BBC navigation

So‘z erkinligi hisobotida O‘zbekiston oxirgi o‘rinlardan birida

Сўнгги янгиланиш 30 январ 2013 - 16:03 GMT

Hisobot O‘zbekiston hukumati internet ustidan nazoratni kuchaytirganini aytadi

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining 2012 yil uchun ishlab chiqqan matbuot erkinligi hisobotida O‘zbekiston 164-o‘ringa tushgan. Bu uning 2011 yil hisobotidagi o‘rnidan yana yetti mavqega tushganini anglatadi.

O‘zbekiston bu yilgi hisobotda oxirdan 15-o‘rinni egallagan. Eng oxirgi o‘rinlarda esa Turkmaniston, Shimoliy Koreya va Eritreya.

Hisobotning Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan qismi "Ro‘yxat tubi: Turkmaniston va O‘zbekiston jurnalistlar uchun daxshatli joyligicha qolmoqda" deb nomlanadi.

Unda yozilishicha, O‘zbekiston va Turkmanistonda yildan yilga deyarli hech qanday o‘zgarish ko‘zga tashlanmaydi.

"Prezident Islom Karimovning yovuz diktaturasi internet ustidan nazoratni kuchaytirdi, matbuot ustidan nazoratni qattiq ushlab turibdi va o‘nlab jurnalistlarni o‘ta yomon sharoitlarda qamoqda saqlashda davom etayapti", - deyiladi hisobotda.

Ko‘p-partiyaviylik va so‘z erkinligi e‘lon qilinishiga qaramay, hisobotga ko‘ra, Turkmanistonda ham hech qanday o‘zgarish yuz bergani yo‘q va u Shimoliy Koreya va Eritreya kabi matbuot dushmanlari bilan ro‘yxat tubida qolayapti.

Birinchi o‘rinni, o‘tgan yildagi kabi, Finlyandiya egallagan. Ikkichi va uchinchi o‘rinda - Gollandiya va Norvegiya o‘tgan yilgi mavqelarini almashganlar.

Chegara bilmas muxbirlar mintaqaviy lider deb ko‘rilgan mamlakatlardagi so‘z erkinligi reytingini tushib ketganiga ishora qilishadi.

Rossiya (148-o‘rin) bilan bir qatorda, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Turkiyada so‘z erkinligi vaziyati yomonlashgan.

154-o‘rindagi Turkiya, ayniqsa hukumatni kurdlar masalasida tanqid qiluvchilar ko‘zda tutilgan holda, "jurnalistlar uchun eng katta qamoqxona" deya nomlangan.

Hisobotda Moldaviya 55-o‘rin, Armaniston - 74, Gurjiston esa 100-o‘rinlarni egallashgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.