BBC navigation

BBC mehmoni - "Mustaqil mardikorlar tashkiloti" rahbari Nuraddin Jumaniyozov

Сўнгги янгиланиш 8 феврал 2013 - 18:20 GMT

Nuraddin Jumaniyozovning ishonishicha, O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq mardikor bor

Nuraddin Jumaniyozov 1948 yilda Qoraqalpog‘iston jumhuriyatining To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan.

Pushkin nomidagi 1-o‘rta maktabni bitirib, Leningrad (Sankt-Peterburg) Politexnika Institutiga o‘qishga kirgan.

1969 yilda mazkur institutni tamomlab, Leningrad shahridagi "Kirov zavodi" ishlab chiqarish birlashmasida konstruktor bo‘lib ishlaydi.

1983 yilda To‘rtko‘lga qaytib, to‘qimachilik fabrikasida faoliyatini davom ettiradi.

Keyinroq Toshkent Traktor zavodida konstruktor, Chkalov nomidagi Toshkent Aviasozlik ishlab chiqarish birlashmasida injener-texnolog bo‘lib ishlaydi.

1990 yilda birinchilardan bo‘lib, yangi tuzilgan "Erk" demokratik partiyasiga a‘zo bo‘lib kiradi.

Muxolifatdagi "O‘zbekiston Xalq Harakati" faoli.

2012 yilning avgustida Mustaqil mardikorlar kasaba uyushmasiga asos solgan.

2012 yil noyabridagi tashkilot qurultoyidan keyin uyushma nomi "Mustaqil mardikorlar tashkiloti" deb ataladi.

Hozirda yuzlab a‘zolariga ega bo‘lgan tashkilotning maqsadi - O‘zbekistonning mamlakat ichqarisi va tashqarisidagi ishsiz aholisini ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan himoya qilish.

Nuraddin Jumaniyozov O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq mardikor bor, deb ishonadi.

U avvalroq O‘zbekiston parlamentiga murojaat qilib, mardikorlar to‘g‘risidagi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirgan.

Muhtaram Nuraddin aka!

Mardikorlikka uch yol sabab bo'ladi:

1.Ishidan ayrilgan ishsiz odam;

2.Bir ishni boshini tutmagan layoqatsiz odam;

3.Vatanida o'ziga munosib ish topa olmagan odam;

Siz ushbu sabablarni qaysi birlarini inkor qilasiz?.

Odiljon Maxdumiy, O'sh

Nuraddin Jumaniyozov: Hurmatli Odiljon!

Siz,mardikor bo‘lishning uch sababiga to‘xtalibsiz. Men esa, uning 5 sababiga, "Mardikor portreti" degan maqolamda to‘xtalganman. Shu maqolamdan bir parcha o‘qib beraman. "...O‘zbekistonda, mardikor degan zahmatli, toza va halol kasbni o‘z trikchilik man‘bai qilib olgan insonlarimizning umumiy soni 7 milliondan 10 milliongachadir. Ular jamiyatimizning turli xil qatlamlarini tashkil qiladilar:

-Balog‘at yoshidagi, ishlashni xohlayotgan, lekin ish topolmayotgan yoshlar.

-Jamiyatimizda, u yoki bu sabablarga ko‘ra, yolg‘izlanib qolgan onalar.

-Kun ko‘rish muammolari uchun, pulga zarur talabalar.

-Korxonalarda ishchi o‘rni bo‘laturib, qo‘shimcha daromad topishga majbur bo‘lgan fuqarolar.

-Turli yoshdagi, pulga muhtoj fuqarolar..."

Siz hisoblagan sabablarni, birinchi punktga kiritgan bo‘lar edim. Siz ko‘rsatgan sabablarda, men inkor qiladigan sabab yo‘q. Ikkalamiz bu borada tushunchamizni andak boyitdik, deb o‘ylayman. Rahmat.

Assalomu aleykum Nuraddin aka, men 31 yoshdaman. Men mardikormasman, bu tashkilotga ishga kirsa ham bo'ladimi va agar bo'lsa, qayerga va kimga uchrash kerak bo'ladi. Javob uchun oldindan rahmat!

Abdullaev Sherali, Marg'ilon

Nuraddin Jumaniyozov: Hurmatli Sherali Abdullayev!

