BBC navigation

Advokat: Kiyev tojik siyosiy muhojirini topshira olmaydi

Сўнгги янгиланиш 8 феврал 2013 - 16:00 GMT

Abdumalik Abdullojonov Tojikistonda davlat tuzimiga tajovuz qilishda ayblanmoqda

Tojikiston sobiq bosh vaziri, muxolifatchi Abdumalik Abdullojonov Kiyevdagi Lukyanovsk muvaqqat izolyatorda saqlanmoqda.

Ukraina davlat organlari uni Tojikistonga topshirish borasida hozirga qadar uzil-kesil qarorga kelganlari yo‘q.

Ukraina mahkamasi payshanba kuni Abdumalik Abdullojonovni 40 kun davomida ushlab turish haqida qaror chiqargan.

Sobiq bosh vazir vatanida davlat tuzumiga tajovuz qilish doxil qator jinoyatlarda ayblanmoqda.

Ukraina militsiyasi 6 fevral kuni Borispol aeroportida Qo‘shma Shtatlardan kelgan Abdumalik Abdullojonovni Tojikiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bilan hibsga olgan.

Uning advokati Andrey Fedur BBC bilan suhbatda janob Abdullajonovni oldindan hibsga olish rejasi bo‘lganiga ishonishini aytdi.

Andrey Fedur: Eng avvalo, men Borispol mahkamasining Abdumalik Abdullojonovni muvaqqat hibsda saqlash qarori shoshilinch va hattoki shubhali tarza olingan, deb hisoblayman. O‘ylashimcha, mahkama o‘zini oldindan himoyalab olgan ko‘rinadi. Qidiruvda bo‘lgan shaxsni muvaqqat ushlab turish haqida Ukrainada mavjud qonunchilikning o‘ziga xos jihatlarini ham inobatga olish lozim, deb o‘ylayman. Qonunga ko‘ra, mahkamada yo prokuratura talabini qoniqtirish yoda rad qilish vakolati bor xolos. Unda bundan boshqa yo‘l yo‘q.

Muvaqqat hibsda saqlash qarori kuchda bo‘lgan 40 kun ichida Tojikiston Ukraina mas‘ul organlariga Abdullojonovni ekstraditsiya etishni so‘rab rasmiy talabnoma yo‘llashi lozim. Hozirga qadar na menga va na mening himoyam ostidagi shaxsga bunday rasmiy hujjat kelgani yo‘q. Men bunday hujjat yo‘q, aks holda bu haqda xabar bergan bo‘lishardi, deb o‘ylayman.

Ukraina jinoyat protseussual kodeksiga muvofiq, bir shaxsni ekstraditsiya etishga oid ishni mahkama ko‘rib chiqadi. So‘ngra Bosh prokuratura ushbu qaror yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi va ana undan keyin Abdullojonovni ekstraditsiya etish masalasida yakuniy qaror olinadi.

Men Ukraina bunday qarorni olmaydi, deb umid qilaman, zero (bunday qaror) noqonuniy va Ukrainaning xalqaro majburiyatlariga xilof amal bo‘ladi. Buni men nafaqat Ukraina, balki Tojikiston qonunchiligiga asoslanib aytayapman.

BBC: Siz Abdumalik Abdullojonov Qo‘shma Shtatlarda siyosiy muhojir maqomiga ega ekanini tasdiqlay olasizmi? Chunki, agar shunday bo‘lsa, Ukraina, xalqaro konventsiyalarga muvofiq, uni ekstraditsiya etishga haqli bo‘lmaydi.

Andrey Fedur: Shuning uchun ham men ekstraditsiya etish haqida qaror chiqmaydi, deb umid qilayapman. Ha, mening himoyam ostidagi shaxs Tojikistonlik siyosiy qochqin hisoblanadi, u AQShda yashaydi va aynan o‘sha yerda u siyosiy muhojir maqomini olgan.

Ukraina, jumladan Tojikiston ham, muhojirlar huquqlarini himoya qilish haqidagi BMT Konventsiyasini ratifikatsiya qilgan. Ushbu Konventsiyada siyosiy muhojir maqomiga ega bo‘lgan shaxs, o‘zi qochib chiqqan mamlakatga qaytarilishi mumkin emas, deb aniq taniq ko‘rsatilgan. Qochqin uni toshpirib yuborishi mumkin bo‘lgan mamlakatga ham berilmaydi.

