BBC navigation

Edika Lyalina: Men uchun haqiqat yuzaga chiqishi va adolat qaror topishi muhim edi

Сўнгги янгиланиш 15 феврал 2013 - 18:20 GMT

BBC mehmoni - moskvalik jurnalist Edika Lyalina.

U o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Bahrom Xurramovni himoya qilish maqsadida kampaniya boshlaganidan keyin "Petrovka, 38" telekanalidagi ishidan ajralgan.

Shu yil yanvar oyining boshida o‘zbekistonlik ko‘cha tozalovchi Bahrom Xurramov 12 yoshli bolaning jag‘ini sindirgani uchun hibsga olingani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Shundan so‘ng hodisa ro‘y bergan maktab yaqinida istiqomat qiladigan moskvaliklar Bahrom Xurramov himoyasiga otlandilar.

Bu kampaniya tashkilotchisi Edika Lyalina bo‘ldi.

Bahrom Xurramov himoyasiga chiqqanlar jag‘i singan 12 yoshli bola qorni atayin ko‘cha tozalovchiga otmaganini, balki bu bola bundan oldin ham muntazam o‘zbekistonlikni tahqirlab kelganini yozib murojaat qilganlar.

Edika Lyalinani 11 yanvar kuni rahbarlari chaqirishgan va uning axloqsiz suratlarini olishganini aytishgan, shuning uchun o‘z ixtiyoriga binoan ariza yozishni talab qilganlar.

Edika giyohvand moddalar iste‘mol qilinayotgan, spirtli ichimliklar bilan tushgan fotosuratlarini hech qachon hech kimdan yashirmaganini aytgan, bu suratlar uning Facebookdagi sahifasiga ancha oldin joylashtirilgan.

"Bu suratlar men "Petrovka, 38"ga ishga joylashishimdan ancha oldin professional fotosuratchi tomonidan narkotiklarga qarshi aktsiya uchun tasvirga olingan. Mening o‘zim hech qachon giyohvand moddalar qabul qilmaganman va spirtli ichimlik ichmayman", deydi Edika Lyalina.

Bahrom Xurramovning ozodlikka chiqarilishini Edika Lyalina o‘zlarining g‘alabasi deb ataydi.

Edika Lyalina Bahrom Xurramov himoyasi kampaniyasining asoschisi bo‘ldi.

O‘zbek muhojiri himoyasiga chiqqan moskvalik jurnalist Edika Lyalinananing BBC o‘quvchilari savollariga javoblariBugungi BBC mehmoni o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Bahrom Xurramovni himoya qilib chiqqanidan so‘ng telekanaldagi ishidan ayrilgan moskvalik jurnalist Edika Lyalina. Edika, dasturimizga xush kelibsiz!

Edika Lyalina: Assalomu alaykum. Mamnunman.

BBC: Suhbatimiz boshida siz bilan yana ham yaqindan tanishib olsak. Qayerda, qanday oilada tug‘ilgansiz? Qayerda o‘qigansiz?

Edika Lyalina: Men Moskvada, moskvaliklar oilasida tug‘ilganman. 12 yoshimdan televideniyeda, ORT telekanalida chiqish qila boshlaganman. Bu bolalarga mo‘ljallangan "Tam-tam novosti" degan teleko‘rsatuv edi. Mening televizion-jurnalistik faoliyatim o‘shandan boshlangan. Men bir necha telekanal, xususan, "1-kanal", "NTV", Rossiya" va "TV-Tsentr" televideniyelarida ishlaganman. Oxirgi paytlarda men asosan kriminal hodisalarga bag‘ishlangan, ana shunday hodisalarni yoritadigan dasturlarda faoliyat yuritayapman. Tabiiyki, dastlab maktabda o‘qidim. Keyin Shabolovkadagi Bolalar tahririyatining "Televideniye maktabi"da tahsil oldim. Shundan keyin Moskva Davlat Madaniyat universitetida "Kino va TV sahnalashiruvchi rejissyori" fakulьtetini tugatdim. Oxirgi paytda Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasining "Petrovka, 38" telekanalida ishladim. O‘sha yerdan meni ishdan bo‘shashim haqida ariza yozishimni so‘rashdi. Turmushga chiqqanman. Bir o‘g‘lim bor, u bu yil 14 yoshga to‘ladi.

BBC: Sizga savol yo‘llagan Farhodxon Muxtorov siz bu kampaniyani boshlaganingizdan afsusda emasmisiz, chunki shu tufayli siz ishsiz qoldingiz, deb so‘ragan.

