BBC navigation

Stalingrad dahshatlarini xotirlab

Сўнгги янгиланиш 4 феврал 2013 - 11:40 GMT

O‘n minglab shahidlar hoki ko‘milgan bu yerga...

Bir paytlar Stalingrad nomi bilan mashhur Volgograd shahri shu kunlar fashistlar Olmoniyasiga qarshi jangi yakunlanganining 70 yilligini nishonlar ekan, BBC ana shu dahshatnok muhorabadan omon qolganlar bilan suhbatlashdi.

Xotirlash marosimlari markazida ko‘hna tatarlarning Mamayev Kurgan qabriston maydoni, bir paytlar bu tepalik ham Stalin nomida edi.

Volga daryosining ajoyib manzarasi ko‘rinib turadigan bu tepalik urush vaqtida muhim strategik ahamiyat kasb etgan. Shuning uchun ham eng shiddatli jang aynan shu yerda kechgan. O‘n minglab shahidlar hoki ko‘milgan bu yerga...

Bu tepalik ustida Ona Vatan haykali qad ko‘targan. Qilich yalang‘ochlab turgan Ona Qizil armiyani g‘alabaga chorlamoqda. Pastroqda esa Qahramonlar alleyasi joylashgan.

Qahramonlar alleyasidagi xotira devorlarid sho‘ro askarlarining nomlari zikr etilgan. Devor poyidagi abadiy gulxan atrofida to‘rt askar qo‘riqchilik qiladi. Devorlar orasida o‘rnatilgan, ammo ko‘rinmas karnaylardan mungli navo taralib turadi.

Bu jang yakuniga yetganiga yetmish yil to‘layotgan bo‘lsa ham hamon shaharda qurbonlar jasadlari topilib turadi. Odamlar hamon o‘z akalari, otalari, onalari va opalari qayerda ko‘milganini topib motam tutadilar.

Otani izlab

Valentina Saveleva 75 yoshda. 67 yildan beri u o‘z otasining qabrini qidiradi. Uning otasi Stalingrad jangida havo hujumlariga qarshi kurashgan, ammo bedarak ketgan. 1961 yilda uning jasadi topiladi va Mamayev Kurganda qayta dafn etiladi. Ammo Sho‘ro mulozimlarining e‘tiborsizligi tufayli hech kim bu haqda Valentinaning onasiga xabar qilmaydi.

Onasining o‘limidan keyin Valentina harbiy komissariyat va mahalliy muzey faollari bilan birgalikda qidirishni davom ettirdi. Alal oqibat u izlaganini topdi, Mamayev Kurgan kompyuter yozuvlaridan ma‘lum bo‘lishicha, uning otasi Valentina yashagan uydan 3 chaqirim narida dafn qilingan ekan.

Bugun Valentinaning otasi TT Ponamaryov nomi Stalingrad jangining yetmish yilligi arafasida yangi xotira devoriga yozildi. Bu ro‘yxatda yangi 17000 yangi nom bor...

"Ular endigina o‘rnatishdi...etmish yil o‘tdi axir, mening onam o‘lib ketdi, men tengilar ham ketishmoqda...Shu tepalik atrofida yashab, bu yerda ko‘milgan yaqinlarimiz haqida hech narsa bilmay armonda o‘tdik", deydi Valentina ko‘zlarida yosh bilan...

"Hech kim otalarimiz taqdiri bilan qiziqib ko‘rmadi, alam qiladi menga...Hozir ham g‘azabdaman. Men uzoq yo‘l bosib, baribir o‘z otamning dafniga kechikkanday his qilmoqdaman o‘zimni, hech qachon bu armon meni tark etmasa kerak. Albatta, nomini zikr etishgani yaxshi. Ammo ko‘nglimda hamon shu armon bor", deydi Valentina.

Valentinaning ilk xotiralari dahshatnokdir.

Akadan ayrilish

Adolf Hitlerning Oltinchi armiyasi Stalingrad ishg‘olini 1942 yil yozida boshlaganida Valentina besh yashar qizaloq edi. Ko‘p o‘tmay u yashayotgan uy vayron qilindi. Qaqshatqich ko‘cha janglari boshlandi. Noyabr oyida u onasi bilan yaqin oradagi daraga qochishdi. Pastroqda Volga daryosi...
"Men ko‘zlarimni yumsam yonayotgan daryoni ko‘raman...Neft to‘kilganidan daryo yongan edi", deb xotirlaydi Valentina.

