BBC navigation

Sankt-Peterburgdan ekstremizmda gumon qilingan muhojirlar chiqarib yuborilmoqda

Сўнгги янгиланиш 11 феврал 2013 - 14:41 GMT

Rossiya huquqni muhofaza qilish xodimlari asosan namozxon mehnat muhojirlaridan gumon qilmoqda.

Rossiya axborot agentliklari xabar tarqatishicha, Sankt-Peterburg shahrida mehnat muhojirlarining shaxsi va nima bilan shug‘ullanib yurgani yaxshilab o‘rganilmoqda.

Yaqinda Sankt-Peterburg shahridan besh nafar Tojikiston fuqarolari chiqarib yuborilgani xabar qilinadi.

11 fevral kuni bir nechta ozarbayjonlik mehnat muhojirlari ham vataniga qaytarilgan.

Shuningdek, ikki O‘zbekiston fuqarosini ham chiqarib yuborilishi haqida xabarlar bor.

O‘tgan juma kuni Sankt-Peterburg viloyati bo‘ylab o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida 271 kishi ushlangani, ular orasida Rossiyada noqonuniy yashab kelgan muhojirlar ham bo‘lganligi aytiladi.

Ma‘lumotlarda keltirilishicha, ushlangan mehnat muhojirlari ekstremizmda gumon qilinmoqda.

O‘tkazilgan surishtiruv ishlaridan so‘ng ko‘pchilik mehnat muhojirlar qo‘yvorilgan. Biroq ularning aksariyatini o‘z vataniga qaytarib yuborish boshlangan.

Sankt-Peterburgda ishlab kelgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirining aytishicha, haqiqatdan ham juma kuni masjidga namoz o‘qigani borgan oddiy namozxonlarni ushlab ketishgan.

Ularning hozir qayerda ekanligi noma‘lum, deydi o‘zbekistonlik muhojir.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirining aytishicha, o‘zi ham juma namoziga chiqmoqchi bo‘lib ketayotganda militsiya xodimlari tomonidan ushlangan. Uning hujjatlarining muddati tugagan bo‘lgan, bo‘limda uch soat ushlab turilgach qo‘yib yuborilganini aytadi.

Sankt-Peterburgdagi namozxonlar bir binodan masjid sifatida foydalanib kelishgan. OMONchilar u yerga borib, namozga to‘planganlarni bitta-bitta tekshirishgan va 500 ga yaqin kishini avtobuslarga solib so‘roq uchun olib ketishgan.

OMONchilar ko‘proq soqol qo‘ygan namozxonlardan shubhalangan. Mehnat muhojirining aytishicha, namozxonlarning orasida ko‘plarning hujjati bo‘lmagan bo‘lsa ham, asosiy e‘tibor ularning qaysi mahzabga a‘zoligi, qanday namoz o‘qishi, imomi kimligi, Arabistondan moliyaviy yordam oladimi kabi savollarga qaratilgan. So‘roq paytida mehnat muhojirlaridan barmoq izlari olingan, yana bir safar qo‘lga tushsa, yurtiga chiqarib yuborilishi ogohlantirilgan.

Moskvadagi inson huquqlari faoli o‘zbekistonlik Bahrom Hamroyevga ko‘ra, "Namozxonlarning haqiqatdan ham qo‘poruvchilik niyatlari borligi uchun emas, Rossiya aholisini mamlakatdagi muammolardan chalg‘itib, musulmonlarga qarshi tasavvur, nafrat uyg‘otish uchun qilinyapti". "Shu bilan birga ular Rossiya hukumatining o‘z siyosatini amalga oshirish uchun qurbon qilinmoqda, muhojirlar kelgan davlatlarga Rossiyaning manfaatlari uchun bosim o‘tkazish maqsadida ham qilinayotgan bo‘lishi mumkin", deydi Bahrom Hamroyev.

Rossiyada mehnat muhojirlariga qarshi tez-tez turli tekshiruv va tazyiqlar o‘tkazib kelinishi yangilik emas.

Biroq bu gal mehnat muhojirlarini ekstremizmda ayblab ommaviy qo‘lga olinayotganligi va aksariyatini vatanlariga qaytarayotganiga aynan nima sabab bo‘layotgani Rossiyadagi huquq faollari tomonidan o‘rganilmoqda.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.