BBC navigation

Armaniston: yangi prezident saylovlarida yangilik kutilmayapti

Сўнгги янгиланиш 18 феврал 2013 - 13:50 GMT

Serja Sarkisyanga munosib raqib bo‘ladiganlar adolatli saylovdan umid qilmay, o‘z nomzodlarini qatarib olishgan.

Armanistondagi olti nomzod ishtirok etayotgan prezident saylovi natijalari hali noma‘lum bo‘lsada, aksariyat tahlilchilar amaldagi prezident, Respublika partiyasi rahbari Serj Sarkisyan o‘z lavozimini saqlab qolishi va keyingi besh yilda davlat tepasida bo‘lishiga shubha qilishmayapti.

Armanistonda saylov uchastkalari ertalabki 8 da ochilgan.

Saylovlarga faqat Armaniston hududidan turib ovoz berish mumkin.

Xorijda saylovlarda faqat arman diplomatlari va ularning oila a‘zolari qatnasha oladilar.

Saylovoldi janjallar

Armanistonda prezidentlikka nomzod, sobiq dessident Paruyr Ayrikyanga suiqasd katta gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi.

Paruyr Ayrikyan Armaniston mustaqilligi uchun kurashgan va 17 yil sovet qamoqlarida o‘tirib chiqqan. Paruyra Arukyan o‘ziga qilingan suiqasdga hamma nomzodlarni aybdor hisoblagan. Uning aytishicha, suiqasd qilingach, saylov kampaniyasi to‘xtatilmagan. Politsiya ikki kishini suiqasdda gumonlab qo‘lga olgan. Biroq Armanistonda ko‘pchilik suiqasdni Arukyanning o‘zi tomonidan tashkil qilingan deb ishonadi.

Nomzodlarning eng yoshi biznesmen Andrias Gukasyan amaldagi prezidentning nomzodini bekor qilishga chaqirib ochlik e‘lon qilgan.

Raqiblarning chekinishi

Yanvar oyida Ovro‘po Kengashining Parlament assambleyasi Armanistondagi asosiy partiyalardan nomzodlar saylovlarning adolatli o‘tishiga ishonmasliklarini aytib o‘z nomzodlarini qaytarib olishlaridan xavotirini izhor qilgan.

Birinchi arman prezidenti Levon Ter Petrosyan 2008 yilda Sarkisyanning asosiy raqibi bo‘lgan edi. 2008 yilgi saylov natijalaridan keyin norozilikda "rangli inqilob" bo‘lishiga bir bahya qolgani aytiladi.

Serj Sarkisyanning 2008 yilgi saylovlarda g‘alabasi muxolifat va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvni keltirib chiqargandi.

O‘shanda bostirilgan namoyishda 10 kishi halok bo‘lgan.

Muxolifat saylovlarni soxtalashtirilganini aytib norozilik bildirishgan, biroq Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti saylovlarni xalqaro normalarga javob berganini bildirgan edi.

Endi Ter Petrosyanning o‘rniga sobiq bosh vazir Grant Bagratyan qatnashmoqda. Lekin u "Arman milliy kongressi"ning rasmiy qo‘llab-quvvatlovidan mahrum qilingani sababli, muxolifatning to‘laqonli a‘zosi bo‘lolmaydi.

Sarkisyanning raqiblaridan biri millioner Gagik Tsarukyan 2012 yil dekabrda prezident bilan uchrashgandan so‘ng saylovda qatnashishdan voz kechgan.

Saylovdagi nomzodlarning hammasi Armanistondagi ishsizlik muammosini, minglab erkaklarning xorijga, asosan Rossiyaga chiqib ketayotgani muammosini hal qilishga va‘da bermoqda.

"Meros" partiyasining rahbari Raffi Ovanesyan esa o‘zi saylangan taqdirda, Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining mustaqilligini e‘lon qilishini aytgan.

Bashoratlarga qaramasdan Sarkisyan g‘alaba qozonmasligi mumkinmi?

Hozircha bunday fikr aytilmayapti. Kuzatuvchilarga ko‘ra, amaldagi prezidentning saylovdagi g‘alabasiga soya soladigan narsa bo‘lsa, u ham saylovchilarning saylov uchastkalariga kam kelayotgani deyish mumkin. So‘rovlarga ko‘ra, ko‘pchilik armanistonliklar natijasi shundoq ham aniq bo‘lgan saylovlar ular uchun qiziq emasligini aytishgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.