Edika Lyalina: Yo‘q, men hech ham afsuslanmayman. Mening boshimga "og‘ir ahvolga tushib qolgan odamni qutqarish kerak, buning uchun uning himoyasiga imzo to‘plash kerak", degan fikr kelganida, men buning oxiri mana shunday tugashini xayolimga ham keltirganim yo‘q. Men begunoh insonga yordam berishga qaror qildim. Bunga javoban men ishlagan telekanal rahbariyati ishdan bo‘shatishga qaror qilgani men uchun butkul kutilmagan bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, ish shunday yakunlanganiga afsusda emasman. Chunki adolat yo‘q joyda, adolatni inkor etadigan tashkilotda ishlashni mening o‘zim xohlaymanman.

BBC: Sizga o‘zlarining savollarini yuborgan bir necha o‘quvchimiz "siz Bahrom Xurramov bilan tanish bo‘lganmisiz" deb so‘rashgan.

Edika Lyalina: Bahrom bizning ko‘p qavatli uyimizda bir necha yil ishlagan. Men u bilan shaxsan tanish edim, deb aytolmayman. biz do‘s emas edik. Biz muloqot qilmas edik. U biz uchun har kuni ko‘rib yuradigan tanish inson edi. Biz ertalab uyqudan tursak, uning ishlab yurganini ko‘rardik. Biz ishdan qaytib uyga kelgan vaqtimizda Bahrom ishlab yurardi. Tabiiyki, biz har kuni salomlashardik, bir-birimizdan "kak dela" deb hol-avhol so‘rardik. U har doim hammaga yordam berardi. Kimningdir sumkasini tepaga, uyigacha ko‘tarib chiqardi, kimningdir uyi ostonasidagi qorini kurab berardi. Qisqa qilib aytganda, uni biz har doim yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor inson deb bilganmiz. Biz uni faqat mana shunday tanirdik, men o‘zim shaxsan yaqin tanish bo‘lmaganman.

Shuhrat G‘aniyev, Buxoro Gumanitar huquqiy markazi: Hurmatli Lyalina xonim, avvalambor vatandoshlarim va O‘zbekistonning befarq bo‘lmagan insonlari nomidan Xurramovga yordamingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman. Sizga savolim - nima deb o‘ylaysiz, sizning aktsiyangizni Rossiyadagi boshqa fuqarolik jamiyati faollari davom ettirib keta olishadimi yoki bu o‘zbeklarga nafrat tobora kuchayib borayotganni manzarasida ko‘zga tashlangan yagona hodisa bo‘lib qoladimi?

Edika Lyalina: Mening fikrimcha, bizning mamlakatimizdagi hamma ham odamlarga yordam berishga qodir emas. Bu migrant bo‘lishi shart emas. Ayrimlar hatto o‘zining qarindoshiga, yonida yashayotgan qo‘shni insonga va hatto o‘zining do‘stiga ham yordam berishni istamaydi. Men o‘sha hodisalardan so‘ng har xil maktublar, Internet sotsial tarmoqlarida turli xil xabarlar oldim. Ular orasida salbiylari ham bo‘ldi. Lekin men olgan maktublar orasida butkul begona insonlardan mening qilgan ishimni ma‘qullagan, qo‘llab-quvvatlash izhor etilgan, menga juda yaxshi fikrlar va tilaklar bildirilganlari ancha ko‘p bo‘ldi. Ko‘pchilik chindan ham bu yagona hodisa bo‘lganini yozishayapti. Va odamlar savol berishgan: nega, nima uchun aynan shunday? Men bu ishni boshlaganimda biror bir g‘arazli fikrni o‘ylaganim yo‘q, yoki biror manfaat ko‘zlamaganman. Mening o‘zim uchun og‘ir vaziyatga tushib qolgan insonga yordam berish muhim edi. Men istagan fikr shu bo‘lganki, mening bu ishimdan xabardor bo‘lgan, eshitgan odamlar ham bir o‘ylab ko‘rsinlar, atroflariga qarasinlar. Yon-atrofidagi odamlarga bir qarab, balki unga yordam kerakdir, deb o‘ylab ko‘rsinlar. Chindan ham tan olib aytish kerakki, bu narsa yo‘q. Afsuski, oxirgi paytlarda kamayib ketayapti beg‘araz yordam berish istagi. Bir kishiga yordam berish, ko‘mak qo‘lini cho‘zishni istaydiganlarning soni kamayib borayapti. Chunki har bir inson o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan, o‘y-xayoli faqat o‘zida, atrofidagilarga nima bo‘layapti, ishi bo‘lmay qolgan. Bu narsa meni xafa qiladi. Bunday bo‘lmasligi kerak. Bizning har birimiz yordamga zor bo‘lib qolishimiz mumkin. Ertaga, bir oydan keyin, bir yildan keyin nima bo‘lishini biz bilmaymiz. Shuning uchun odam odamga yordam berishi kerakligini boshqalar o‘ylab ko‘rishlarini istardim. Hayotda adolat qaror topishini istayman men. Agar bir odam begunoh bo‘lsa, unga yordam berish kerak. Hech bo‘lmaganda yordam berishga harakat qilish kerak.