"Iqtisodda qo‘llangan noto‘g‘ri amallar va qalbakichilik, vaqt o‘tishi bilan iqtisodga va xalq farovonligiga putur yetkazaveradi. Ishsizlik va chorasizlik xalqni ezaveradi "

Nuraddin Jumaniyozov

Bizning "Mustaqil mardikorlar tashkiloti" (Kasaba uyushma) deb ataluvchi NNT, O‘zbekistonda yangidan barpo qilinayotgan, mardikorlarni ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy himoya qiluvchi tashkilotdir. Tashkilotimiz endi shakllanayapti. Strukturamizga ega bulib, qonuniy faoliyat ko‘rsatarmiz, inshaalloh!. Bizga hali strukturani boshqarishda, mutaxassislar kerak bo‘ladi. Nasib qilgan bo‘lsa, siz ham ishlarsiz. Savol uchun rahmat!.

Nuraddin aka, chet el elchixonalari yoki tashkilotlaridan bir tiyin bo'lsa ham olgansizmi shu "Mardikorlar tashkiloti" uchun?. Rus tilini yaxshi bilsangiz kerak, siz qilayotgan ish populizmga juda o'xshamoqda, mana "Erk" degan partiyada yana boshka o'zlarini "muholifat" deganlar bilan birga Vatan uchun foyda emas, balki ko'ringan chet ellik jurnalistlarga O'zbekistonga mag'zava ag'darish bilan ovora bo'lganlar orasida yuribsiz, bu Tashkilotingiz ham huddi shu "Erk", "Birlik"ni bir turidanmi?.

O'ziga Bek.

Nuraddin Jumaniyozov: Hurmatli Bek!

Siz savol berdingiz, men javob beraman.

-Chet el elchixonalaridan bir tiyin olgan emasman. Olmasam ham kerak.

-Rus tilini bilaman. Rus tilida o‘qiganman. O‘zbekcha gapiraman va fikrlayman. Oilam o‘zbek.

Mehnatning mardikor usli (O‘zbekchilikning eskirgan elementi) jamiyatimizga yana qaytdi. Mamlakatimizda mardikorlar soni 7dan 10 milliongacha deb taxmin qilinayapti. Bu tsifraning kelib chiqishiga hali izoh beraman. Jamiyatimizda, tabiatan paydo bo‘lgan, yangi ijtimoiy qatlam hali ojiz, himoyaga zarur. Ojizni himoya qilish esa faqat yaxshilik hisoblanadi.

Madaniyat bilan fikr yuritsak, rasmiy hukumat amallari bilan muxolifat tushunchalari orasidagi farqni bilish uchun, ularning ikkalasini ham o‘rganish kerak (Siz, ERK yoki Birlikning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy targ‘ibotlarini o‘qiganmisiz?). O‘rganish uchun ikki tomon ham o‘z fikrlarini OAVda oshkora bayon qilishlari kerak. Ana shunda jamiyat a‘zolari, har ikki tomonga o‘z baholarini berishga haqlidirlar. Bilmagan narsaga baho berishlik, bu johillikdir. Vatanga mag‘zava sepish ham johilning ishi. Mening e‘tiqodim va bilim darajam Vatanimni sevishga yetadi, deb o‘ylayman. Siz ham biror narsaga baho berishdan oldin, uni o‘rganib chiqing. Savol uchun rahmat.

Assalomu alaykum Nuriddin og‘a, men o‘zim iqtisodchi o‘laroq, "Mardikorlik to‘g‘risida"gi qonunni hozirgi hukumatdan qabul qilinishini talab qilguncha, "Turli xizmatlarni amalga oshiruvchi (raznorabochiy)lar to‘g‘risida" Qonun qabul qilinsa yaxshi emasmi?. Bunda patent orqali kichik soliq evaziga ham davlatga soliq to‘lab, ham o‘zi bemalol erkin hizmatini amalga oshirar edi va keyinchalik to‘lagan soliqlari evaziga pensiya yoshida pensiya tayinlanishi sizningcha qanchalik to‘g‘ri bo‘lar edi?.

Ahmadjon, Toshkent

Nuraddin Jumaniyozov: Hurmatli Ahmadjon!

