BBC navigation

'Rossiya osmonida meteorit yomg'iri emas, meteorit portlashlari yuz bergan'

Сўнгги янгиланиш 16 феврал 2013 - 18:15 GMT

Mutaxassislarga ko'ra, 10 tonnalik temir meteorit Erning atmosfera qatlamiga kirganida uch marta portlash yuz bergan.

Portlash Rossiyaning Chelyabinsk shahri yaqinida kuzatilgan, natijada ko'plab binolarning oynalari singan.

Qariyb 1200 kishi jarohatlangan.

Yaralanganlarning aksari parchalangan oyna siniqlaridan jarohat olganlar.

Rossiya Favqulodda vaziyat vazirligi meteorit portlashlari yuz bergan hududga o'z mutaxassislarini yuborgan.

Favqulodda holat mutaxassislarining soni 20 ming kishi ekani xabar qilingan.

Prezident Vladimir Putin ko'makka muhtojlarga zudlik bilan yordam ko'rsatish lozimligini ta'kidlagan.

Prezident Putin meteorit aholi yashaydigan joyga tushmaganiga Xudoga shukur qilishini aytgan.

Chelyabinsk qator sanoat korxonalari, atom elektr stantsiyasi joylashgan shahardir.

Meteorit qoldig'i Chelyabinskka yaqin Chebarko'lga borib tushgani xabar qilinmoqda.

Chelyabinsk viloyati gubernatori Mixail Yurevich so'zlariga ko'ra, meteorit portlashlaridan ko'rilgan zarar 1 milliard rubldan, 33 million AQSh dollaridan ziyodni tashkil etishi mumkin.

Chelyabinsk rasmiylariga ko'ra, taxminan 100 ming xonadonga zarar etgan.

Hozirgi qish paytida eng asosiy vazifa derazalarga oyna o'rnatish bo'ladi.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi e'lon qilgan bayonotga ko'ra, Uralskiy Federal okrugi ustida meteorit yomg'iri emas, meteorit portlashi yuz bergan.

Rus Jo'g'rofiy jamiyatining mintaqaviy bo'limi rahbari Sergey Zaxarov yozishicha, meteorit yomg'iri portlashday xavfli emas.

Meteorit yomg'iri osmondan tosh yog'ishiga o'xshaydi.

Chelyabinsk osmonida meteorit portlashining kuchi Xirosima shahriga tashlangan bomba kuchining yarmiga teng bo'lgan.

Meteorit sekundiga 30 kilometr tezlik bilan Erning atmosfera qatlamiga kirgan.

Meterit Erdan 60-70 kilometr balandlikda bo'lgan paytida birinchi portlash yuz bergan.

Ana shu portlash Chelyabinsk shahridagi uylarning oynalarini sindirib yuborgan.

Mahalliy aholiga ko'ra, Chelyabinsk viloyatida 1949 yili ham meteorit yomg'iri kuzatilgan.

Odamlar 300 kilogrammcha fazodan tushgan toshlarni yig'ib olimlarga olib borib berishgan.

1908 yil 17 iyunida Sibirga fazoviy jism tushgan, Tungus meteoriti deb nom olgan.

Uning kometa bo'lagi ekani ham taxmin qilinadi.

Uning erga tushishi oqibatida 2000 kvadrat kilometr masofadagi hamma narsani butkul vayron qilgan.

Juda uzoq-uzoq masofalardagi uylarning ham derazalarini sindirib yuborgan.

Bir necha kun mobaynida o'rmon yongan.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.