Bo‘ston: Sizga Bahrom Xurramovning o‘zi rahmat aytdimi?

Edika Lyalina: Bahrom Xurramovni ozod qilishgan paytda men sudda bo‘ldim. Men odam bunday paytda qanday ahvolda bo‘lishini juda yaxshi tushunaman. Shuning uchun ham men undan qandaydir minnatdorchilik so‘zlarini kutganim yo‘q. Albatta, uning o‘zi menga rahmat aytdi. Rafiqasi Jamila ko‘p marta menga rahmat, dedi. Albatta, ular mendan minnatdor bo‘lishdi va ularning minnatdorliklari chin dildan ekanini men sezdim. Lekin men to‘g‘risini aytsam, na men, na uni ozod qilish kampaniyasida qatnashgan onam va boshqa qo‘shnilarimiz undan hech narsa kutmaymiz. Biz uchun eng muhimi, insonning erkinlikka chiqqani, adolat qaror topganidir. Uning bo‘yniga qo‘yishgan Jinoiy Kodeks bandi bo‘yicha 5 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Agar bir begunoh odam 5 yilga qamaladigan bo‘lsa, shaxsan men o‘zimni yomon his qilgan bo‘lardim. Shuning uchun u ham, uning qarindoshlari ham minnatdorlar. Va men bir insonga yordamimiz tekkanidan xursandman.

Polvon Jummi: Avvaliga sizga katta rahmat Edika. Ezilgan, kamsitilgan va shunga qaramasdan Rossiya ko‘chalarini tozalashda davom etayotgan o‘zbek farroshlari nomidan. Savolim esa mana bu: jurnalist voqealarni yorita turib jarayonga aralashishi kerakmi?

Edika Lyalina: 10.08 Gap shundaki, men bu ishga jurnalist sifatida bosh qo‘shganim yo‘q. Men bu ishga shu uyda istiqomat qiluvchilardan biri sifatida aralashdim. Bu mening fuqarolik pozitsiyam edi. Men bu ishga jurnalistik ishimni aralashtirmoqchi bo‘lmaganman. Men bunga Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi telestudiyasini ham, misol uchun boshqarmadagi tanishlarni ham qo‘shmaganman. Men uchun, shu uyda yashaydigan odam sifatida yordam berish muhim edi. Men shunday fikrdaman: agar bizning birorta huquqdan foydalanish imkoniyatimiz bo‘lsa, nega biz bu huquqdan foydalanmasligimiz kerak? Agar televidenida, ro‘znomada tanishlarim bo‘lsa va men ulardan kimningdir himoya qilib chiqayotganimni yoritishlarini so‘rasam, buning nimasi yomon? Men buni qandaydir qonunga zid yoki uyat ish, deb bilmayman. Men buni juda normal narsa deb bilaman.

Polvon Jummining ikkinchi savoli: Rossiya jurnalistlarining "O‘zbek o‘ldirdi", "O‘zbek o‘g‘irladi", "O‘zbek zo‘rladi" deb pashshadan fil yasashlariga sizning munosabatingiz qanday?

Edika Lyalina: Bu bizning mamlakatimizdagi eng katta muammo. Chunki Ichki ishlar organlarida ishlab mening o‘zim shunga duch kelganmanki, Rossiya Federatsiyasi, xususan Moskvada sodir etilayotgan jinoyatlarning aksari, afsuski, boshqa mamlakatlardan kelgan insonlar, o‘zbekistonliklar, tojikistonliklar tomonidan sodir etiladi. Lekin hammani ham bir qarich bilan o‘lchamaslik kerak. Chunki har bir millat ichida yaxshisi ham bor, yomoni ham. Qonunga bo‘ysunuvchisi ham, jinoyatchisi ham. Afsuski, bizning vatandoshlarimizda shunday fikr shakllandiki, agar kimdir chetdan kelgan bo‘lsa, ayniqsa, migrant bo‘ladigan bo‘lsa, u avvalboshdanoq aybdor. Ko‘p hollarda bizning mahkamalarimiz o‘zlarini urintirib o‘tirishni xohlamaydilar: jinoyat ishi bormi, band bormi, bo‘ldi. Shuning o‘zi yetarli. Kim isbot-dalilni talab qilib o‘tiripti? Sen kelgindimisan, aybdorsan. Qamoqda o‘tirishing kerak, deb aytishadi hakamlar. Mana shunday yo‘l tutishlarini bilganim uchun ham Bahrom Xurramovni himoya qilishga chiqqan bo‘lsam kerak men. Agar bu ish sinchiklab tergov qilinishiga ishonch hosil qilsam, hamma narsa puxta tekshirilishini bilsam, men adolatli mahkamaga umid qilib hech narsa qilmay o‘tirgan bo‘lardim. Bu mamlakatda yaqinlari ham, tanishlari ham yo‘q inson ustidan adolat yuzaga chiqishi uchun tergovning to‘g‘ri yo‘nalishdan borishi men uchun muhim edi. Shuning uchun men xatoga yo‘l qo‘yilmasligini istaganman va himoyaga chiqqanman.