"Biz chuqurlar qazirdik, yerto‘la emas, xuddi hayvonlar kabi...o‘sha yerda yashardik. Bu daraga ham urush yetib keldi. Olmon tanklari kirishdi va tanklar ustidan ayol uchuvchilar boshqargan uchoqlar bomba yog‘dirishardi. Bombalar tank qayerda, odamlar qayerda tanlab o‘tirmasdi. Hamma narsaga o‘t ketdi. Eng yomoni 20 noyabrda ro‘y berdi...Olmonlar darani kesib Qizil Oktyabr zavodiga kirishdi. Juda qo‘rqinchi manzara edi. Avvaliga biz o‘zimiz qazigan chuqurlardan chiqmadik. Keyin kattalar yaradorlarga yordam berish uchun ketishdi. Volga yoqasida harbiy gospital bo‘lib, yaradorlarni o‘sha yerga tashishdi...Non yo‘q edi. Loy yedik. Loyda qandaydir shirincha ta‘m bor edi. Volgadan suv ichdik", deydi Valentina. Loydagi shakar moddasi Valentinani o‘limdan saqlab qoldi. Ammo uning ukasi sovuq va ochlikka chidolmadi. Qurbon bo‘ldi.

Olmonlarning Oltinchi armiyasi misli ko‘rilmagan tezlikda Sho‘rolar Ittifoqining janubini ishg‘ol qilib, Qavqoz tomonga yo‘l soldi. Ammo Stalingradda Qizil Armiya qarshilik ko‘rsatdi. Stalin "Asir tushilmasin", Hitler esa " Chekinilmasin" deb buyruq bergan edi.

Stalingrad jangida qurbon bo‘lgan askarlarning aniq soni ma‘lum emas, ammo ehtimolki, bir millionga yaqinroq harbiylar jon berishdi. Tanklar, uchoqlar va to‘plar bu vayronalarni himoya qilayotgan odamlarga qarshi hujumga o‘tgandi. Qish kirishi bilan Olmon kuchlari ko‘cha urushlariga chalg‘ishdi. Charchashdi. Olmon qo‘mondoni Fridrix Pauls Hitlerga muvaqqat, strategik chekinishni taklif qildi. Hitler ko‘nmadi. Sho‘ro askarlari yashirin tarzda shimoliy va sharqiy hududlarga jam bo‘lishdi. Birdaniga hujum bilan Oltinchi armiyani ta‘minot yo‘llarini kesib qo‘yishdi. Vaqt o‘tishi bilan Parijni ishg‘ol qilgan qudratli Oltinchi armiyaning qo‘shinlari ochlikdan va sovuqdan yer tishlay boshladilar.

Stalingradni qayta tiklashdi. Nomi ham o‘zgardi. Ammo Mamayev Kurgan yodgorligi esa hamon urush dahshatlarini yodga solib turadi.

O‘limga chap berish

1942 yilda Konstantin Duvanov 19 yashar askar edi. U Ukrainadan to o‘z ona shahri Stalingradga qadar chekinib keldi. U ham o‘t ketgan Volgani eslaydi. " Hamma narsa yonardi. Daryoning sohili o‘lgan baliqlar bilan inson tana a‘zolariga to‘lgan edi", deb xotirlaydi Konstantin.

Konstantin Duvanov Stalingrad jangi yakuniga qadar kurashdi. Shahar univermagining yerto‘lasiga yashiringan Pauls asirga tushganida u Olmonlarning aloqa mashinasini qo‘riqlayotgan edi. 1943 yilning 31 yanvari... "Oradan yarim soat o‘tib biz uchta olmon pulemyotini yelkasiga ortgan serjantni ko‘rdik...U Pauls o‘tirgan mashinaga yaqinlashdi. Paulsni ko‘rdi. Keyin, qarang, shuncha odamni o‘ldirib bu general hech narsa bo‘lmaganday o‘tiribdiku, deya pulemyotni o‘qlab Paulsga to‘g‘riladi. Pauls og‘zini ochdi va rangi oqarib ketdi. Axir bir soniya ichida marshalni narigi dunyoga jo‘natishi mumkin edi u. Ammo birdaniga leytenant paydo bo‘ldi va pulemyotni chetga surdi. Haydovchiga qarab, Xudo haqqi, tez yo‘qol bu yerdan, yoki mana buni o‘ldirishadi deb baqirdi", deb eslaydi Duvanov.

Pauls urushdan omon qoldi. Sharqiy Olmoniyada yashadi. Uning qo‘shinlaridan 91000 nafari Stalingradda asirga olindi. Faqat 6000 askar vataniga qaytdi. Qolganlari yo Sho‘ro qamoqxonalarigacha yo‘lda va yo qamoqxonalarda o‘lib ketishdi.

Stalingradni qayta tiklashdi. Nomi ham o‘zgardi. Ammo Mamayev Kurgan yodgorligi esa hamon urush dahshatlarini yodga solib turadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.