BBC navigation

Rossiya muxolifati markaziy osiyolik muhojirlarga qarshimi?

Сўнгги янгиланиш 12 феврал 2013 - 16:37 GMT

Rossiya muxolifati mavjud hokimiyatni muhojirlar oqimiga qarshi chora ko‘rmayotganlikda ayblagan

Rossiya muxolifatining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi Markaziy Osiyoning uch davlati-O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan viza tartibini joriy etishga chaqirgan.

Kengash qabul qilgan bayonotda mintaqadan muhojirlar oqimi tobora ko‘payib borayotgani, bu esa Rossiyaning o‘zidagi mehnat bozoriga putur yetkazayotgani aytiladi.

Muxolifatga ko‘ra, ko‘pchilik muhojirlarning yarim qullik sharoitlarida yashashayotgani ularni jinoyatchilar safini to‘ldirishga majbur qilmoqda.

Rossiyadagi aksilmuhojirlik kayfiyatlari yangilik emas, ammo o‘tgan yili Vladimir Putinning uchinchi muddatga Kremlga qaytishi manzarasida boshlangan norozilik harakati yetakchilari birinchi marta bu kabi bayonot bilan chiqishmoqda.

Ammo Rossiyadagi "So‘l jabha"ning hozirda uy qamog‘ida bo‘lgan rahbari Sergey Udaltsovning Muvofiqlashtiruvchi Kengashdagi vakili Aleksey Saxninning BBCga aytishicha, muhojirlar masalasi muxolifat orasida bo‘linishlarga sabab bo‘lgan.

Aleksey Saxnin: Rossiya muxolifatining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi o‘zining ishini qilayotgani yo‘q. Men buni bema‘ni bayonot, deb hisoblayman. Muxolifat ichidagi ayrimlar allaqachon o‘zlarini Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, deb o‘ylab, bu borada memorandum qabul qilish bilan ovoralar. Vaholanki, Rossiya muxolifati oldida bundan muhimroq vazifalar turibdi. Mamlakatda norozilik harakati faollariga qarshi repressiyalar avj olgan, ijtimoiy tanglik kuchaygan bir paytda bu kabi bayonot qabul qilishni men mas‘uliyatsizlik, deb hisoblayman. Men va yana boshqa bir qator safdoshlarimiz bu bayonotga qarshi edik.

BBC: Bu kabi bayonotning mavridi bo‘lmagani uchunmi yoki uning mazmuniga qarshimisiz?

Aleksey Saxnin: Biz qator sabablarga ko‘ra, bu bayonotning qabul qilinishiga qarshi edik. Birinchidan, bayonot Rossiyadagi haqiqiy vaziyatga amalda hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi. Ikinchidan, kun tartibidagi masalalarga umuman aloqasi yo‘q va bemavrid. Uchinchidan esa, biz baynalmilalchilar sifatida, umuman, har qanday kamsituvchi qonunlar, jumladan, Markaziy Osiyodagi sobiq vatandoshlarimizning huquqlari cheklanishiga mutlaqo qarshimiz. Biz muhojirlar masalasini qandaydir cheklovlar va repressiv choralar bilan emas, balki ijtimoiy islohotlar vositasida yechish kerak, deb hisoblaymiz.

"Rossiyadagi yirik biznes arzon ishchi kuchiga ehtiyoj sezarkan, hech qanday viza tartibi noqonuniy muhojirlik muammosini hal qilmaydi "

Aleksey Saxnin

BBC: Ya‘ni sizningcha, viza tartibi noqonuniy muhojirlar muammosini hal qilmaydi?

Aleksey Saxnin: Bunga shubha yo‘q. Biz ko‘rayapmiz, masalan, Qo‘shma Shtatlarda, Meksika chegarasidan noqonuniy kirib kelganlarni otib tashlashadi. Ammo bundan noqonuniy muhojirlar soni kamayib qolayotgani yo‘q, qaytaga ko‘paymoqda. Xuddi shunday vaziyat Ovro‘poda ham kuzatiladi. Vaqti-vaqti bilan bizning Rossiya ommaviy axborot vositalari muhojirlar o‘tirgan navbatdagi kemaning cho‘kib ketgani haqidagi xabarni tarqatishadi. Qolaversa, Rossiyada viza tartibi amal qiladigan davlatlardan bo‘lgan noqonuniy muhojirlar ham to‘lib yotibdi. Boy davlatlar uchun xomashyo va arzon ishchi kuchi manbai bo‘lgan qashshoq davlatlar bor ekan, noqonuniy muhojirlik muammosi saqlanib qolaveradi. Rossiyadagi yirik biznes arzon ishchi kuchiga ehtiyoj sezarkan, hech qanday viza tartibi noqonuniy muhojirlik muammosini hal qilmaydi. Qaytaga, bu odamlar Rossiya byurokratiyasiga yanada ko‘proq tobe‘ bo‘lib qolaveradilar. Rossiya byurokratiyasi esa biznes bilan chambarchas bog‘langan.

BBC: Ushbu bayonotning mazmunidan kelib chiqadigan bo‘lsak, Rossiyaning hozirda Putinga qarshi kurashayotgan "tizim tashqarisidagi muxolifat"i asosan, populist va millatchi siyosatchilardan tashkil topgan, deb aytishimiz mumkinmi?

Aleksey Saxnin: Rossiya muxolifati turli-tuman kuchlardan tashkil topgan. O‘ng qanot kuchlar, ya‘ni millatchilar uchun Rossiyadagi muhojirlar hamma muammolarning negizini tashkil etadi. Shu ma‘noda Muvofiqlashtiruvchi Kengashning so‘nggi bayonoti muxolifat ichidagi liberallarning millatchilar tomoniga og‘ishi hisoblanadi. Ko‘pchilik liberallar xalq orasida dastakka ega bo‘lish uchun millatchi shiorlarni qo‘llab-quvvatlashadi. Ammo shunga qaramasdan, millatchi kayfiyatdagilar muxolifat ichidagi ko‘pchilik, deb aytmagan bo‘lardim. Men shaxsan millatchilik kayfiyati rossiyaliklarning ko‘pchiligiga xos ekaniga ham ishonmayman. Muhojirlar masalasi bir necha yirik shaharlardagina dolzarb va bunga ham mavjud ijtimoiy muammolar sababchi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.