Bundan tashqari, men tojik tomoni bugun Abdumalik Abdullojonovni ekstraditsiya etishni so‘rab, Ukrainaga hujjatlarni yo‘llay olmaydi, deb hisoblayman. Chunki, Tojikiston ham bu Konventsiyani imzolagan, va u yerda sobiq bosh vazir siyosiy qochqin maqomiga ega ekanini yaxshi bilishadi.

Shuning uchun agar barcha xalqaro bitimga muvofiq harakat qilsa, Ukrainaga ekstraditsiya etish haqidagi talab kelib tushmaydi.

Abdumalik Abdullojonov mana 16 yildan buyon Tojikistonda yashamaydi. Tojikiston konstitutsiyasiga muvofiq, ushbu mamlakatda besh yildan ziyod vaqt yashamagan va ushbu mamlakatning xorijdagi konsulligida ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs fuqarolik maqomini yo‘qotadi.

Shuning uchun tojik tomoni Ukrainaga murojaat qilsa, qanday qilib o‘z qonunlarini chetlab o‘tishini tasavvur qila olmayman.

BBC: Abdumalik Abdullojonov qanday maqsadlar bilan Ukrainaga kelgani sizga ma‘lummi? Uning do‘sti, muxolifatdagi tojik jurnalistining aytishicha, Adbullojonovga bo‘lgan tahdid haqida ogohlantirishgan, biroq u go‘yoki o‘zi ishongan shaxslar taklifi bilan borayotganini aytgan.

Andrey Fedur: U Kiyevga Nyu-Yorkdagi Ukraina konsulligi bergan sayyohlik vizasi bilan uchib kelgan. U o‘z shaxsiy ishlari bilan bir necha kunga kelgan.

Men uning qanday ishlari bo‘lganini ayta olmayman, ammo menga advokat sifatida uning shaxsiy ishlari bilan kelganini bilishning o‘zi yetarli. Abdullojonovni, haqiqatan ham, Borispol aeroportida qarshi olishlari kerak edi. Ammo, uni o‘zi istagan shaxs kutib olmagan. Shuning uchun menda bu yerda qandaydir fitna bo‘lgan, deyishga asos bor.

Bu haqda Abdumalik Abdullojonovning o‘zi ham aytayapti. Aftidan, Qo‘shma Shtatlarda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan va bu mamlakat fuqaroligini olish uchun barcha bosqichlardan o‘tib bo‘lgan siyosiy muhojirga nisbatan maxsus amaliyot o‘tkazilgan.

AQSh fuqaroligi haqidagi qaror kelgusi bir necha hafta, balki, oylar ichida chiqishi lozim edi.

Abdumalik Abdullojonov Kiyevga uchib kelgan mahalda, uni bojxona yoki chegara nazorat nuqtasida emas, balki uchoqdan chiqaverishda ushlaganlar.

Ya‘ni, u hatto uchoqdan aeroport binosigacha yetib bormagan. Voqealar xuddi qandaydir ur-yiqit filmida bo‘ladigani singari rivojlangan.

U yerdan Abdullojonovni militsiya bo‘linmasiga olib borganlar, oqshomga yaqin uni ushlab turish haqida protokol tuzilgan.

BBC: Agar bir shaxs Qo‘shma Shtatlarda siyosiy qochqin maqomiga ega bo‘lsa, boshqa mamlakatdan, xususan Ukrainadan ham, ayni maqomni so‘ray oladimi?

Andrey Fedur: Albatta, inson bunday huquqqa ega, ammo u allaqachon boshqa mamlakatdan siyosiy muhojir maqomini olgan bo‘lsa, ayni asosda uning bu so‘roviga rad javobi beriladi.

BBC: Siz Abdumalik Abdullojonov bilan hech qanday to‘siqlarsiz uchrashish imkoniga egamisiz?

Andrey Fedur: Ha, advokat sifatida men hech qanday cheklovlarsiz uchrashish huquqiga egaman.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.