Samo: Avvalambor, shunday savob ishga qo'l urganingiz uchun katta rahmat. Sizday shijoatli jurnalistga yaxshiroq ish albatta topiladi. Mening savolim: Moskvada va umuman Rossiyada muhojirlarga nisbatan salbiy munosabat ma'lum, va buning ob'ektiv va sub'ektiv sabablari keng yoritilgan. Shuning uchun Xurramovga nisbatan Moskvaliklarning g'amxo'rligi meni ma'lum darajada ajablantirdi. Sizningcha, bu xolat muhojirlarga nisbatan jamoat fikrining ilishining boshlanishimi yoki faqat bir martalik hodisami?

Edika Lyalina: Bu bir martalik xodisami yoki yuk, men konkret insonni ximoya kilib chikdim. Men uchun uning kim ekanligi muxim emas edi. U kushnimi, dustmi, kucha tozalovchimi, mening uchun farki yuk edi. Men insonning aybi yukligini bilar edim, shuning uchun men uni ximoya kilishga axd kildim.

BBC: Rossiyada muhojirlarga nisbatan salbiy munosabat shakllanganining sababi nimada, degan savolni bir necha o‘quvchimiz bergan.

Edika Lyalina: Men vatandoshlarim uchun uyatli deb biladigan narsa, nimagadir oxirgi paytlarda shunday bir qoidami, bir tartib keng tarqaldiki, agar kimningdir bu mamlakatda huquqi bo‘lmasa, uni haqoratlash mumkin, uni xafa qilish mumkin. Shunday taassurot uyg‘onadiki, go‘yo bir necha asr oldin bekor qilingan quldorlik tuzumi mamlakatimizga qaytib kelgandek. Bizda qurilishlarda ishlayotganlar, ko‘chalarni tozalayotganlar amalda qullardir. Chunki ular arzimagan chaqa uchun ishlaydilar. Ular uchun belgilangan maosh ular o‘z qo‘liga olayotgan mablag‘dan, bilmayman, qanchalar ko‘p. Bu odamlarning asosiy kamchiligi, ular o‘zlariga nisbatan shunday munosabatda bo‘lishlariga qo‘yib berishlaridir. Demak, bu odamlar 6000 rublga ishlashga ko‘nayotgan ekanlar, ularning ustida ularga mo‘ljallangan maoshning asosiy qismini, 20 ming, 40 mingni o‘z cho‘ntagiga urayotgan insonlar, bu mehnatkashlarning "xo‘jayinlari" bor. Bizning jamiyatda qatlamlar har doim bo‘lgan. Bugungi o‘rta yoki boy qatlam odamlarida muhojirlarga oyog‘ini artib tashlaydigan lattadek qarash shakllangan. Muhojirlarga salbiy munosabatning bitta sabablaridan biri bu. Eng yomoni, bugungi kunga kelib, bunday munosabatni ko‘rib katta bo‘layotgan bolalarning muhojirlarga bepisand munosabati. Bunday bolalar ota-onalaridan o‘rnak olib, qora ishlarni bajarishga rozi bo‘layotgan odamlarni haqoratlashga, so‘kishga o‘rganishayapti. Bunday bo‘lishi kerak emas. Bu mutlaqo noto‘g‘ri.

BBC: Siz endi bundan keyin nima qilmoqchisiz? O‘zingizning ishingizga qayta tiklanishga harakat qilasizmi yoki boshqa ish topishni xohlayapsizmi?

Edika Lyalina: Men boshqa ish topdim. Men federal kanal hisoblangan "5-kanal"ga ishga kirdim. Uning Moskvada muxbirlik puntki bor. U yerda men yana kriminal yangiliklar bo‘limiga kishga kirdim. Men nima bo‘lgan bo‘lmasin, hammasi yaxshilikka, deb qabul qiladigan odamman.

BBC: Hurmatli Edika, sizga maktub yo‘llagan o‘quvchi va radiotinglovchilarimizga qanday tilaklaringiz bor?

Edika Lyalina: Sizlarga katta rahmat. Hamma tinglovchilarga barcha ezguliklarni tilayman. Eng muhimi, atrofingizda nimalar bo‘layotganiga e‘tiborli bo‘ling! Qanday muammo bo‘lmasin, ularga befarq qolmang!

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.