BBC navigation

O‘zbek mehnat muhojirlarining taqdiri alohida ko‘rgazma tashkil qilishga undadi

Сўнгги янгиланиш 4 феврал 2013 - 11:55 GMT

Olma ota shahrida Qozog‘istonda yurgan mehnat muhojirlari hayotiga bag‘ishlangan "Bizga begona biznikilar" fotosuratlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Fotogrof Valeriy Kaliyev tomonidan tushirilgan 30 ortiq rasmlarda asosan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining hayoti aks ettiriladi. Bu suratlarda Qozoq dalalarida paxta terayotgan ayollardan tortib, qurilishlarda og‘ir mehnat bilan shug‘ullanayotgan erkaklar va hatto yirik shaharlarda striptizga raqs tushuvchi qizlarni uchratish mumkin.

18 yoshli Muattar Qozog‘istonning janubidagi dalarda paxta teradi. Fotogrof Valeriy Kaliyev paxta dalariga qilgan safarida uning xirgoyisini eshitib qoladi, "mikrofonga kuylab ber", degan gapini esa, rus tilini bilmaydigan Muattar tushunmaydi. Shunda o‘zbek tilini bilmaydigan fotograf imo-ishora bilan va o‘zi kuylab ko‘rsatib Muattarning ovozini yozib oladi.

Oshiqlarni ko‘rsa ko‘zda yosh,
O‘z yoriga etolmaydi fosh.
Yashar mangu yuragida tosh
Muhabbati armon bo‘lganlar,

deya kuylaydi qizgina.

Valeriy Kaleyev fotoapparati ob‘ektiviga tushgan o‘zbek mehnat muhojirlari ruscha yoda qozoqchani bilmasligi mumkin, ammo ularning arzon mehnati ish beruvchilar uchun juda asqotadi.

Oq va qora rangda ishlangan rasmlarda to‘kin va farovon hayotni ko‘rmaysiz, balki havas qilmas sharoitlarda ishlab yurgan mehnat muhojirlarini ko‘rasiz. Qarag‘andalik fotogrof Valeriy Kaliyevni ham ushbu mavzuni tanlashiga aynan mehnat muhojirining notabiiy hayot tarzi sabab bo‘lgan.

Kaliyev bir tanishi ofisini ta‘mirlayotgan farg‘onalik mehnat muhojiri bilan suhbatda uning hayoti bilan qiziqadi.

"U uyga bir yilda ikki marta borishini va bir yoki ikki hafta bo‘lishini aytdi. Farg‘onada uning oilasi katta ekan. Ota-onasi, opa-singillari va ayoli hamda farzandlari. Hammasi bir uyda turishadi, yashash uchun do‘kondan oziq-ovqatni nasiyaga olishadi. U uyiga borganda do‘konga kirib 6 oy davomida to‘planib qolgan qarzlarni to‘laydi. Pul faqat ortga qaytishga yetadigan darajada qoladi. Kelasi 6 oy yana Qozog‘istonda ishlaydi va topganini yana qarzga berishga sarflaydi. Bu holat meni juda ham ta‘sirlantirdi", - deydi Valeriy Kaliyev.

Kaliyev qahramonlari bilan yaqindan tanishgan, aks holda Qozog‘istonda noqonuniy ishlab yurgan muhojirlar begona kishiga rasmga tushirish uchun ruxsat bermaydi.

Ismi o‘zgartirilgan Abdug‘affor akani Kaliyev Yettisoy tumanidagi qurilishda uchratgan. Quruvchilarga brigadirlik qilayotgan bu odam vaqtida Farg‘ona vodiysidagi bir masjidning imomi bo‘lgan. Ammo O‘zbekistonda dindorlarga nisbatan ta‘qib kuchayganidan so‘ng imomlikni tashlab, Qozog‘istonda quruvchilikni boshlaydi.

"Ko‘plar pulni bermay chuv tushirishadi. Pulni bermayman, deb yuzingga aytmaydi. Ishni boshlagan vaqting avans sifatida ozroq berishadi. Ishni tugatganingdan keyin, kamchilik topishga tushib ketishadi. Bir yerda masjid qurdik, ming dollarni berishmadi. Tushunsang bo‘ladi, ammo odam masjid qurayapti-ku", - deydi Abdug‘affor aka Kaliyevga bergan suhbatida.

Valeriy Kaliyev Ochiq jamiyat instituti tanlovida muhojirlar hayotini aks ettirish bo‘yicha qatnashadi va fotoaparatini olib Qozog‘iston bo‘ylab safarga otlanadi.

Faqat Qozog‘iston janubida o‘sadigan paxta dalalarridagi terimchilar bilan yonma-yon yuradi, qurilish maydonlaridagi og‘ir sharoitlarda va arzon mehnat haqiga ishlayotgan ishchilar bilan tanishadi.

Hatto Qozog‘istonning yirik shaharlarida striptiz raqsga tushuvchi mehnat muhojirlarini uchratadi. E‘tiborli tomoni, Kaliyev suratlarida asosan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hayoti aks ettirilgan.

Rasmlar ko‘rgazmasi Olma ota shahrida "Nedelka project" san‘at markazi tomonidan tashkilllashtirildi.

Loyiha tashabbuskorlaridan Timur Nusimbekov muhojirlar masalasi Qozog‘istonda dolzarb ekanligini va ularning hayotiga ko‘pda e‘tibor berilmasligini, shuning uchun ham shu mavzuni namoyish qilishayotganini bildirdi.

Foto ko‘rgazma "Bizga begona biznikilar" (Svoi i chujiye) deb nomlanadi.

"Oldin SSSR degan ulkan mamlakat bo‘lardi. Chegaralar yo‘q edi. Hamma o‘zimizniki edi. Hozir esa oilasidan yiroqda qurilishda yarim yil yashab, bu muhojirlar o‘zimiznikiga aylandimi yoki ular hali ham begonami? Ular yaqinlaridan uzoqda yashayapti, uyida bor-yo‘g‘i bir hafta bo‘lishadi. Ular o‘z uyida o‘zinikimi yo begonaga aylanib bo‘ldimi?", - deya izohlaydi Valeriy Kaliyev.

Quruvchilarning brigadiri Abdug‘affor aka, majburlikdan Qozog‘istonda yurganini o‘z vatanini sevishini aytadi. Abdug‘affor aka va qo‘shiq aytayotgan Muattarga o‘xshagan yarim milliondan ortiq mehnat muhojiri Qozog‘istonda rizqini terib yurgani aytiladi.

Ammo ularning huquqini himoya qiluvchi qonun yo‘q. Mehnat muhojirlari hayotini taqdir hukmiga topshirishga majburlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.