador Stan Kryonke bilan bo‘lgan sovuq munosabati tufayli janob Usmonov klubning direktorlar kengashiga kiritilmagan.

Janob Usmonov Frantsiyaning "L'Equipe" gazetasiga bergan intervyusida "Arsenal" uchun rekord 228ta gol kiritgan Anri uni futbol klubi ustidan to‘la hukmronlikni qo‘lga olishga chaqirayotganini aytgan.

"Menga ko‘p futbolchilar yoqadi va ularning ba‘zilari bilan aloqadaman. O‘tgan 10-15 yil ichida mening eng sevimli futbolchim Tiyerri Anri bo‘lib kelgan. U meni "Arsenal"ning barcha hissalarini sotib olishga undayapti, lekin men kelajakni bashorat qila olmayman", - deb aytgan Britaniyaning ikkinchi eng boy kishisi sanalmish Usmonov janoblari.

"Qaroqchi"

"Men ba‘zi hissalarni sotib olib, hissadorga aylanishim uchun imkon topilganda, o‘zimni chetda tutib turganim yo‘q. Men hatto to‘la nazoratni qo‘lga olishga tayyor edim. Lekin, buning iloji bo‘lmadi, chunki ba‘zi odamlar foyda ko‘rishga va mendan foydalanib, dushman siymosini yaratishga urindilar. Meni hali ham qaroqchi va dushman sifatida namoyon qilishadi. Bu o‘yinda ular g‘olib chiqdilar", - deydi u.

Janob Usmonovning o‘tmishda jinoiy javobgarlikka tortilgani uning Britaniyadagi, o‘zi aytmoqchi, "qaroqchi" imidjiga sabab bo‘lgan omillardan biridir.

Amerikalik milliarder Kryonke "Arsenal"ning rahbariyati, xususan klub raisi Piter Hill-Vud bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lib kelar ekan, janob Usmonov klub uchun salbiy ta‘sir deb namoyon qilinadi.

Shunday ekan, u onda-sonda matbuotda klubning direktorlari kengashiga qarshi tanqidlar bilan chiqadi, hamda chiptalar narhi, eng a‘lo o‘yinchilarning sotilishi va sakkiz yildan beri bironta chempionatda g‘alabaga erishilmagani haqidagi ishqibozlar shikoyatlariga xayrixohlik qiladi.

"Guardian" gazetasidagi maqolada ham janob Usmonov yulduz o‘yinchilar klubni tark etishidan noroziligini izhor etadi.

"Hissadorlar yaxshi to‘lovlar olib turgan bir paytda, shartnomalardagi kichik shartlar tufayli biz Robin van Persi, Mateu Flamini va Patrik Viyera kabi muhim o‘yinchilarni qo‘ldan chiqarib qo‘ydik. Ularga boshqa klublar ko‘z olaytirishni boshlaganda, biz maoshlarini oshirishimiz kerak edi", - deb aytgan o‘zbek milliarderi.

Janob Usmonov "Chelsi" jamoasi egasi Roman Abramovichga o‘xshab "Arsenal" ustidan to‘la nazoratni qo‘lga olib, uning sobiq shuxratini tiklashni istashi aytiladi.

Biroq, sport tahlilchilariga ko‘ra, yaqin kelajakda uning bu niyati amalga oshadigan ko‘rinmaydi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.