BBC navigation

Britaniyada boshlangan "ot go‘shti janjali" Ovro‘poga yoyilgan

Сўнгги янгиланиш 11 феврал 2013 - 14:20 GMT

Britaniyadagi supermarket do‘konidagi mol go‘shti burgeri tarkibida ot go‘shti DNKsi aniqlanganidan keyin boshlangan mojaro dastlab Irlandiyaga, so‘ng Ruminiyaga yetib bordi, Ovro‘poning 11 mamlakatida go‘sht ta‘minotchilarini tekshirish boshlandi.

Yanvar oyining o‘rtasida Britaniyadagi Tesco va Iceland supermarkatlarida sotilayotgan mol go‘shti burgerlari tekshirib ko‘rilganida ular tarkibida ot va cho‘chqa go‘shtlari DNKsi borligi aniqlandi, Tesco va Iceland savdodan burgerlarni olib tashladi.

Britaniya oziq-ovqat xavfsizligi nazorati bo‘yicha agentlik tekshirish boshladi.

Burgerlar Irlandiya va Angliyadagi zavodlarda tayyorlangani aniqlandi.

Ot go‘shti Irlandiyadagi Dunnes Stores, Lidl va Aldi do‘konlar tarmoqlarida ham topildi.

Burgerlarni savdo tarmoqlariga tarqatadigan Irlandiyadagi shirkat go‘shtni Ruminiyadan olganini va qanday qilib mol go‘shti tarkibida ot go‘shti paydo bo‘lganini tekshirishni boshlaganini ma‘lum qildi.

Shundan keyin Frantsiya, Shvetsiya va Polshadagi supermarketlarda sotilayotgan boshqa go‘shtli mahsulotlarda ot go‘shti aniqlandi, ayrimlari tarkibida mol go‘shtidan ko‘ra ot go‘shti ko‘pligi ma‘lum bo‘ldi.

Frantsiyadagi yettita shirkat muzlatilgan barcha go‘shtli mahsulotlarini savdodan qaytarganlarini e‘lon qildilar.

Shvetsiyadagi Findus va Frantsiyadagi Spanghero shirkatlari Ruminiyadagi qassoblarga qarshi mahkamaga da‘vo arizasi kiritganlar, Ovro‘podagi boshqa shirkatlar ham shunday yo‘l tutishlarini xabar berdilar.

11 fevral kuni Frantsiya hukumatining maxsus majlis chaqirishiga to‘g‘ri keldi.

Hukumat bu majlisga mamlakatdagi barcha go‘sht ta‘minotchilarini to‘plagan.

Frantsiya Oziq-ovqat vaziri Jiliom Garot shubhali bo‘lgan mahsulotlarning hammasi do‘konlar peshtaxtalaridan olib tashlanganiga ishonch hosil qilishini istashini aytgan.

Britaniyada ham parlament a‘zolari mas‘ul vazirdan yuzaga kelgan vaziyat va muammoni bartaraf etish yuzasidan nima ishlar qilinayotgani borasida hisobot talab qildilar.

Ko‘pchilik salomatlik va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha talablar jahonda eng qattiq bo‘lgan Ovro‘poda qanday qilib shunday hodisa yuz berishi mumkin degan savolni bermoqda.

Dastlabki tekshiruvlar xulosasiga ko‘ra, ot go‘shti mol go‘shtiga tasodifan aralashib qolmagan, balki atayin yashirincha qo‘shilgan.

Bu esa jinoyat, ot go‘shti ancha odamlarning salomatligiga to‘g‘ri kelmaydi.

Ruminiya Prezidenti Trayan Besesku o‘z shartnomasidagi majburiyatlarini buzgan shirkat ustidan tekshirish boshlanganini ma‘lum qilgan.

Prezident Besesku mojaro uchun rumin qassoblari mas‘ul bo‘lsalar, buning oqibati Ruminiya uchun yomon bo‘lishidan ogohlantirgan.

Agar muammo ildizi Ruminiyada bo‘lsa, bu mamlakatga qarshi eksport cheklovlari joriy etilishi mumkin.

Prezident Trayan Besesku so‘zlariga ko‘ra, Ruminiya "ko‘p yillarga ishonchni yo‘qotishi mumkin".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.