BBC navigation

"O‘zbekiston noqonuniy muhojirlikka qarshi kurashmoqchi"mi?

Сўнгги янгиланиш 31 январ 2013 - 13:47 GMT

O‘zbekiston MDHga a‘zo davlatlar o‘rtasida noqonuniy muhojirlikka qarshi hamkorlikda kurashishga oid shartnomaga qo‘shilmoqchi.

Bugun O‘zbekistondagi og‘ir iqtisodiy sharoit va siyosiy tazyiqlar sabab noqonuniy muhojirlikka yuz tutgan fuqarolari soni millionlabdir.

O‘zbekistondan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, bu xususdagi qonun loyihasi yaqinda mamlakat quyi parlamenti tomonidan tasdiqlangan va endi ko‘rib chiqishi uchun Senat ixtiyoriga havola etiladi.

Rasmiy izohlarda aytilishicha, yangi qonunning qabul qilinishi noqonuniy muhojirlik bilan bog‘liq bugungi tahdidlarga qarshi samarali kurashga yordam beradi.

Ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston qo‘shilish harakatida bo‘lgan shartnoma noqonuniy muhojirlarni deportatsiya etish mexanizmini ishlab chiqishda birgalikda ish olib borishni ham ko‘zda tutadi.

O‘zbekistondagi mehnat muhojirligi muammosini yaqindan kuzatib kelayotgan Ekspert Ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov so‘nggi yangilik ortida bir qancha sabablar yotgan bo‘lishi mumkin deydi.

Unga ko‘ra, hukumatni so‘nggi yillarda Qozog‘iston va Rossiyada noqonuniy mehnat muhojirligida band O‘zbekiston fuqarolarining ayanchli ahvolga tushib qolayotganliklariga oid xabarlar ham bunga majbur qilayotgan bo‘lishi mumkin.

"Boshqa tomondan, o‘zbekistonlik mas‘ullar yaqinga kelib, odam savdosiga qarshi kurashni ham kuchaytirishgan. Balki, odam savdosiga bog‘liq deportatsiya holatlarini huquqiy tarafdan boshqarish istagi O‘zbek hukumatini bunga undayotgandir", deydi ekspert.

Suhrob Ismoilov, o‘z o‘rnida, inson huquqlari himoyachisi sifatida rasmiy Toshkentning so‘nggi sa‘y-harakatlari ortida bevosita deb aytib bo‘lmasa-da, yana bir sabab yotgan bo‘lishi mumkin deydi.

"O‘zbekiston hukumati uchun bu shartnomaga qo‘shilish - noqonuniy bosimlar va siyosiy vajlar asosida ochilgan jinoiy ishlar sabab mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘layotgan fuqarolarni tutib kelib, tergov idoralariga topshirish uchun yana bir qulay vosita bo‘lishi mumkin. Bu kabi insonlarning soni esa, yil sayin ortib bormoqda":

Суҳроб Исмоилов

Ўзбекистондаги Эксперт Ишчи гуруҳи раҳбари билан суҳбат.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Ekspert Ishchi guruhi rahbari yangi qonunning aksaran noqonuniy muhojirlik jarayonidan kelib chiqayotgan oqibatlardan faqat bittasini huquqiy jihatdan boshqarishga qaratilganiga ham e‘tiborni tortadi.

Uning aytishicha, "agar hukumat o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga haqiqatda yordam bermoqchi bo‘lsa, ular mablag‘lari xavfsizligini qonun bilan ta‘minlash, pul topayotgan davlatlarida sug‘urta shirkatlari ochish, elchixonalarida mehnat muhojirlari masalasi bo‘yicha ish yurituvchi attashelar lavozimini joriy etish lozim".

O‘z so‘zlarida davom etarkan, o‘zbekistonlik ekspert, "hozirchalik biz buni hukumatning siyosatida ham, qonuniy akstlarida ham ko‘rmayapmiz", deydi.

So‘nggi yillarda yaqin va uzoq xorijda noqonuniy mehnat muhojirligida band O‘zbekiston fuqarolarining soni jadallik bilan ortib borarkan, O‘zbek hukumatini ular huquqlarini qonunan ta‘minlab qo‘yishga undovchi da‘vatlar ham kuchaymoqda.

Ammo, mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati mehnat muhojirligi ko‘z yumib bo‘lmaydigan holat ekanini hanuz tan olmagan va Tashqi mehnat muhojirligiga oid qonun loyihasi 2005 yildan beri muhokamada.

Birgina Qozog‘istonu Rossiyaning o‘zida noqonuniy mehnat muhojirligida band O‘zbekiston fuqarolarining soni bugun millionlarni tashkil etarkan, ularning qullik hollariga tushib qolishlari, huquqsizlik orqasidan turli noinsoniy munosabatlarga duch kelishayotganiga oid xabarlar ham oz emas.

Eng so‘nggida bir necha yildan buyon Rossiyada mehnat muhojirligida band o‘zbekistonlik suhbatdoshimizning aytishicha, bu kabi muammoga qarshi kurashmoq lozim, ammo bu ikki tomonlama va zamonga mos tarzda olib borilmog‘i kerak:

Rasmiy xabarlarda esa, O‘zbekiston parlamenti Oliy palatasi yangi qonunni qachon ko‘rib chiqishi sanasi aniq ko‘rsatilmagan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.