Ancha eskirganiga qaramasdan, mexnatning mardikor usuli, yana jamiyatimizga qaytdi. Bu inkor qilib bo‘lmaydigan fakt. Shu usul bilan millionlab fuqarolarimiz oila tebratayaptilar. Mardikorlik , o‘zimizning mehnatni tashkil qilish milliy usulimizdir. SSSR KZOTi mehnatni baholashning "akkord" usuliga o‘xshab ketadi. O‘zbekiston, super iqtisodiy ko‘rsatkichlariga erishgan taqdirda ham, mardikorlik yo‘qolmaydi. O‘zbekchilik naqlida "o‘zbek boyisa imorat quradi" deyilgan. Bu odat millatimiz qonida chuqur o‘rnashgan. Demak, jamiyatimizda mardikorga hamisha o‘rin bor. Islomda har bir foydali mehnatni qadrlash va taqdirlash kerakligi uqtiriladi. Mardikorlik statusini aniqlab, ularning dam olish, ta‘til, davolanish va malaka oshirish sharoitini hisobga oluvchi qonun ishlab chiqish kerak. Bu maqsadni amalga oshirishning, o‘ta qiyin tomonlari kup. Bu sharafli va murakkab ishda men ham o‘z hissamni qo‘shsam, xursand bo‘lar edim. Savolingiz uchun rahmat.

Assalomu alaykum. 10 million mardikor bor, debsiz. Qayerdan olgansiz bu tsifrani?

2). O‘zbekistonning bugungi ahvolga tushishiga nima sabab?

Bahrom, Toshkent

Nuraddin Jumaniyozov: Hurmatli Bahrom!

SSSR hali bor paytida, O‘zbekiston respublikasida 20-25 million aholi isttiqomat qilar edi. Shu aholining aksariyat qismi ish bilan ta‘minlangan edi. Hozir esa, aholi soni 30 millionga yetibdi. Toshkentdagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida ishlaganman. Shu korxona misolida mehnatga yaroqli qancha odam hozir ishsiz ekanini hisoblaymiz. Misol, SSSR davrida korxonada 65 ming ishchi ishlar edi. Hozir bazo‘r 10 ming ishchi bor, desa bo‘ladi. Ikki tsifraning ayirmasi, 65-10=55. Hozirgi kunda, TAPOiCh to‘la ishlamaganligi sababli, 55 ming odam ishsiz, deyish mumkun. Bu tsifrani mamlakat masshtabida tahlil qilsak, mamlakatda ishga loyoqatli aholining 80 foizi ishsiz, degani. Bu foizga ishonch hosil qilish uchun katta olim bo‘lish zaruriyati yo‘q. Bugun 30 million aholimiz bor. Shundan 15 millioni mehnatga yaroqli xalqdir. Ishlab chiqarishi ishlamagan, xizmat ko‘satish va boshqaruv sohasigina ishlaydigam O‘zbekistonda, 5 million aholining ish bilan ta‘minlanganiga, mamlakat statistika idorasi darajasida kim menga(bizga) kafolatli izoh beradi?. 10 million ishsiz aholi potentsial mardikordir. Kun kechirish daromadi tugagan odam, mardikor bozoriga chiqaveradi. Yoki mardikorga, chetga ketadi. Xohlovchilar bu raqamni statistika idoralaridan olaverishlari kerak. Lekin bunday abgor ma‘lumotlarni xalqdan sir saqlash amallari mamlakatimizda juda puxta yo‘lga qo‘yilgan. Va hech kim sizga bunday ma‘lumotni bermaydi.

Mamlakatning bunday nochor ahvolga tushib qolganining asosiy sabablari ishsizlik va mustaqilligimizdan keyingi, iqtisodiy reformalar o‘tkazilmayotganligining oqibatidir. Mamlakatimiz iqtisodi, SSSR iqtisodiy sistemasining bir qismi edi. Ma‘lumki SSSR iqtisodi, gipertrofik holatga keldi va natijada SSSR quladi. O‘zbekistonning iqtisodiy amallari, shu iqtisodiy xarobalar ustida, ko‘r-ko‘rona qurilib boshlandi. Karimov iqtisodchilarining birinchi galdagi vazifasi, jahon iqtisodiy yo‘nalishlarini o‘gangan holda, mamlakat iqtisodiy vazifalarini ishlab chiqish bo‘lmog‘i kerak edi. Bu borada ortga qaytmas inqirozga uchragan Yevropa va Rossiya bizga o‘rnak emas edi. Iqtisodda qo‘llangan noto‘g‘ri amallar va qalbakichilik, vaqt o‘tishi bilan iqtisodga va xalq farovonligiga putur yetkazaveradi. Ishsizlik va chorasizlik xalqni ezaveradi. Mamlakatni boshqarish qiyinlashaveradi. Natijada, mamlakatimizda katta sonda ishsizlik paydo bo‘ldi. Savolingiz uchun rahmat.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.